O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilmoqda, ularning turlari kengaymoqda, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik oshib bormoqda.

Aholi uchun valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi bank xizmatlari joriy etildi, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun imkoniyatlar yaratildi.

Shu bilan birga, bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda moliyaviy ochiqlikni kengaytirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishda bir qator muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda. Xususan:

birinchidan, kreditlarni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda vakolatlar haddan tashqari markazlashganligi bosh banklar va ularning filiallari o‘rtasidagi javobgarlikning aniq chegaralanishiga to‘sqinlik qilmoqda;

ikkinchidan, kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqishning murakkab mexanizmlari kreditlarni tezkor olish imkoniyatlarini chegaralamoqda;

uchinchidan, tijorat banklari tomonidan mikroqarzlar ajratilishi imkoniyatining mavjud emasligi mikroqarzlarni olish darajasini oshirishni ta’minlamayapti, mikrokredit tashkilotlar va lombardlarning xizmatlari bo‘yicha yuqori foiz stavkalari aksariyat holatlarda iste’molchilarning moliyaviy holati yomonlashishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, chakana bank xizmatlari bozorining past darajada rivojlanganligi va mijozlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishning zamonaviy yondashuvlari mavjud emasligi ortiqcha byurokratiya va sansalorlik uchun zamin yaratmoqda;

beshinchidan, bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha davlat protsessing tashkilotining mavjud emasligi chakana to‘lov tizimlarining xavfsizlik, uzluksizlik va ishonchlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatmoqda va aholining keng qatlamlari uchun ochiq innovatsion loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy texnologik yechimlarni ilgari surishga to‘sqinlik qilmoqda;

oltinchidan, kreditlarni (mikroqarzlarni) ko‘rib chiqish va ajratish uchun xizmat haqlari va boshqa to‘lovlarning undirilishi qarzning real qiymati oshishiga olib kelmoqda;

yettinchidan,
 shartnomalarga xizmatlar uchun tariflar, ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlarni kiritish, shuningdek, bir xizmatni qo‘shimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan ko‘rsatish bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzmoqda;

sakkizinchidan,
 bank to‘lov kartalaridan chet el valyutasini yechish bo‘yicha cheklovlarning mavjudligi va bankomatlar sonining yetarli emasligi valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishda xizmat ko‘rsatishni talab darajasida ta’minlamayapti.

Ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilishni ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish va innovatsion rivojlanishning tendensiyalarini inobatga olgan holda moliyaviy ochiqlik darajasini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki, bank xizmatlarining ommabopligini oshirishni ta’minlash va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tarkibiy tuzilmasida bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, moliyaviy ochiqlikni va aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish asosiy vazifalari bo‘lgan Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish vazifalarini bajarishda:

bank tizimida tizimli kamchiliklar va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishlarini aniqlash, shuningdek, ularning oldini olishga;

bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan kredit tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rilishini ta’minlashga;

bank xizmatlari iste’molchilarining buzilgan huquqlarini tiklashda maslahat berish va ko‘maklashishga;

moliyaviy ochiqlik darajasini oshirish va bank xizmatlari iste’molchilarining savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-iyuldan tijorat banklari:

dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mijozlarga bevosita xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz kirish;

mijozlarni dastlabki qabul qilish ma’muriyat xodimlaridan ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari to‘g‘risida dastlabki maslahatlarni olish;

kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishning bosqichma-bosqich jarayonini va kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida xabardor qilish yoki uni berishni asosli rad etish tartibini ko‘rsatgan holda kredit buyurtmalarini shaffoflik asosida ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish uchun sharoitlarni yaratadi.

4. Kredit tashkilotlariga:

mikroqarz shartnomalari, shuningdek, lombardlar tomonidan tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan ko‘p miqdorida foizlar hisoblash, komissiya undirish va neustoyka (shtraf, penya), javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash;

kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish, ssuda hisobraqamlariga xizmat ko‘rsatish, kreditlar ajratish uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan ilgari qoplash uchun neustoyka undirish taqiqlanadi.

