O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish orqali tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish maqsadida:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan, mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan:
2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-2024 yillarda farmatsevtika sohasida hududlarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda farmatsevtika sohasida loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash talab etiladigan investitsiya loyihalariнинг ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Komissiya (S.Umurzakov):
2022 yil 31 yanvarga qadar mazkur farmonga 2-ilovada nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish ustidan oylik monitoring o‘rnatish va ularning o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta’minlash choralarini belgilasin;
bir oy muddatda mazkur farmonga 3-ilovada nazarda tutilgan istiqbolli loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda ularni amalga oshirishni tashkil qilish bo‘yicha aniq choralar va mas’ullarni belgilasin;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishda loyiha tashabbuskorlari, shuningdek, manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;
loyihalarni amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilib, mavjud muammoli masalalarni hal etish choralarini ko‘rsin va natijalari yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga loyihalar va hududlar kesimida axborot kiritib borsin.
Komissiyaga jahon bozorining kon’yunkturasi va rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqqan holda, mazkur farmonga 2-3-ilovalarda keltirilgan investitsiya loyihalar ro‘yxatini muntazam ravishda yangi loyihalari hisobiga to‘ldirib borish, zarur hollarda, ularga o‘zgartirishlar kiritish vakolati berilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini shaxsan nazoratga olsin;
har oyda loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda har bir loyiha amalga oshirilishini muhokama qilib, ularni belgilangan muddatda ishga tushirishda amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rib borsin.
3. 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablag‘lari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilsin. Bunda:
kafolatli xarid qilish shartnomalarini tuzish bo‘yicha tanlovlar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan birgalikda shakllantirilgan avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalariнинг xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom bo‘lmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – farmatsevtika mahsulotlari ro‘yxati) doirasida amalga oshiriladi;
farmatsevtika mahsulotlari ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining internet saytlarida joylashtiriladi hamda har yili yangilanib boriladi;
kafolatli xarid qilish shartnomalarini imzolash uchun g‘oliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu tanlovlarda davlat buyurtmachisi va benefitsiar mulkdori hisoblanadi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan bo‘nak to‘lovlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (Musayev), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Kariyev) Moliya vazirligi (Raximova), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Abdinazarov) bilan birgalikda uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan shaffof tanlov asosida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan uch yil muddatga shartnomalar tuzish orqali mahsulotlarni kafolatli xarid qilish mexanizmi va aniq shartlarini belgilagan holda davlat xaridlari tizimini joriy qilish bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilansinki:
a) farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida:
2022 yil 1 apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz bo‘lgan guvohnomalarga almashtirib beriladi;
2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilinadi. Bunda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining talablarga muvofiqligi postmarketing nazorati va ixtiyoriy sertifikatlashtirish orqali amalga oshiriladi;
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish uchun qabul qilingan buyurtmalarga ko‘ra namunalar tanlashni hududlardagi sertifikatlashtirish organlari ekspertlari orqali amalga oshirishga ruxsat beriladi;
b) farmatsevtika sohasidagi cheklovlarni kamaytirish yo‘nalishida:
donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;
dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov;
xalqaro brendlar asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilinadi;
v) zarur amaliyotlar (GxP) talablarini tizimli joriy etish yo‘nalishida:
2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etiladi;
farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi;
2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi;
2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.
5. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan hamda farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan dorixona ichida dori tayyorlash maqsadida olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, laboratoriya hayvonlarini boqish, klinik-oldi tadqiqotlar va dori vositalari ishlab chiqarish (shu jumladan, dorixona ichida tayyorlash) uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojlaridan ozod qilinsin.
6. Toshkent viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining:
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteriga (keyingi o‘rinlarda – Klaster) tutash hududdan qo‘shimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga Klaster hududini kengaytirish;
Klaster hududini kengaytirish uchun ajratiladigan 80 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalarini sanoat maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 80 gektar yer maydonining yer fondi toifasini o‘zgartirishda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi kompensatsiya to‘lovlarini, istisno tariqasida undirmaslik to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Toshkent viloyati hokimligi (Mirzayev) ikki oy muddatda:
mazkur bandda ko‘rsatilgan yer uchastkalarini konturlarini belgilagan holda amaldagi foydalanuvchilardan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qo‘yish va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Kariyev), Kadastr agentligi (Umarov) bilan birgalikda yer uchastkasining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi davlat muassasasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish;
Qurilish vazirligi (Zakirov), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (Mustafoyev), “Hududgazta’minot” AJ (Eshmuratov), “O‘zsuvta’minot” AJ (Saifnazarov) bilan birgalikda yangi ajratiladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish hamda transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
7. “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi va Klaster uchun qo‘shimcha ajratilgan yer maydonida o‘rnatilgan tartibda tashkil etiladigan ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4574-son qarori 7-bandining “v” kichik bandi va 11-bandi tatbiq etilsin.
8. Bosh vazir o‘rinbosari S.U. Umurzakov, Moliya vazirligi (Ishmetov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev) va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Norqulov) ikki oy muddatda mahalliy farmatsevtika tashkilotlarining respublika hududida biofarmatsevtika yo‘nalishidagi dori vositalarini to‘liq sikl asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, substansiyalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish va xalqaro standartlar joriy qilinishini jadallashtirish doirasidagi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”sini ishlab chiqib, amalga oshirsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev) Eksportni rag‘batlantirish agentligi orqali dori vositalarini “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” talablari asosida ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralarini joriy etsin:
2025 yil 1 yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan, chegaradosh qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foizigaчa, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) 5 фоизидaн (avtomobil transportida tashish holatida) va 7 фоизидaн (temir yo‘l transportida tashish holatida) ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etish;
eksport qiluvchi farmatsevtika tashkilotlari tomonidan tovarlar ular bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirib to‘lash sharti bilan eksport qilinganda, ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirishga tijorat banklariga foizsiz moliyaviy resurslar taqdim etish. Bunda, ushbu resurslar hisobidan kreditlar kechiktirilgan muddatga va eksport qilinayotgan mahsulotlar qiymati miqdorida, biroq 3 million AQSH dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bir yilgacha muddatda yillik 4 foizli stavka (bank marjasi) bilan ajratiladi.
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Kariyev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda har bir investitsiya loyihasini muddatida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi choralarini ko‘rsin.
11. 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
13. Sog‘liqni saqlash vazirligi (Musayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
retseptsiz farmatsevtika mahsulotlari savdosini erkinlashtirish bo‘yicha;
qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari S.U.Umurzakov va sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 21 yanvar