O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Baliqchilik tarmog‘i oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi vaqtlarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli mamlakat iqtisodiyotining tarkibida baliqchilik ulushi izchil ortib bormoqda.

Shu bilan birga, baliqchilik tarmog‘ida hanuzgacha ko‘plab kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda, ularni samarali hal etish ishchanlik faolligini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, baliq yetishtirish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar va ishlanmalar sifatini oshirish, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk va yer uchastkalari, shu jumladan, suv havzalari negizida “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Quyidagilar “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ishlab chiqarish, sun’iy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik xo‘jaliklarini ta’minlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish;

nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta ta’mirlash;

o‘z ehtiyoji va baliqchilik xo‘jaliklari uchun to‘la qiymatli va yuqori oqsilli ozuqalarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy quvvatlarni yaratish orqali ozuqa bazasini mustahkamlash, don va don ekinlarini ekish yo‘li bilan bug‘doy va soyaga bo‘lgan o‘z ehtiyojlarini qondirish;

innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, shu jumladan, qafas (sadok) usulida, yopiq suv aylanma tizimi qurilmalarida baliq yetishtirish hamda sun’iy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini ko‘paytirish;

birinchi navbatda, aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) bo‘yicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish;

suvning gidrokimyoviy tarkibini laboratoriya usulida tahlil qilish, baliqlarni kasalliklardan himoya qilish, shuningdek, baliq kasalliklarini aniqlash, ularni davolash choralarini ko‘rish;

baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlash jarayonida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek, mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oluvchi ta’lim muassasalari talabalari uchun baliqchilik tarmog‘ida amaliyot o‘tashni tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ tarkibidagi yer uchastkalarining chegaralarini aniq belgilasin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi;

faoliyat ko‘rsatish muddati mobaynida “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi;

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning operativ boshqaruv organi Direksiya hisoblanadi;

Direksiyaning faoliyatidan tushgan daromadlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Direksiyani “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi;

Direksiya Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi qarorlari va “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejalari bo‘yicha ma’qullangan investitsiya loyihalarini joylashtiradi va “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha muhandislik-telekommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanishga barcha zarur ruxsatnomalar berilishini tashkil qiladi.

Direksiya butun faoliyat ko‘rsatish davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi.

Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk, yer uchastkalari, shu jumladan, suv havzalarining Direksiyaga topshirilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Direksiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.

5. “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi PF–4853-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 3, 4 va 5-bandlari amal qilinishi tatbiq etilsin.

6. Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi balansida bo‘lgan tabiiy suv havzalari doimiy ravishda alohida foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilsin.

Belgilansinki, tabiiy suv havzalarining ijara to‘lovlaridan kelib tushgan mablag‘lar to‘liq hajmda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasini kiritishda vazirlik markaziy apparati tuzilmasi tarkibida 5 nafar shtat birligidan kam bo‘lmagan Baliqchilikni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etish, shu jumladan, ushbu boshqarmaga “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish vazifasini yuklashni nazarda tutsin;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida baliqchilik sohasi yo‘nalishlarida bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasini kamida ikki baravar oshirishni ko‘zda tutsin;

Toshkent davlat agrar universitetida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab “Baliqchilik” yo‘nalishi bo‘yicha kamida 6 nafardan iborat magistratura kursini tashkil etsin.

8. Quyidagilarga yo‘naltirilgan Respublikada 2018-2023 yillarda baliqchilik sohasini jadal innovatsion rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

qimmatli baliq turlari va chavoqlarini intensiv yetishtirish uchun pitomnik va naslchilik ishlarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida takomillashtirish;

baliq mahsulotlarini (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) ishlab chiqarishni kengaytirish;

akvakulturani rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

baliqchilik tarmog‘idagi ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirish;

baliqchilik tarmog‘ida eksport salohiyatini oshirish;

baliqchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini ko‘paytirish, baliq iste’mol qilish madaniyatini, shuningdek, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining baliqchilik sohasini boshqarish va muvofiqlashtirishdagi rolini yanada oshirish;

baliqchilik xo‘jaliklarining moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash uchun sharoitlar yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Dasturning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligini va ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini;

har oyda Dasturning bajarilishi tanqidiy ko‘rib chiqilishini va mavjud muammolarni samarali hal etish choralari ko‘rilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda:

yer va suv havzalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanayotgan tabiiy va sun’iy suv havzalarini xatlovdan o‘tkazish hamda ularni tovar baliqlar va baliq chavoqlarini yetishtirishga jalb qilish choralari ko‘rilishini;

baliqchilik xo‘jaliklari sun’iy va tabiiy suv havzalarining unumdorligini kadastr jihatdan baholagan holda yagona reyestr yaratilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida baliqchilik xo‘jaliklariga ixtiopatologik xizmat ko‘rsatish uchun laboratoriyalar tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari 2019-yil 1-mayga qadar muddatda laboratoriyalarning to‘liq faoliyat yuritishi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi hamda malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

11. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi huzurida baliqchilik madaniyatini rivojlantirishning dolzarb masalalarini qamrab oluvchi, shu jumladan, milliy va xorijiy ilmiy va amaliy innovatsion yutuqlarni, yangidan boshlovchi va faoliyat yuritib kelayotgan baliqchilar uchun baliq yetishtirish texnologiyalarini to‘g‘ri tashkil etish hamda mamlakat ichida va undan tashqarisida sodir bo‘layotgan baliqchilik sohasidagi muhim voqealarni yoritib boruvchi “Baliqchilik” jurnali ta’sis etilsin.

12. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Arnasoy qishloq xo‘jaligi va transport kasb-hunar kolleji hamda Quyi Chirchiq agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji qoshida baliqchilarni tayyorlash hamda baliqchilik xo‘jaligi xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

13. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga baliq yetishtirish, ularni qayta ishlash va tayyor baliq mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini o‘rganish va joriy qilish masalalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan har tomonlama hamkorlikni faollashtirishda ko‘maklashsin.

14. “Ipoteka-bank” ATIBga baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalari va inkubatsiya sexlarini tashkil etish hamda ularning faoliyat yuritishini ta’minlash, baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari va usullarini joriy etish, eksportga yo‘naltirilgan va raqobatbardosh baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarni bosqichma-bosqich shakllantirish uchun Direksiyaga besh yil muddatga, ikki yil imtiyozli davr bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdoridan oshmaydigan kreditlar berish tavsiya etilsin.

15. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R.Inoyatov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 6-aprel