5. Tijorat banklariga:

bank faoliyatining ilg‘or xalqaro tajribasini o‘rganish va bank xizmatlari va mahsulotlarining yangi turlarini joriy etish;

bank xizmatlariga bo‘lgan talab va o‘zini qoplashni inobatga olgan holda bank filiallari va mini-banklari tarmog‘ini kengaytirish;

filiallarning kredit ajratishda bosh banklar bilan qo‘shimcha kelishuvsiz mustaqil qarorlar qabul qilish bo‘yicha huquqlarini kengaytirish tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

a) 2018-yil 1-aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklari tomonidan belgilangan limitlar doirasida naqd shaklda yechib olish mexanizmini joriy etsin;

b) 2018-yil 1-aprelga qadar tijorat banklari bilan birgalikda xorijiy valyutaning oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish va xalqaro to‘lov kartalaridan pul mablag‘larini xorijiy va milliy valyutadagi muddatli omonatlarga o‘tkazishni ta’minlovchi jismoniy shaxslarning hisobvaraqlarini masofadan turib boshqarish tizimini joriy etsin;

v) 2018-yil 1-mayga qadar:

Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlar amalga oshirilishida tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

tijorat banklariga mikroqarzlar ajratish huquqi berilishini nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari kredit tashkilotlari tomonidan buzilgan taqdirda ularga nisbatan Markaziy bank tomonidan sanksiyalar qo‘llanilishi yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritsin;

potensial qarz oluvchining kreditga layoqatlilik darajasini baholash hamda jismoniy shaxslarga va kichik tadbirkorlik subyektlariga kreditlar (mikroqarzlar) ajratish muddatlarini qisqartirish imkonini beruvchi tijorat banklari tomonidan o‘z skoring modelini yaratish imkoniga ega bo‘lgan kredit byurosida skoring modelini mavjudligi bo‘yicha talab o‘rnatilishini nazarda tutuvchi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

g) 2018-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda banklar – mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida axborot va texnologik o‘zaro munosabatlarni ta’minlovchi hamda asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan Milliy bank protsessing markazini yaratish Konsepsiyasini ishlab chiqsin:

tranzaksiyalarning xavfsiz va uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlovchi milliy chakana to‘lov tizimini tuzish va rivojlantirish;

qulay to‘lov xizmatlarini yaratish va rivojlantirish;

naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda innovatsion mahsulotlarni, shu jumladan bevosita muloqotsiz va mobil texnologiyalarni rivojlantirish hamda ilgari surish;

bevosita muloqotsiz va mobil texnologiyalarni, birinchi navbatda, ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish, transport, savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida, ayniqsa, hududlarda joriy etish;

xalqaro to‘lov tizimlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;

d) 2018-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi va tijorat banklari bilan birgalikda norezidentlarning to‘lov kartalari barcha to‘lov terminallari tarmog‘i orqali qabul qilinishini ta’minlovchi mahalliy to‘lov tizimlarini asosiy xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyalash jarayonini tugallasin;

ye) 2018-yil 1-noyabrga qadar tijorat banklari bilan birgalikda turistlar ko‘proq boradigan joylarda kunu-tun rejimda ishlovchi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasiga bank xizmatlari ommabopligini oshirish va bank faoliyatini takomillashtirishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish tavsiya etilsin:

O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish Konsepsiyasini tasdiqlash;

bank tizimi xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqib xorijiy banklar bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirish;

bank xizmatlari ommabopligining dolzarb muammolari, xalqaro tajribani o‘rganish va uni respublika bank xizmatlari bozorida qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqish, banklar va ularning mijozlari uchun axborot-tahliliy va konsalting xizmatlarini tashkil etish yuzasidan mavzuga oid izlanishlar olib borish;

masofaviy bank xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy va ilg‘or bank xizmatlarini amaliyotda ro‘yobga chiqarish tashabbuslarini ilgari surish, yangi axborot texnologiyalarini joriy etish;

bank xizmatlarining yangi turlari va mahsulotlarini aniqlash hamda ularni keyinchalik respublika banklarida tatbiq etish maqsadida ilg‘or chet el banklarining faoliyatini o‘rganish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda:

jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidagi fuqarolar uchun hisoblangan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning hisoblangan sug‘urta badallari;

soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklari;

identifikatsiyalash uchun jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari;

jismoniy shaxslarning mulki va boshqa olgan daromadlari;

yuridik shaxslarning moliyaviy holati to‘g‘risidagi axborotlarni olish imkonini beruvchi davlat organlari va kredit byuro o‘rtasida ma’lumotlarni qayta ishlash va elektron almashish Yagona idoralararo axborot tizimini yaratish.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tijorat banklariga filiallar, mini-banklar va avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalarini tashkil etishga zarur bo‘lgan yer uchastkalarini o‘rnatilgan tartibda ajratishda ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan bankomatlar tarmog‘ini qo‘shimcha kengaytirishning 2018-yilga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

11. Tijorat banklari va protsessing tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga ozod etiladigan uskunalar, dasturiy ta’minot, to‘ldiruvchi va boshqa materiallar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan taqdim etiladigan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmini bank kreditlari bo‘yicha foizli xarajatlarning ayrim qismlarini qoplashda respublika hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan yondashuv uslubini qo‘llash asosida qayta ko‘rib chiqsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 23-mart