O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Uzluksiz ta’lim yagona tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning munosib shart-sharoitlarini yaratish, yuqori malakali kadrlarni, shu jumladan, yosh bitiruvchilarni jalb etish, jamiyatda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglarining nufuzini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari ayrim toifalarining:
a) 2018-yil 1-martdan boshlab – mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini 30 foizga;
b) 2018-yil 1-sentabrdan boshlab:
tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda 30 foizga;
oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma’lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini 20 foizga;
maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini 10 foizga tabaqalashtirib oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar saqlangani uchun amaldagi ota-onalar to‘lovi miqdori 2023-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda ikki baravar pasaytirilsin.
3. 2018-yil 1-martdan boshlab davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachining yordamchisi mehnatiga haq to‘lash tartibi bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib joriy etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2018-yilda ushbu qarorga muvofiq davlat ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga moliyalashtirilishini ta’minlasin, 2019-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu xarajatlarni nazarda tutsin;
davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasini shakllantirishga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash fondining qat’iy ravishda 15 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin, davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xarajatlari smetalarida ular alohida satrda ajratilishini nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son qarorining 32-ilovasiga ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov va maktabgacha ta’lim vaziri A.V.Shin zimmasiga yuklansin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 28-fevral
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
Mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan hozirda uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish va faoliyatini takomillashtirish, tarbiyalanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini e’tirof etishimiz mumkin.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yillar mobaynida maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar va pedagog xodimlarning, maktabgacha ta’lim muassasasidagi ta’lim-tarbiyaga mas’ul xodimlarning mehnatini rag‘batlantirishga yetarli darajada e’tibor qaratilmagan.
Masalan, 1993-yilga qadar maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyachisi va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mehnatiga haq to‘lash miqdori bir xil bo‘lgan bo‘lsa, Hukumatning alohida qarorlari bilan hozirga qadar umumta’lim maktablari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorlari bir necha marta oshirilgani holda maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari o‘zgarishsiz qoldirilganligi hisobiga ularning o‘rtacha ish haqi miqdori umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga nisbatan 60 foizni tashkil etadi, xolos.
Bu esa, o‘z navbatida, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlari iste’dodi, kasb mahorati va ish faoliyatida shaxsiy hissasi namoyon bo‘lmasligiga hamda muassasaning pedagogik salohiyatini pasaytirishga olib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan maktabgacha ta’lim sohasida yuqorida qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qabul qilingan. Mazkur qaror bilan maktabgacha ta’lim muassasalari ayrim xodimlarining ish haqi to‘lovlarini quyidagi miqdorlarda 2 ta bosqichda oshirish ko‘zda tutilgan:
1. 2018-yil 1-martdan – mudir, tarbiyachi, uslubchi, o‘qituvchi, defektolog, psixolog, musiqa rahbari va tarbiyachi yordamchisi 30 foizga;
2. 2018-yil 1-sentabrdan:
oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tayyorlov guruhi (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) tarbiyachisi, o‘qituvchi, defektolog, psixolog 30 foizga;
oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma’lumotga ega bo‘lgan tarbiyachi yordamchisi 20 foizga;
maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri 10 foizga.
Buning natijasida davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida mehnat qilayotgan jami 93555 nafar xodim, shundan 4908 nafar mudir, 3924 nafar oliy ma’lumotli tarbiyachi, 39523 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachi, 673 nafar metodist, 3765 nafar defektolog, 1450 nafar psixolog, 33259 nafar tarbiyachi yordamchisi va 7503 nafar musiqa rahbarining ish haqlari sezilarli darajada oshiriladi.
Ushbu qarorda 2018-yil sentabr oyidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tayyorlov guruhi (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) tarbiyachisi mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari miqdori umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida hamda qishloq joylardagi aholi turmush darajasini inobatga olib, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida 2023-yilning 1-yanvarigacha ota-onalar badal to‘lovi miqdorini 50 foizga kamaytirish nazarda tutilgan.
Hukumatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi hamda qishloq hududlarda bog‘chalar uchun ota-onalar to‘lovining keskin pasaytirilishi maktabgacha yoshdagi bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasini oshirishga hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.