O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish va investitsiyalarni faol jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va respublikaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) quyidagilarga samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) baholash tizimini joriy etish:

tarmoq rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va hokimlar – yangi turdagi mahsulotlarni (xizmatlar) o‘zlashtirish orqali ichki bozorni muvozanatlashtirilgan mahalliy mahsulotlar va xizmatlar bilan to‘ldirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishlatish va kengaytirish, shuningdek, importni maqbullashtirish uchun;

tarmoqlar rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlari va hokimlarning mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha yordamchilari – ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini o‘rnatish hamda rivojlantirish, hamkorlarga ishlab chiqariladigan mahsulotlar texnik parametrlari va sifatini tegishli talablar va standartlarga moslashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish uchun;

b) investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida mahalliy mahsulotlar kontentini kengaytirish bo‘yicha raqobatbardosh sharoitlar yaratish:

yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha xalqaro tenderlar o‘tkazish jarayonida mahalliy mahsulot va xizmatlar ishlab chiqaruvchilarning qatnashish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, boshqa teng shart-sharoitlarda sanoat va qurilish maqsadlarida ishlatiladigan mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish uchun ularga qulayliklar yaratish;

ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtiradigan tender savdolari ishtirokchilariga asosiy ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun tez eskiradigan uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarni o‘rta muddatli kafolatlangan shartlarda xarid qilish bo‘yicha imkoniyatlar berish;

v) xorijiy va mahalliy innovatsion texnologiyalar transferini moliyalashtirishning samarali tizimi va platformasini yaratish;

g) ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtiradigan korxonalarning xodimlarini ularning boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan shartlar va tartiblar asosida rag‘batlantirish.

2. Respublika xo‘jalik birlashmalari va korxonalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘tkazilgan tarmoq sanoat yarmarkalari natijalarini hisobga olgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2022 yilga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish dasturi tasdiqlansin:

2022 yilda mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2022 yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirish yig‘ma ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2022 yilda iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati 2.1-ilovaga muvofiq;

2022 yilda hududiy korxonalar tomonidan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati 2.2-ilovaga muvofiq;

2022 yilda mahalliy mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan loyihalar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

respublikada talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha takliflari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

o‘zlashtirish uchun tavsiya etilayotgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq.

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi) ushbu qaror bilan tasdiqlangan amalga oshiriladigan loyihalar parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda yangi loyiha takliflari ro‘yxatini yangilab borish huquqi berilsin.

3. Hukumat komissiyasi (Umurzakov):

bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2022 yilda mahsulotlar ishlab chiqarish prognozi hamda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalarni Elektron kooperatsiya portalida ro‘yxatdan o‘tkazgan holda, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tarmoq жaдvaлlarini tasdiqlasin;

bir oy muddatda tarmoqlararo sanoat yarmarkasida imzolangan memorandumlar va ichki bozor ehtiyojlarini inobatga olgan holda, tavsiya etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”larini tarmoqlar va hududlar kesimida tasdiqlasin;

“Yo‘l xarita”lari doirasida ishlab chiqilgan texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va mahsulotlarning tajriba partiyasini chiqarishni, shuningdek, seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni doimiy ravishda muvofiqlashtirib borsin;

har chorakda tarmoq rahbarlari va hokimliklarning mahalliylashtirish va yangi ishlab chiqarish kooperatsiyasi bo‘yicha olib borayotgan ishlari yakunlari bo‘yicha hisobotlarini eshitib, tarmoq rahbarlari va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi reytingini yuritsin hamda natijalari bo‘yicha ularni moddiy rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflarni kiritib borsin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2022 yil 1 apreldan boshlab:

a) ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘shma moliyalashtirish yo‘nalishida To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:

ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish jarayonlarida texnologik ko‘maklashish, xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalari tomonidan jihozlarni o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga;

tenderlar yoki texnologiya litsenziarlarining eng yaxshi takliflarini tanlash asosida aniqlanadigan zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar qiymatining 50 foizini qo‘shma moliyalashtirishga;

b) ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘shma moliyalashtirish yo‘nalishida investitsiya shartnomalari doirasida jalb qilingan xorijiy investorlarning mablag‘lari, birinchi navbatda, ilmiy tadqiqotlar va tijoratlashtirishga tayyor bo‘lgan texnologiyalar transferini qo‘shma moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

v) tarmoqlararo kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash sohasida transferga tayyor ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish maqsadida Elektron kooperatsiya portali orqali сотишga ruxsat beriladi;

g) mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini xorijda sertifikatlashtirish xarajatlarining 50 foizi, lekin 20 000 AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, tasdiqlovchi hujjatlar asosida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

