O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga mansub mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ramzi ekanini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash maqsadida:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 1-sentabr juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2017-yil 1-sentabr mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.

2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa barcha mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 24-avgust