O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda iqtisodiyotni har tomonlama va jadal rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar, shuningdek sanoatni modernizatsiya qilish va zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni barpo etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, tahlillar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarning samarali bajarilishiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga g‘ov bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan qator kamchiliklar mavjudligini, xususan:

birinchidan, davlat ahamiyatiga molik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta’minlovchi loyiha boshqaruvining yagona tizimi mavjud emasligini;

ikkinchidan, loyihalarni amalga oshirish sur’ati va samaradorligini tezkor kuzatish imkonini beruvchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqaruv jarayoniga yetarlicha joriy etilmaganligini;

uchinchidan, davlat va hududiy dasturlarni, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik darajasining pastligi mazkur sohada moliyaviy mablag‘lar maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiiste’molchilik holatlarini keltirib chiqarayotganligini;

to‘rtinchidan, davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari shaffofligini ta’minlovchi davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi)ning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan yagona axborot maydonining mavjud emasligini;

beshinchidan, amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asoslantirilganligi va rentabelligini tahlil qilish hamda baholash, shuningdek ularning qiymatini oshirib ko‘rsatish va boshqa suiiste’molchiliklar alomatlarini aniqlash bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligini;

oltinchidan, tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqiqiy bozor qiymatini aniqlash imkonini beradigan yagona klassifikator ishlab chiqilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat organlari faoliyati, shu jumladan davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Loyiha boshqaruvining yagona axborot tizimini yaratish orqali davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari amalga oshirilishini, moliyaviy mablag‘lar sarflanishini boshqarish mexanizmlarining samaradorligi va shaffofligini yanada oshirish, shuningdek 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi:

har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini joriy etishni;

uch o‘lchamli loyihalash texnologiyasidan foydalangan holda resurslar hisobini yuritish, loyiha bo‘yicha qabul qilingan qaror samaradorligini baholash, resurslar miqdori va turlari to‘g‘ri belgilanganligini aniqlashni;

loyihaoldi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli jarayonlardan o‘tkazish, ijro intizomiga rioya etish, ish yurituvi, hisobotlar tuzish ustidan elektron nazorat o‘rnatishni;

davlat xaridlarining shaffofligini va suiiste’molchiliklarning oldini olishni ta’minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizim tashkil etishni;

ishlar bajarilishi va dasturlar ijrosining haqiqiy holatini aks ettiruvchi kalendar-tarmoq rejalashtirishni joriy etishni, shuningdek xabardor qilish tizimiga ega reja va jadvallarni shakllantirishni;

boshqaruv qarorlari qabul qilishning nazorat-tahliliy ta’minotini nazarda tutadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;

resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini yuritish;

davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga ko‘maklashishni ta’minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta’minlash;

loyihalarni, shu jumladan amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste’molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish;

loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

3. Belgilansinki:

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan o‘rinbosarlariga ega;

Agentlik direktori maqomi, tibbiy va transport ta’minoti shartlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisiga, direktor o‘rinbosarlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Agentlik direktori va xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadi.

4. Agentlikka, istisno tariqasida:

tender savdolari o‘tkazmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish uchun zarur bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida asbob-uskuna, texnika va materiallar, ehtiyot qismlari, dasturiy mahsulotlar, butlovchi buyumlarni yetkazish bo‘yicha shartnomalar tuzishga;

yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga hamda ularga O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash bilan kelishgan holda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada ish haqi va boshqa to‘lovlar belgilashga ruxsat etilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Agentlikning buyurtmalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish doirasida jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Agentlikning buyurtmalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish doirasida jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularni vaqtincha propiska qilish, turar joyi bo‘yicha hisobga olishni hamda vaqtincha propiska qilish va turar joyi bo‘yicha hisobga olish uzaytirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Agentlikning buyurtmalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishga ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini ishlab chiqish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish uchun xorijiy investorlar mablag‘larini, shu jumladan xalqaro moliya institutlari kreditlari va zayomlarini jalb etishga har tomonlama ko‘maklashsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur Farmon va O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi joriy etilishi bilan bog‘liq boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Bosh prokuraturasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini va O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi
Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 24-iyul

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini 
joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
 
SHARH

Boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish jarayonida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni qo‘llashga asoslangan innovatsion yondashuvlarni joriy etish bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish va davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ushbu sohaga oid normativ-huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.

Xususan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish doirasida 2013-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi.

Ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish maqsadida Yagona portal davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot tizimlari hamda resurslariga integratsiya qilindi. Buning natijasida hozirgi paytda portal tomonidan 300 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarning samarali bajarilishiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga g‘ov bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator kamchiliklar mavjudligini, xususan:

davlat ahamiyatiga molik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta’minlovchi loyiha boshqaruvining yagona tizimi mavjud emasligini;

loyihalarni amalga oshirish sur’ati va samaradorligini tezkor kuzatish imkonini beruvchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqaruv jarayoniga yetarlicha joriy etilmaganligini;

davlat va hududiy dasturlarni, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik darajasining pastligi mazkur sohada moliyaviy mablag‘lar maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiiste’molchilik holatlarini keltirib chiqarayotganligini;

davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari shaffofligini ta’minlovchi, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan yagona axborot maydonining mavjud emasligini;

amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asoslantirilganligi va rentabelligini tahlil qilish hamda baholash, shuningdek ularning qiymatini oshirib ko‘rsatish va boshqa suiiste’molchiliklar alomatlarini aniqlash bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligini;

tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqiqiy bozor qiymatini aniqlash imkonini beradigan yagona klassifikator ishlab chiqilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh qilish sharoitida resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlovchi, loyiha boshqaruvi prinsiplariga asoslangan qarorlar qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va nazorat qilishning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan, qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan davlat dasturlari amalga oshirilishini, moliyaviy mablag‘lar sarflanishini boshqarish mexanizmlarining samaradorligi va shaffofligini yanada oshirish, shuningdek 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi yaratilmoqda. Mazkur tizim:

har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini joriy etishni;

uch o‘lchamli loyihalash texnologiyasidan foydalangan holda resurslar hisobini yuritish, loyiha bo‘yicha qabul qilingan qaror samaradorligini baholash, resurslar miqdori va turlari to‘g‘ri belgilanganligini aniqlashni;

loyihaoldi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli jarayonlardan o‘tkazish, ijro intizomiga rioya etish, ish yurituvi, hisobotlar tuzish ustidan elektron nazorat o‘rnatishni;

davlat xaridlarining shaffofligini va suiiste’molchiliklarning oldini olishni ta’minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizim tashkil etishni;

ishlar bajarilishi va dasturlar ijrosining haqiqiy holatini aks ettiruvchi kalendar-tarmoq rejalashtirishni joriy etishni, shuningdek xabardor qilish tizimiga ega reja va jadvallarni shakllantirishni;

boshqaruv qarorlari qabul qilishning nazorat-tahliliy ta’minotini nazarda tutadi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bevosita rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etildi va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;

resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini yuritish;

davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga ko‘maklashishni ta’minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta’minlash;

loyihalarni, shu jumladan amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste’molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish;

loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish o‘ta muhimligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Farmon talablarining so‘zsiz ijro etilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash yuklatildi.

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirishga, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishni ta’minlashga, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olishga, shuningdek ijro intizomini mustahkamlashga, buning natijasida, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish va xalqning farovonlik darajasini yuksaltirish borasida ko‘zda tutilgan islohotlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.