O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i
O‘tgan davr mobaynida respublikada yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam berishni tashkil etishning ta’sirchan tizimi shakllantirildi.
Faqatgina 2017-yilda 11 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, 15 ming nafar yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy yordam bilan qamrab olindi, qariyb 21 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlandi, 35 ming nafar shaxslar sanatoriyalarda sog‘lomlashtirish kurslaridan o‘tdi, 20 ming nafardan ziyod shaxsga reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmaganligi ularga nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilishni kengaytirishga, ilg‘or tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya uslublarini joriy qilishga imkon bermayapti.
Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan texnologiyalar jismonan hamda ma’nan eskirgan, ushbu sohada yetarli darajada innovatsion texnologiyalar joriy etilmayapti va ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash rivojlantirilmayapti.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5270-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya choralarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish hamda rekonstruksiya qilishning zamonaviy uslublarini joriy etish orqali aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish bo‘yicha ularning imkoniyatlarini kengaytirish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalar va o‘quv-mehnat ustaxonalarini zamonaviy diagnostika qilish, davolash, sport uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlash;
mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining sifatini yaxshilash hamda ularning turlarini kengaytirish;
protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishning yanada rivojlanishini ta’minlaydigan kuchli ilmiy hamda metodologik bazani yaratish;
tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlarini keng joriy etish.
2. Quyidagilar:
2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;
2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishning asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. 2021-yil 1-yanvarga qadar muddatga:
korxonalar bo‘shayotgan mablag‘larni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ularga servis xizmati ko‘rsatish, ehtiyot qismlarni xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishga, shuningdek, korxonaning protezchi mutaxassislarini o‘qitish (tayyorlash, qayta tayyorlash) va malakasini oshirishga maqsadli yo‘naltirgan holda, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ishlab chiqarilgan hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari);
protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, instrumentlar va priborlar, kompyuter hamda diagnostika uskunalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari) ozod qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari turlarini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash masalalarini o‘rgansin, shuningdek, loyihalarning keyinchalik respublikada, jumladan, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilishini ta’minlasin;
Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xorijiy korxonalarni, chet el investitsiyalarini, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat jamg‘armalari va tashkilotlarining grantlari, kreditlari hamda maqsadli mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligiga mazkur band bilan yuklatilgan vazifalarni bajarishda to‘liq ko‘maklashsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ularga servis xizmati ko‘rsatish, ehtiyot qismlarni xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, protezchi mutaxassislarni o‘qitish (tayyorlash, qayta tayyorlash) va ularning malakasini oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha kredit berish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan tanqidiy tahlil va ta’sirchan nazorat olib borilishini ta’minlasin, bunda quyidagi ustuvor vazifalarning bajarilishiga alohida e’tibor qaratsin:
nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish samaradorligi va natijadorligini oshirish, Muruvvat va Saxovat internat uylari tizimini yanada rivojlantirish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish;
ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining sifatini yaxshilash va ularning turlarini kengaytirish.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha hududiy kompleks chora-tadbirlarni ularning ijro muddatlari, mas’ul ijrochilari, shuningdek, moliyalashtirish manbalarini aniq ko‘rsatgan holda ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli davrlar uchun loyihalar portfellarini ishlab chiqishda ularda shakllantiriladigan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlariga keyinchalik loyihalarni kiritish uchun byudjet mablag‘lari hisobiga ajratiladigan markazlashtirilgan investitsiyalar limitlari doirasida amalga oshiriladigan, mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda protezchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rgansin hamda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli protezchi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha taklif kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror ijrosining borishi to‘g‘risidagi axborotning har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash tadbirlarini moliyalashtirishning amaldagi tartibi tanqidiy qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin hamda mazkur sohada ortiqcha tartib-taomillarni chiqarib tashlash, ishlarning shaffofligini ta’minlash va sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq takliflarni kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2705-son qarorida:
2-bandining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
6 va 7-bandlari, shuningdek, 2-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                         SH.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 20-iyun