O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
 
q a r o r i


Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun teng va qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ortiqcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va “O‘zstandart” agentligining O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin majburiy inspeksiyadan o‘tkazish tartibotini bekor qilish haqidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin inspeksiyadan o‘tkazish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin inspeksiyadan o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga vakolatli organ tomonidan xalqaro standartlar talablariga muvofiq akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari ega;

inspeksiya organlarining xizmatlari, shu jumladan yuk ortishdan oldin inspeksiyadan o‘tkazish xizmatlari uchun haq to‘lash ularning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi banklarda ochilgan hisobraqamlari orqali amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlar sifati, miqdori va narxlarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ro‘yxatdan o‘tgan import kontraktlari shartlariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish uchun javobgarlik import qiluvchining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatiladi;

davlat bojxona xizmati organlari Markazda ro‘yxatdan o‘tgan import kontraktlari doirasida erkin muomalaga chiqarilgan tovarlarning miqdori va narxlari haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimlaridan foydalangan holda Markazga taqdim etadi.

3. Davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek, tijorat banklariga yuk ortishdan oldin inspeksiyani o‘tkazuvchi inspeksiya organini tanlash haqida import qiluvchilarga tavsiyalar berish taqiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti “O‘zstandart” agentligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda, mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, davlat manfaatlariga yetkazilgan zararni qoplash kafolatlarini ta’minlovchi mexanizmlarni joriy etgan holda import qiluvchilar va vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda akkreditatsiya obyektlari tomonidan vakolatli organga o‘tkaziladigan to‘lovlarni undirish shartlari va miqdorlarining tanqidiy qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

6. Belgilansinki, Markaz faoliyati sohasi tatbiq etiladigan tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridlarini o‘tkazish (xarid tartibotlarini bajarish, reklama ishlarini tashkil etish, tender va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalar) bo‘yicha ixtisoslashgan tashkilotni tanlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan o‘rnatiladigan talablarga javob beradigan ixtisoslashgan tashkilotlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bir oy muddatda davlat xaridlarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega ixtisoslashgan tashkilotlarga qo‘yiladigan talablarni, shuningdek, davlat xaridlarini o‘tkazish doirasida ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari ro‘yxatini o‘rnatilgan tartibda belgilasin.

7. “O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                      SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 24 mart