Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yurtimizni xalqaro sport maydonlarida munosib ravishda tanitish, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

tugatilayotgan Jamgʻarmaning jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha moliyalashtirish funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatiladi;

jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha loyihalar hamda ularning manzilli roʻyxatlari har yili Vazirlik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kelishilgan holda shakllantiriladi hamda navbatdagi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritiladi;

tugatilayotgan Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilib kelingan jismoniy tarbiya va sport obyektlariga sport jihozlari, uskunalari va inventarlarini markazlashgan tartibda xarid qilish hamda yetkazib berish, respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazish xarajatlari har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladi va Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasini shakllantirish va moliyalashtirish uchun har yili belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, shuningdek, tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlari nazarda tutiladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Vazirlik bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019-yilga moʻljallangan jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli dasturi markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi;

tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimlarini, ulardagi bosh buxgalter lavozimlarini qisqartirgan holda, saqlash bilan bogʻliq xarajatlar tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat markazlashgan buxgalteriya xizmati tashkil etilsin va ularga markazlashtirilgan tartibda tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimlarining moliya-buxgalteriya faoliyatini yuritish vazifasi yuklatilsin.

4. Vazirlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Jamgʻarma va uning hududiy boʻlinmalarining hisobraqamidagi qoldiq mablagʻlarni qonun hujjatlarida belgilangan toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga qaytarilishini taʼminlasin.

5. Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, sohani boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlikning byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami (keyingi oʻrinlarda – Maxsus hisob raqam) ochilsin.

6. Quyidagilar Maxsus hisob raqam mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari tomonidan tashkil etilgan qayta tayyorlash kurslarida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarning 20 foizi;

Vazirlik tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan idoraviy mansub tashkilotlarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga tushadigan mablagʻlarning 10 foizi;

trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun attestatsiyadan oʻtkazish
va ruxsatnomalar berish, shuningdek, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini pasportlashtirish hisobidan tushadigan mablagʻlarning 15 foizi;

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt summalari hisobidan tushadigan mablagʻlarning 5 foizi miqdoridagi ajratmalar;

Maxsus hisob raqamdagi vaqtincha boʻsh mablagʻlarni joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.

7. Belgilansinki, Maxsus hisob raqam mablagʻlaridan:

Vazirlikning markaziy apparati xodimlariga har oylik ustamalar, mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlash;

yuqori malakali xorijiy ekspertlar va xorijdagi vatandoshlarni Vazirlikda ishlash uchun jalb qilish;

Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlarning bino va inshootlarini saqlash, foydalanish, ularni qurish va taʼmirlash, zarur anjomlar, shu jumladan, mebel, aloqa vositalari, kompyuterlar va boshqa vositalar bilan taʼminlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish;

Vazirlik xodimlarini xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida oʻqitish, malakasini oshirish;

Vazirlik xodimlarining mamlakat hududidagi va xorijiy mamlakatlardagi xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarini toʻlash;

Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamgʻarma tugatilishini inobatga olib:

a) 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari mablagʻlari doirasida va Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan:

jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar;

tuman (shahar) sport boʻlimlarini saqlash xarajatlari;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi uchun talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

b) 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining asosiy parametrlarini shakllantirishda:

Vazirlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq markazlashgan tartibda jismoniy tarbiya va sport obyektlariga sport jihozlari, uskunalari va inventarlarini xarid qilish va yetkazib berish hamda sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasini shakllantirish uchun respublika byudjeti parametrlarida;

tuman (shahar) sport boʻlimlarini saqlash hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalarini shakllantirish uchun tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlari, shuningdek, tuman (shahar) byudjetlari parametrlarida zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Jamgʻarma va uning hududiy boʻlinmalari tugatilishi natijasida boʻshaydigan bino va inshootlar, inventar va uskunalar hamda avtotransport vositalarini Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilishini taʼminlasin.

Tasdiqlangan limitdan ortiqcha avtotransport vositalari belgilangan tartibda sotilsin va ularni sotishdan tushgan mablagʻlar Davlat byudjeti daromadlariga oʻtkazilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tugatilayotgan Jamgʻarma va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi tashkil etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurishda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan konstruksiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga
ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 26-avgust

 

OʻzА