Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar fuqarolarning zamonaviy tibbiy xizmatlarga, dori-darmonlar bilan taʼminlanishiga boʻlgan imkoniyatlarini kengaytirdi, shuningdek, koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi yaxshilanishiga olib keldi.

Oʻtkir va murakkab kasalliklarni davolashda xalq tabobati muhim ahamiyat kasb etadi, tabiblarning xizmatlariga aholining turli qatlamlarida katta ehtiyoj sezilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi vaziyatning tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, xalq tabobati yoʻnalishida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelmoqda, xususan:

birinchidan, xalq tabobati xizmatlari koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza yaratilmagan, tabiblarning huquq va majburiyatlari aniqlanmagan, xalq tabobati usullari bilan davolovchi shaxslar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va xavfsizligi ustidan davlat nazorati amalga oshirilmayapti;

ikkinchidan, xalq tabobati usullari bilan tibbiy yordam koʻrsatuvchilarning mijozlar sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun masʼuliyati belgilanmagan, shuningdek, xalq tabobati vakillarining huquqlarini asossiz aralashuvlardan himoya qilish kafolatlanmagan;

uchinchidan, kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashda zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va integratsiyani boshqarishning tartib va mexanizmlari mavjud emas;

toʻrtinchidan, xalq tabobati vakillari, ularning tajriba va ish natijalari, ular koʻrsatadigan xizmat turlari haqida va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi xalq tabobati boʻyicha tizimlashtirilgan yagona maʼlumotlar bazasi mavjud emas.

Xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, toʻplangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:

1.Quyidagilar belgilansin:

xalq tabobati aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida eʼtirof etiladi;

xalq tabobati usulida xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda (tibbiy taʼlim maʼlumoti mavjudligi talabi bundan mustasno) amalga oshiriladi;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi shaxslar oʻz faoliyatining natijalari boʻyicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadilar;

tibbiy xizmat koʻrsatishga nisbatan qoʻyilgan talablar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan shaxslarga ham tatbiq etiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan talablarni, shuningdek, xizmat koʻrsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ hisoblanadi.

2.Xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar eʼtirof etilsin:

xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, koʻrsatadigan xizmat turlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish;

koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining koʻp yillik koʻnikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish;

xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sogʻlomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish.

3. Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Q.Shodmonov –ushbu Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini tartibga solish va yanada rivojlantirish boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov – ushbu qaror asosida vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning samarali va lozim darajada bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha shaxsan javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

4.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining:

respublika tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiyot-pedagogika ishi” bakalavriat yoʻnalishlaridagi oʻquv dasturlariga xalq tabobati boʻyicha maxsus oʻquv siklini joriy etish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kursini tashkil qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiya tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir hafta muddatda Maxsus komissiya tarkibini shakllantirsin va tasdiqlasin.

5.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi zimmasiga xalq tabobatini rivojlantirish va xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatish faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini taʼminlash doirasida:

xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha

oʻquv jarayonini tashkillashtirish, shuningdek, oʻzbek xalq tabobatining boy tarixiy anʼanalari va noyob merosini oʻrganish, xalq tabobati yoʻnalishlarini tizimlashtirishda tashkiliy va uslubiy yordam boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;

boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini ifodalovchi taniqli tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish vazifalari yuklansin.

6.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a)2018-yil 15-noyabrga qadar:

davlat taʼlim standartlarining talablari asosida xalq tabobati boʻyicha oʻquv dasturini;

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishga moʻljallangan binolarning sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin;

b)2018-yil 1-dekabrga qadar:

xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishda ishlatiladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan, tibbiy texnikaga nisbatan minimal talablarni;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat koʻrsatish tartibi va hajmlari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018 yil oxiriga qadar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribalari, xizmat koʻrsatish turlari, aloqa va boshqa maʼlumotlarni qamrab olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishni, ommabop foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining veb-saytiga joylashtirishni, shuningdek, ushbu turdagi tashkilotlar faoliyatini litsenziyalash amalga oshirilishi bilan bazani doimiy ravishda yangilanib borishni taʼminlasin;

g)“Xalq tabobati” yoʻnalishini tibbiy faoliyat amalga oshiriladigan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasiga kiritsin;

d)ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7.Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8.Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritish boʻyicha muntazam chiqishlar hamda mavzuli koʻrsatuv va eshittirishlarni tashkillashtirsin.

9.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 12-oktyabr