O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, yerdan oqilona foydalanish va ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini qurishni hamda hududlarning sanoat salohiyatini kengaytirishni soliq yukini pasaytirish hisobiga rag‘batlantirish maqsadida:

1. 2023 yil 1 apreldan 2024 yil 1 mayga qadar eksperiment tariqasida respublika byudjetidan paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya qilinganda qaytarib berish tartibi joriy etilsin:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligi ta’minlanganda;

har bir nafar ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromad mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanganda;

paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi o‘tgan yil yakuni bo‘yicha Soliq kodeksining 57-moddasi talablariga javob berganda.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi bir oy muddatda respublika byudjetidan paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga ularning ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasidan keyin to‘liq miqdorda qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqsin.

3. Belgilansinki, 2023 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, shu jumladan, 2023 yil 1 yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan (respublikaning shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar bundan mustasno) yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan summani uch qavatli binoga – 0,9, to‘rt qavatli binoga – 0,8, besh qavatli binoga – 0,7, olti qavatli binoga – 0,6, yetti va undan yuqori qavatli binoga – 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘laydi. Bunda, ushbu bandda belgilangan pasaytiruvchi koeffitsiyent:

mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yordamchi xonalar bilan (ofis uchun xonalar va o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish uchun, kasbni egallash maqsadida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish xonalari va h.k.) birga, agar ularning maydoni yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosining umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan bo‘lsa;

ishlab chiqarish maqsadlarida bino bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan birgalikda foydalanilayotgan bo‘lsa, bunday binoning har bir mulkdori tomonidan qo‘llaniladi.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                                         Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 

2023 yil 23 fevral