5. 2022 yil 1 apreldan boshlab respublika hududida avval ishlab chiqarilmagan, mahalliy korxonalar tomonidan o‘zlashtiriladigan mahsulotlarni davlat organlari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan o‘rta muddatli shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish tizimi joriy etilsin. Bunda:

kafolatli xarid qilish shartnomaлaри bo‘yicha tanlovlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor tashkilot va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan birgalikda shakllantirilgan ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati doirasida amalga oshiriladi;

ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali, Elektron kooperatsiya portali hamda manfaatdor vazirlik va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi hamda har yili to‘ldirib boriladi;

manfaatdor tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rta muddatli kafolatli xarid qilish shartnomaлaриni imzolash uchun g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha ochiq tanlovlarda davlat buyurtmachisi va benefitsiar мулкдори hisoblanadi.

Bunda davlat organlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘zining import mahsulotlarga talabi asosida mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlarni o‘zlashtirayotgan korxonalar bilan oldindan belgilanadigan muddat davomida kafolatli xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish hamda oldindan bo‘nak to‘lovlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Abdinazarov):

a) bir oy muddatda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida mahalliy mahsulotlar kontentini kengaytirishni kafolatlash va rag‘batlantirish;

b) uch oy muddatda:

kafolatli xarid qilish shartnomalarini tuzish, ularning shartlarini va mahsulot narxini kelishish tartibini;

ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtiradigan korxonalarning ishlab chiqarish jarayoniga bevosita aloqador xodimlarini rag‘batlantirish tartiblarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy (mahsulot va xizmatlar) ishlab chiqaruvchilarning aniq mezonlarini belgilash bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Bunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali va Davlat soliq qo‘mitasi axborot bazasi o‘rtasida mahalliy mahsulotlar (xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilsin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarni jalb qilgan holda ikki oy muddatda quyidagilarni o‘zlashtirishni nazarda tutuvchi o‘rta muddatli tarmoq dasturlarini ishlab chiqsin:

“Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Texnopark” MCHJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘zavtosanoat” AJ quyish-mexanika zavodlarining ishlab chiqarish quvvatlari negizida, shu jumladan, respublikadagi boshqa korxonalar bilan kooperatsiya asosida – iqtisodiyotning barcha tarmoqlari tomonidan talab etiladigan nomenklaturadagi metallga qayta ishlov beruvchi va instrumental asbob-uskunalar (frezerlash, silliqlash, burg‘ilash, o‘yish va tokarlik uskunalari), quyish qoliplari hamda metall, plastmassa va yog‘ochni qayta ishlash uskunalari;

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari negizida, shu jumladan, litsenziar brend kompaniyalarni jalb etgan holda – yarim o‘tkazgich va elektron komponentlarmuqobil energiya manbalari uchun butlovchi qismlarelektromobillarga quvvatlovchi uskunalar va stansiyalarelektr jihozlar va transformatorlar, mis xomashyosidan kabel-sim va yangi turdagi mahsulotlar;

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zavtosanoat” AJ korxonalari negizida yengil sanoat uchun uskunalar, instrumentlar va tez ishdan chiquvchi qismlar;

kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik, farmatsevtika, metallurgiya, qog‘oz, mebel va qurilish materiallari sanoati korxonalari negizida, shu jumladan, respublikadagi ixtisoslashtirilgan korxonalar bilan kooperatsiya asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun foydalaniladigan kimyo mahsulotlari, ayniqsa, polimer materiallar va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Strategik rivojlanish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida ball berish orqali baholash tizimi hamda to‘plangan ballar asosida korxonalarga qulay imkoniyatlar yaratib berishni ko‘zda tutuvchi tartib va mezonlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

10. Mutasaddi tarmoq vazirliklari, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi hamda yirik korxonalar ikki oy muddatda import tarkibi va nomenklaturasi tahlili asosida 2023-2026 yillarda yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, Hukumat komissiyasiga kiritsin.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda 2022 yil 1 mayga qadar mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 10-raqamli kodlarini joriy etsin.

12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida 6 ta shtat birligidan iborat Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin.

13. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish, uning natijadorligini muhokama qilib borish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B. Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 24 yanvar