O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatda eksport-import operatsiyalarini tartibga solish va soddalashtirish, talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba’zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi, oqibatda, bu asosda qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi jiddiy tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Bozorda ayrim import qiluvchilarning ustun mavqega ega bo‘lishiga
ular uchun individual imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilinganligi, ularning faoliyati uchun ekskluziv sharoitlar yaratilganligi ko‘maklashgan, bu esa boshqa tadbirkorlik subyektlarining bozorga kirish imkoniyatini cheklashga olib kelmoqda.
Mazkur sohada yuzaga kelgan vaziyat ishchanlik faolligini va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, xalqaro maydonda mamlakatning obro‘siga jiddiy ziyon yetkazadi.
Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish maqsadida:
1. 2018-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar bekor qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublikaga oziq-ovqat tovarlarini olib kirish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar taqdim etishni nazarda tutuvchi qarorlarning qabul qilinishi taqiqlansin.
Belgilansinki, ushbu band talablari buzilgan hollarda aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi, Respublika universal agrosanoat birjasi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda:
2018-yilga oziq-ovqat mahsulotlarini tashuvchilarni izlab topish
va jalb qilish, ular uchun bozorga kirishda teng sharoitlar yaratish, ularga shartnomalar tuzish, kiritilgan mahsulotlarni tashish va saqlashda ko‘maklashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, aholining sifatli, arzon oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talabini to‘liq qanoatlantirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqishni;
respublikaning barcha hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlarida ixtisoslashtirilgan omborxona imoratlari, omborlar, muzlatish kameralari, oziq-ovqat tovarlarini qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologik, energiya samarador uskunalarni tashkil etishni ta’minlasin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-fevraldan boshlab:
iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilinadi;
shakar ishlab chiqaruvchilar 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga import xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi;
iste’mol tovarlarini tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab etilmaydi;
ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinadi;
ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) mablag‘lari hisobidan import qilish istisno hollarda va faqat tovar-xom ashyo birjalari, jumladan, xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi;
oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi, Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi batafsil axborot har oy O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi;
birja brokerlari tijorat banklariga mijoz – norezident nomidan tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ga talabnoma berish, norezident – yuridik shaxslar esa O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisob raqamlari ochish va tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish tartibini chayqovchilik va boshqa suiiste’molchilik hollariga imkon bermaydigan choralarni nazarda tutgan holda belgilash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi;
bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, agrar kompleksni rivojlantirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibga solish bo‘yicha choralarni belgilovchi “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 martga qadar muddatda tovar-xom ashyo birjalari tomonidan foydalanilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni axborotdan erkin foydalanish va uning ochiqligi, jumladan, ma’lumotlarni chet tillarda (rus, ingliz tillari) joylashtirish, amalga oshirilayotgan operatsiyalarning shaffofligini, shuningdek, o‘tkaziladigan elektron savdolarga aralashish va ularning natijalarini buzib ko‘rsatish imkoniyatini istisno etishni nazarda tutgan holda tubdan takomillashtirishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oziq-ovqat tovarlariga bojxona to‘lovlari stavkalari, bojxona tartib-taomillari va respublika bojxona chegarasi orqali tovarlarni tashish tizimining tanqidiy o‘rganilishini hamda bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish, ortiqcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, jumladan, tartib-taomillarni “yagona darcha” tamoyili asosida rasmiylashtirishga o‘tish orqali tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini maksimal soddalashtirish va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatishni tartibga soluvchi qonunchilikni ortiqcha to‘siq va g‘ovlar, davlat tomonidan tartibga solishning asossiz choralarini bartaraf etish nuqtai nazaridan tanqidiy tahlil qilsin, shuningdek, natijalari bo‘yicha mazkur sohani tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin;
oziq-ovqat tovarlari narxini pasaytirish va barqarorlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi sansalorlik va byurokratiyani bartaraf etish, shuningdek, respublikada ishchanlik muhitini yaxshilash bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish maqsadida tadbirkorlik subyektlari, jumladan, ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar, chet ellik investorlar va xorijiy hamkorlar bilan doimiy asosda muntazam ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa idoralarning axborot ma’lumotlar bazalaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatini yaratsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlari bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishda sun’iy to‘siqlar yaratish, sansalorlik va suiiste’molchilik holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun shaxsiy javobgarligi haqida qat’iy ogohlantirilsin.
9. 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga bojxona to‘lovlari to‘lashdan
ozod qilinadigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) oziq-ovqat mahsulotlari va xom ashyolarning ayrim turlari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyuldagi “Respublikaga iste’mol tovarlari noqonuniy olib kelinishi
va sotilishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 257-son qarorining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 16-yanvar