Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatda mahalliy zargarlik tarmogʻini tiklash va rivojlantirish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyatining berilishi ishlab chiqarilayotgan mahalliy zargarlik mahsulotlari hajmini kengaytirish imkonini yaratdi.

Shu bilan birga, sohada tizimli kamchiliklarning mavjudligi investitsiyalarni faol jalb qilish, sifatli zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha faoliyat yuritayotgan quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini tashkil etish, ushbu mahsulotlar eksportini kengaytirishga toʻsqinlik qilib, tarmoq rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Sifatli va raqobatbardosh zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoqqa chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, respublika zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartibni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlganmahalliy ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqaruvchining roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsiy tamgʻasini buyumga bosish sharti bilan davlat asillik darajasi belgisini majburiy ravishda qoʻymasdan oʻzi ishlab chiqargan, zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning (keyingi oʻrinlarda – zargarlik buyumlari)asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izlarini qoʻyish huquqi berilsin.

Bunda tamgʻalash va asillik darajasi belgisini qoʻyish tartibini buzgan hamda koʻrsatilgan namunaga muvofiq kelmaydigan zargarlik buyumlarini sotuvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar zargarlik tarmogʻidagi nohalol tadbirkorlik subyektlari reyestriga kiritiladi, ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan, shu jumladan, litsenziya yoki ruxsat beruvchi boshqa hujjatning amal qilishini toʻxtatish boʻyicha taʼsir choralari qoʻllaniladi;

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni mustaqil ravishda chakana tartibda sotish, shuningdek, aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni ishlab chiqarish maqsadlarida sotib olish huquqiga ega;

ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan yoki davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni sarflash, hisobini yuritish va saqlash tartibini mustaqil ravishda belgilaydilar;

jismoniy shaxslarga qiymati 5 000 (besh ming) AQSH dollaridan ortiq boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi;

zargarlik buyumlarining chakana savdosi ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim obyekti hisoblanmaydi;

tadbirkorlik subyektlari oltin izlovchilik faoliyati doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni taʼminlash uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni qazib olishi mumkin;

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasida ixtiyoriy asosda yagona tashkilotga birlashish orqali ishtirok etgan taqdirda, ularga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, shuningdek, uyushma aʼzolarining imtiyoz va preferensiyalari tatbiq etiladi.

2. Tijorat banklari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga quyidagi huquqlarberilsin:

“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJdan qimmatbaho metallarni (oltin va kumush) oʻlchov plastinalari koʻrinishida, shuningdek, 5 gramm va undan ortiq boʻlgan ogʻirlikdagi granulalarni (qimmatbaho metallar sof ogʻirligiga qayta hisoblaganda) London qimmatbaho metallar birjasining tonggi fiksingi asosida milliy valyutada sotib olish;

sotib olingan qimmatbaho metallarni boshqa zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga sotish.

“Oʻzstandart” agentligi “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi, “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandni amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashni inobatga olgan holda Qimmatbaho metallar (oltin va kumush) oʻlchov plastinalari hamda granulalarining davlat standartini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

3. 2019 yil 1 iyundan boshlab qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan milliy valyutadagi tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq kreditlar boʻyicha 5 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismida qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali mahalliy zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy etilsin.

Moliya vazirligi zaruratga qarab, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga mazkur bandda koʻrsatilgan maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan 2019-2020 yillarda 40 milliard soʻmgacha miqdorda mablagʻ ajratsin.

4. Oʻzbekiston Banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallarni sotib olishi uchun qisqa muddatli revolver (qayta tiklanuvchi) kreditlarni ajratish amaliyotini kengaytirsin.

5. 2022 yilning 1 iyuliga qadar:

qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish oboroti qoʻshilgan qiymat va aksiz soligʻidan;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi loyihasiga mazkur bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini kiritsin.

6. 2019 yil 1 iyuldan boshlab navbatdagi yilga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari shakllantirilayotganda miqdorini har yili indeksatsiya qilgan holda, oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana savdoda sotganlik uchun 1 grammiga 1 000 (bir ming) soʻm miqdorida yigʻim joriy etilsin.

7. 2019-2023 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda 2020 yilning oxiriga qadar tadbirkorlik subyektlari ishtirokida har bir hududda kamida ikkita, Toshkent shahrida esa – kamida oʻnta tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha boʻlgan toʻliq jarayonni oʻz ichiga oluvchi zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda aniq tashabbuskorlar, joylashtirish manzili, moliyalashtirish manbalari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish (sotish) hajmlarini koʻrsatgan holda zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish jadvalini tasdiqlash, shuningdek, mazkur markazlarni tashkil etish boʻyicha boshqa zarur tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda 2-ilovaga muvofiq zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari faoliyatini tashkil etish uchun obyektlarni “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga topshirsin.

9. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Zargarlik tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 5 milliard soʻm miqdoridagimablagʻlari, 2020-2021 yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti shakllantirilayotganda oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yigʻimning 50 foizidan kam boʻlmagan miqdori tushishi hisobiga zarur mablagʻlarni nazarda tutish;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

11. Belgilansinki, Jamgʻarmaning mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama, shu jumladan, istiqbolli investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish orqali qoʻllab-quvvatlash;

isteʼmol bozorida sifati past, kontrafakt zargarlik buyumlarining sotilishi, shuningdek, ularning noqonuniy muomalasiga yoʻl qoʻymaslik uchun jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

zargarlik tarmogʻi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazlarini tashkil etish;

mahalliy zargarlik brendlarini ilgari surishga, shu jumladan, mamlakatimizda va xorijda zargarlik koʻrgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning shunday tadbirlarda keng ishtirokini taʼminlash orqali koʻmaklashish;

oʻzini oʻzi moliyalashtirish shartlarida, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini tahlil qilish va asillik darajasini nazorat qilish shoxobchalarini (mini-laboratoriyalarini) tashkil etish;

zargarlik tarmogʻidagi xorijiy maslahatchilar va ekspertlarni jalb qilish, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining aʼzolari va xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, uning xodimlarini ish haqi bilan taʼminlash.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (keyingi oʻrinlarda – Asillik darajasini belgilash palatasi) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Asillik darajasini belgilash palatasining faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.

13. Tadbirkorlik subyektlariga vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida affinaj faoliyati bilan shugʻullanish, shu jumladan, quyidagi huquqlar berilsin:

qimmatbaho metallarni sotib olish va sotish uchun birja savdolarida ishtirok etish;

aholidan qimmatbaho metallarni, shu jumladan, oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni, zargarlik buyumlarini, ularni ishlab chiqarishdan hosil boʻlgan parchalar va chiqindilarni sotib olish;

qimmatbaho metallarni sotib olish va sotish shoxobchalarini, shu jumladan, mamlakatimiz hududlarida ochish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda affinaj faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomini tasdiqlasin.

14. Belgilansinki, davlat daromadiga qaratilgan qimmatbaho metallarning parchalari hamda qimmatbaho metallar, yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar hamda marvariddan yasalgan buyumlar koʻrinishidagi boyliklar, egasiz boyliklar, xazinalar, shuningdek, mulkdorlar tomonidan davlat daromadiga bepul topshirilgan boyliklar (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda madaniy qimmatga ega boʻlgan buyumlar bundan mustasno) zargarlik tarmogʻining manfaatdor qatnashchilariga oldindan toʻliq haq toʻlash sharti bilan quyidagi tartibda sotiladi:

qimmatbaho metallar – toʻlov hisobi yozilgan sanadagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha;

yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar hamda marvarid – tegishli xarajatlar xaridorlar tomonidan qoplangan holda, baholash tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilgan baholash asosida.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining buyurtmanomalari asosida 2019/2020 oʻquv yilidan boshlabToshkent davlat texnika universitetida “Zargarlik buyumlari dizayni” yoʻnalishi boʻyicha alohida guruhlarni tashkil etgan holda zargarlik tarmogʻi uchun kadrlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarida zargarlik tarmogʻi mutaxassislari tayyorlanishini taʼminlasin.

16. 2020 yildan boshlab xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmogʻi vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “UzbekJewelleryFair”zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro koʻrgazma-savdosini oʻtkazish amaliyoti joriy etilsin.

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda tashkil etiladigan koʻrgazmalarda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan zargarlik buyumlari sotilishining soddalashtirilgan tartibini nazarda tutgan holda bir oy muddatda koʻrgazma-savdoni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Davlat soliq qoʻmitasi Oliy sud, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni qoʻllagan holda asillik darajasini belgilash va tamgʻalashning belgilangan tartibini buzgan holda, shuningdek, kirim qilinmagan zargarlik buyumlarini sotganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda – zargarlik buyumini musodara qilmagan holda uning qiymatining 50 foizi miqdorida jarima solish koʻrinishidagi moliyaviy jazo;

ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilganda – zargarlik buyumini musodara qilish yoki uning qiymatining 100 foizi miqdorida jarima solish koʻrinishidagi moliyaviy jazo.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qayta ishlanishini taʼminlasin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:

qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish;

zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamgʻalash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qoʻllagan holda takomillashtirish;

qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq chegaralash;

tarmoqqa investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish va raqobat muhitini yaxshilash.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat bojxona qoʻmitasi, Asillik darajasini belgilash palatasi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda zargarlik buyumlari noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish, shu jumladan, tegishli tarzda tamgʻalanmagan va asillik darajasi boʻlmagan qalbaki buyumlarning chakana savdoda sotilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha hamkorlikdagi harakatlarning kompleks rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

20. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda zargarlik tarmogʻida yaratilgan qulay imkoniyatlar, qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyati va mazmuni toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:

ikki oy muddatda oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun respublikada mavjud boʻlgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarning konlarini xatlovdan oʻtkazsin;

mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va takror ishlab chiqarish yillik dasturi doirasida zargarlik va badiiy tovarlarning sanoat ehtiyojlari uchun yaroqliligini hisobga olgan holda qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni razvedka qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirsin.

22. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro tajribani oʻrganish asosida ikki oy muddatda respublikada metallar bilan bogʻliq bitimlarni tuzishga ixtisoslashgan tovar birjasini tashkil etishga doir taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining zargarlik tarmogʻini tartibga solish boʻyicha ayrim funksiyalari va vakolatlari Asillik darajasini belgilash palatasiga berilganligini inobatga olib, mazkur agentlikning faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar kiritsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

26. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Markaziy Bank, Moliya vazirligi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi va manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 18 may

 

O’zA