O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy va mudofaa salohiyatini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish tizimida alohida o‘rin tutadi.

Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik xizmatining maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilmay turib, unga milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatilgani ushbu idoraning davlat organlari faoliyatining barcha sohalariga asossiz aralashuviga shart-sharoit yaratib berdi.

Mamlakatni rivojlantirishning hozirgi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlar, davlat va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini isloh qilish borasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishni taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

Xizmatning maxsus vakolatli davlat xavfsizlik organi sifatidagi huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratish;

bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish;

yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish;

Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilish;

O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni Xizmatga jalb etishga qaratilgan kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish;

mehnatga munosib haq to‘lash, uy-joy va maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish orqali Xizmat harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.

3. Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish;

O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;

terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;

davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;

iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;

telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;

Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;

davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;

Xizmatning jangovar va safarbarlik tayyorgarligi holatini takomillashtirish va saqlab turish, kuch va vositalarni favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hamda harbiy holat joriy qilingandagi harakatlarga tayyorlash.

4. 2018-yil 1-apreldan quyidagi funksiyalar:

O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalash, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni bajarishga ruxsat berish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;

rejimli mudofaa obyektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash uchun litsenziya talabgorlariga ruxsat etilganligi haqida ma’lumotnoma berish – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga o‘tkazilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi
PF–5308-son “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasini qayta ishlash tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Xizmat bilan birgalikda bir oy muddatda 2018-2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog‘i va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi Xizmat raisi tomonidan tasdiqlanadi.

8. Xizmat ikki oy muddatda:

Xizmat faoliyatini tashkil etish;

Xizmatning ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xizmat va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 14-mart

* * *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-martdagi
PF-5379-son Farmoniga
1-ilova

 

O‘zbekiston Respublikasi
Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘ining
 
TAVSIFI

1 (1).jpg

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘i barqarorlik, matonat, sodiqlik, fidoiylik va mardlikni ifoda etuvchi
to‘q ko‘k rangli to‘g‘ri burchakli mato ko‘rinishiga ega.

Bayroq markazida geraldik belgi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining emblemasi tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘ining uzunligi – 250 sm, eni – 125 sm.

* * *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-martdagi
PF-5379-son Farmoniga
2-ilova

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati
 
emblemasi – geraldik belgi
 
TAVSIFI

2 (1).jpg

Geraldik belgi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati emblemasi to‘q ko‘k rangli aylana tasmasi bo‘lgan kumush rang doiradan iborat.

Aylana tasmaning yuqori qismida oq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida: «O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida: «DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI» deb yozilgan. Ushbu yozuvlar hurlik ma’nosini anglatuvchi sakkiz qirrali ikkita yulduz bilan ajratilgan.

Doira markazida davlat va jamiyatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish ramzini anglatuvchi, pastki qismi cho‘zilgan, yuqori burchaklari kesilgan uchburchak ko‘rinishiga ega qalqon tasvirlangan. Qalqon yuzasi kumush rangda. Qalqonning markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbidan qalqonning kambar hoshiyalariga qadar quyosh nurlarini ifodalovchi to‘g‘ri chiziqlar tortilgan.

Qalqonning kesilgan ikki yuqori va pastki burchaklarida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari muhofazasini anglatuvchi uchta xalqa tasvirlangan.

Qalqon ortida simmetriya o‘qi bo‘yicha tig‘i pastga yo‘naltirilgan qilich joylashgan. Qilich kuch, sha’n, adolat, jasorat va hushyorlikni anglatadi.

Qilich kumush rangda. Qilich dastagi yettita xalqadan iborat bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy tamoyillarini anglatadi.

Qalqon va qilich ortida simmetrik ravishda ikki tomonga hilpirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining qalqon va qilich ortida joylashuvi konstitutsiyaviy tuzum, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganligini anglatadi.

* * *
 
“O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga
 
SHARH

Mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida strategik vazifalar va eng muhim islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, balki huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatini ham takomillashtirishni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini isloh qilish zarurligini ko‘rsatib berdi.

Davlat rahbari tomonidan Konstitutsiya va qonun normalariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tamoyilini so‘zsiz amalga oshirish, boshqa organlarning funksiyalarini bajarish va takrorlash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik vazifalari qo‘yilgan edi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon xavf-xatar va tahdidlarga samarali tarzda qarshi kurashishga qodir maxsus xizmatning zamonaviy qiyofasini belgilagan holda, davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimiga asos soldi.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil qilindi. Idoraning nomidan “milliy xavfsizlik” tushunchasining chiqarilishi uning vakolatlari asossiz tarzda kengayishiga shart-sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish zarurati bilan bog‘liq. Chunki lokal miqyosdagi har qanday muammo milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilishi mumkin edi. Mazkur o‘zgartirish ushbu idoraning diqqat-e’tiborini davlat ahamiyatiga ega real tahdidlarga qaratadi. “Davlat xavfsizligi” atamasi xavfsizlikni ta’minlash doirasini aniq belgilaydi va mazkur sohadagi faoliyat yo‘nalishlarini ajratib beradi.

Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Birinchidan, mazkur idoraning maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini belgilagan holda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilmoqda. 26 yil oldin qabul qilingan Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi amaldagi nizom faoliyatni samarali tashkil etishga imkon bermaydi hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan muhim o‘zgarishlarni aks ettirmaydi.

Ikkinchidan,
 bugungi kundagi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakllari hamda uslublarini joriy etish, shu maqsadda idoraning samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish zarurligi belgilandi.

Uchinchidan,
 fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etishning alohida muhim ahamiyati ta’kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan inson huquqlari qonuniy kafolatlarining qat’iy ta’minlanishiga ustuvor ahamiyat beriladi.

To‘rtinchidan, kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Mazkur choralar Davlat xavfsizlik xizmatiga har tomonlama rivojlangan va vatanparvar yoshlarni jalb etishga imkon beradi. Shu o‘rinda idora vakillarining harbiy xizmatchi sifatidagi maqomi ko‘rsatib o‘tildi, mazkur holat ularga nisbatan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq barcha cheklov va majburiyatlar tatbiq etilishini anglatadi.

Beshinchidan, Davlat xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini idora ishining shakllari va uslublari hamda harbiy xizmatchilarning idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etadigan konspiratsiya tamoyillari asosida tashkil etishi belgilandi. Bu davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.

O‘ziga xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarni istisno qilish maqsadida Milliy xavfsizlik xizmati vakolatida bo‘lgan ayrim ruxsat beruvchi vakolatlar 2018-yil 1-apreldan boshqa idoralarga o‘tkaziladi yoki tugatiladi.

Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog‘i va emblemasi namunalari tasdiqlandi.

Idoraviy ramzlarning ta’sis etilishi harbiy xizmatchilarning jangovor ruhini oshirishga hamda ularni davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishga safarbar etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida davlat xavfsizligini ta’minlash sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan qator topshiriqlar mavjud. Shu munosabat bilan:

idora faoliyatini tashkil etish, uning ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish va Davlat chegarasini qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarini ishlab chiqish;

2018-2022-yillarda Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqish nazarda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratdi.

Davlat rahbarining mazkur qarorini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilish tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi.