Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

2018-2019 yillar mobaynida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, hunarmandchilik, kasanachilik va tadbirkorlik faoliyatining boshqa sohalarida bandligini taʼminlash orqali ularning qoʻshimcha va barqaror daromad manbalari shakllanishiga shart-sharoitlar yaratish borasida dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholining, ayniqsa, chekka hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning maʼlum bir miqdorda iqtisodiy holati yaxshilanishiga koʻmak boʻldi.

Shu bilan birga, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslari boʻyicha dasturlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi tijorat banklarining ish uslublarini tubdan yaxshilash va bank xizmatlarining ommabopligini oshirish orqali aholining keng qatlamlari, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlari bilan toʻlaqonli sherikchilik munosabatlarini oʻrnatish talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF–5780-son Farmonida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hamda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi dasturlarda davlat resurslaridan oqilona foydalanish, ularning maqsadliligini taʼminlash va samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5242-son, 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5325-son va 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–5466-son farmonlari, 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3680-son, 2018-yil 7-iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi PQ–3777-son, 2018-yil 14-iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3856-son va 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4231-son qarorlari bilan respublikada kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining oʻzini oʻzi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari (keyingi oʻrinlarda – Dasturlar) amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

Dasturlar doirasidagi loyihalarni kreditlash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB (keyingi oʻrinlarda – vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat jamgʻarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarmalar) va boshqa jamgʻarmalar hisobidan kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi;

Dasturlarni moliyalashtirish uchun resurslar ajratadigan Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Jamgʻarmalar resurslarining 2020-2022 yillarda soʻndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga Dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi, bunda resurslar boʻyicha foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.

3. Quyidagilar:

Dasturlar doirasidagi loyihalarni 2020-yilda markazlashgan resurslar hisobidan moliyalashtirishning maqsadli parametrlari 1-ilovaga;

2020-yilda vakolatli banklar tomonidan Dasturlar doirasidagi loyihalarni kreditlashning maqsadli parametrlari 2, 2a, 2b, 2v-ilovalarga;

Davlat dasturlari doirasida ajratilgan kredit liniyalarni 2020-2022 yillarda qaytarish prognozi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

4. Vakolatli banklar kuzatuv kengashlari ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

barcha hududlarda “bank xizmatlari ofislari”ning keng tarmogʻini yaratish, bunda zarur hollarda, mavjud filiallar tarmogʻi tuzilmasini qayta koʻrib chiqish;

axborot texnologiyalarini qoʻllash orqali yangi bank xizmatlari hamda “modulli” kreditlash asosida yangi kredit turlarini faol joriy qilish;

kichik biznes va aholining tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirishga toʻsqinlik qiluvchi dolzarb moliyaviy muammolarni hal qilish qismi boʻyicha hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari bilan hamkorlik qilish;

banklar Kengashlari tarkibiga banklarning boshqaruvi tomonidan taqdim etilgan axborot va takliflarni amaliy bahs va munozara qilishga qodir mustaqil aʼzolarni saylash orqali korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy qilish va samaradorligini oshirish;

korrupsiyani bartaraf etishga qaratilgan manfaatlar toʻqnashuvining oldini oluvchi va tartibga soluvchi siyosatni amalga oshirish, tijorat banklarining boshqaruv aʼzolari va xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy boʻlgan axloqiy qoidalarni takomillashtirish;

bank ichki monitoring tizimini joriy qilish orqali banklarning “mijozga yoʻnaltirilganlik” ish uslubini yanada kuchaytirish, mijozlarga xizmat koʻrsatishda mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf qilish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2019-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–5466-son Farmoni doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun AT Xalq banki ustav kapitalini 250 milliard soʻmga, “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitalini 170 milliard soʻmga va “Agrobank” ATB ustav kapitalini 290 milliard soʻmga oshirish uchun mablagʻlar ajratsin.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari bilan birgalikda ajratilgan resurslar doirasida vakolatli banklar moliyalashtiradigan yoshlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar roʻyxatini shakllantirsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda har bir tuman kesimida Dasturlar doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi va kreditning qaytarilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni taʼminlasin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va tumanlar kengashlariga har chorakda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosarining, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari birinchi oʻrinbosarlarining Dasturlarni amalga oshirish samaradorligi borasidagi hisobotlarini eshitib borish tavsiya qilinsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 24-oktyabr

 

O’zA