Milliy urf-odat, an’analar va shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik belgilanadi.

“Islom dini – ma’rifat manbai» dasturi qabul qilinadi. Ushbu dastur doirasida Islomiy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari oshiriladi, Qur’on kurslari ommalashtiriladi, Dinshunoslik sohasidagi ilmiy ishlar rag‘batlantiriladi. O‘zbek tili keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytiriladi. So‘z erkinligi va jamiyatni demokratlashtirish davom ettiriladi.  OAVlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinadi.  Aliment fondi tashkil etilib, uch oy ichida to‘lanmagan alimentlar fond tomonidan to‘lanadi va aliment to‘lovchining ozodligini cheklash yoki mehnatga majburlash orqali qoplanadi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirovning saylovoldi dasturida shu kabi g‘oyalar ilgari surilgan.

Sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda nomzod shular haqida gapirib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda saylov oldi uchrashuvlarining yangicha formatda o‘tkazilayotgani saylovlarning erkin va demokratik ruhda tashkil etilayotganidan dalolatdir.

Nomzod Sirdaryo viloyatidagi saylovchilar bilan muloqoti davomida Sirdaryo xalqining xuquqiy savodxonlik darajasi baland va har biri o‘zining fuqarolik pozitsiyasiga ega ekanlini ta’kidladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar saylovda faol ishtirok etib, saylovchilarni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirovga ovoz berishga chaqirdi.

 

Sh.Suyarov, O‘zA