Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga SHARH

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan jazo muddatini oʻtayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 41 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 3 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir soʻz bilan aytganda, 44 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar tashkil etadi.

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimli boʻlish, olijanoblik va mehr-muruvvat koʻrsatish kabi ezgu fazilatlar namoyon boʻlganligining amaliy ifodasidir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

OʻzА