O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2863-son qaroriga muvofiq, sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini yanada rivojlantirish bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlarining faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davr mobaynida sog‘liqni saqlashning xususiy sektori tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari 50 tadan 126 taga ko‘paydi. Stomatologiya va kosmetologiya tashkilotlaridan tashqari xususiy tibbiyot tashkilotlari 2022-yilning 1-yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar, shuningdek, olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ularning ehtiyot qismlari va zarur materiallar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etildi.

Qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangi tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etilishi qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish imkonini berdi.

Natijada xususiy tibbiyot muassasalarining soni 440 taga ko‘payib, ularning umumiy soni 4 mingga yetdi.

Shu bilan birga, davlat tibbiyot muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, mazkur sohada davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, shuningdek, respublikada va chet elda tibbiy kadrlarning malakasini oshirish, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini joriy etish masalalari dolzarbligicha qolmoqda.

Sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar hajmlarini yanada kengaytirish, xususiy tibbiyot sohasiga investitsiyalarni jalb qilish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov) va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Qo‘chqorov)ning davlat tibbiyot tashkilotlari funksiyalarini davlat-xususiy sherikchiligi asosida tadbirkorlik subyektlariga o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish:

yordamchi bo‘linmalar (oziq-ovqat bloklari, kir yuvish xonalari va boshqalar) faoliyatini ta’minlash;

ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlanadigan ayrim tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan takliflari ma’qullansin.

2. 2018-2019-yillarda hududlarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha parametrlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

bir haftalik muddatda 2018-2019-yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda manzilli ro‘yxat deb ataladi) va uning “yo‘l xaritasi”ni mazkur qaror ilovasiga muvofiq tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasi bilan birgalikda manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlariga ular belgilangan tartibda zarur hujjatlarni taqdim etganda qurilishni amalga oshirish uchun yer maydonlari ajratsin;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda, istisno tariqasida, manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlariga davlat mulkidagi foydalanilmasdan turgan obyektlarni “nol” xarid qiymatida sotsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va “AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining:

Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy ta’lim muassasalaridan birining faoliyatini tashkil etish;

Koreya Respublikasining tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “AKFA MEDLINE” MCHJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazini tashkil etish;

Koreya Respublikasining ilg‘or klinikalari va tibbiyot markazlarining diagnostika, davolash, servis va menejment masalalari bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tajribasini o‘rganish va mamlakatimiz tibbiyotiga joriy etish uchun ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

“AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha takliflari ma’qullansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Yusupaliyev) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (Nabiyev) hamda “AKFA MEDLINE” MCHJ (Nigmanov) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha dastur loyihasini (Yo‘l xaritasini) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

6. 2018-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlarida ishlovchi shifokor-pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanishi belgilansin.

7. “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki (Mullajonov) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Yusupaliyev) bilan birgalikda bir oy muddatda “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshidagi nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larining quyidagi xarajatlar nisbatini nazarda tutadigan foydalanish tartibini tasdiqlasin:

besh foiz – yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va xususiy tibbiyot tashkilotlari shifokorlarini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish uchun yuborishga;

to‘qson besh foiz – xususiy tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda respublikaning har bir hududi uchun 1 million AQSH dollari miqdorida resurslar hajmini nazarda tutgan holda, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshidagi nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasining 14 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larini shakllantirish manbalarini aniqlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklariga yangi tashkil etilayotgan va faoliyatini kengaytirayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarini, shu jumladan, manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan xususiy tibbiyot tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini sotib olishi, shuningdek, mutaxassislarining malakasini oshirish va xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishni tashkil etishi uchun belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Yusupaliyev):

a) ikki oy muddatda:

xususiy tibbiyot tashkilotlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun xorijga yuborish, shuningdek, xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish tartibini;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Haydarov) bilan birgalikda davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlarini tadbirkorlik subyektlariga berish tartibini;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (Nabiyev) bilan birgalikda yetakchi xususiy tibbiyot tashkilotlari infratuzilmasini shartnoma asosida tibbiy kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari talabalari, malakasini oshirayotgan amaliyotchi shifokorlar uchun o‘quv baza sifatida foydalanish tartibini tasdiqlasin hamda 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab joriy etsin;

b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

tibbiyot tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish konsepsiyasini;

huquqiy tartibga solish mexanizmlarini, tegishli infratuzilmaga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot majmualarini barpo etishni, mijozlarning mamlakatda bo‘lish davrida ularga tashkiliy-maslahat ko‘magini ko‘rsatgan holda mamlakatga kirish va chiqishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutuvchi tibbiy turizmni rivojlantirish konsepsiyasini;

xususiy tibbiyot tashkilotlari axborot tizimlarini “Sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari kompleksiga va keyinchalik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiyalash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Kasimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Q.Akmalov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV


Toshkent shahri, 2017-yil 29-dekabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini rivojlantirishni har tomonlama davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlagan holda yanada rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini kengaytirish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalarni yanada jalb qilish maqsadida qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimi xususiy sektorini yanada rivojlantirish bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlarining faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlashning xususiy sektorida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davr ichida sog‘liqni saqlashning xususiy sektori tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari kengaydi, ularning soni 50 tadan 126 tagacha oshdi. Xususiy tibbiyot tashkilotlari stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari, 2022-yilning 1-yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan, olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari va materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.

Ta’kidlash joizki, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalarning davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni rivojlantirishni tezlashtirish imkonini berdi.

Natijada xususiy tibbiyot muassasalarining soni 440 taga ko‘payib, ularning umumiy soni 4 mingdan oshdi. Ikki mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Shu bilan birga, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat tibbiyot muassasalarining alohida funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy turizm va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, tibbiy kadrlar malakasini respublikada va chet elda oshirish, xususiy sog‘liqni saqlash sektorini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga integratsiyalash, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini joriy etish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Aynan shu masalalarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorning muhim ahamiyatga egaligi shu bilan tasdiqlanadiki, unda davlat tibbiyot tashkilotlarining yordamchi bo‘linmalarini (oziq-ovqat bloklari, kir yuvish xonalari, tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish va h.k.) xususiy sektor vakillariga berish orqali davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, xususiy tibbiyot tashkilotlariga shartnoma asosida davlat tibbiyot tashkilotlarining ba’zi bir tibbiy xizmat turlari (laboratoriya, gemodializ, sterilizatsiya va boshqalar) ham o‘tkaziladi. Ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Qaror bilan 2018-2019-yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning tibbiy ixtisoslik turlari, moliyalashtirish manbalari va hajmlari ko‘rsatilgan manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.

Qo‘yilgan masalalarning muhimligi bois, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasi bilan birgalikda manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlari zarur hujjatlarni taqdim etganda qurilishni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratish, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda, istisno tariqasida, davlat mulkidagi foydalanilmasdan turgan obyektlarni “nol” xarid qiymatida berish bo‘yicha vazifalarni hal etish topshirilgan.

Qarorning ahamiyatliligi yana shu bilan ifodalanadiki, unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va “AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy ta’lim muassasalaridan birining faoliyatini, Koreya Respublikasining tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “AKFA MEDLINE” MCHJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hamda Koreya Respublikasining ilg‘or klinikalari va tibbiyot markazlari bilan, ularning diagnostika, davolash, servis va menejment masalalari bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi tajribasini o‘rganish va maxalliy tibbiyotga joriy etish va “AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining xududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanmoqda.

Bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish maqsadida ularni amalga oshirish yuzasidan bir oy muddatda “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuzasidan vazifa topshirilgan.

Ta’kidlash joizki, qishloq va olis tumanlardagi shifokorlarning ta’minlanganligini yaxshilash maqsadida qarorda tibbiyot tashkilotlarida mehnat qilayotgan shifokor-pensionerlarga pensiyani to‘liq miqdorda to‘lash nazarda tutilgan.

Qarorda xususiy tibbiyot tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgan. Xususan, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga har bir hudud uchun hajmi 1 million AQSH dollari miqdorida bo‘lgan navbatdagi 14 million AQSH dollari hajmidagi transh kredit mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan.

Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xususiy tibbiyot tashkilotlari shifokorlarini malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborishga hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga qaratiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklariga xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilgan.

Qarorda tibbiyot kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ikki oy muddatda “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xususiy tibbiyot tashkilotlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun xorijga yuborish tartibini tasdiqlash yuzasidan topshiriq berilgan.

Shuningdek, qarorda yetakchi xususiy tibbiyot tashkilotlarining kadrlar va moddiy-texnik salohiyatidan oqilona foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda shartnoma asosida xususiy tibbiyot muassasalaridan tibbiy kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari talabalari, malakasini oshirayotgan amaliyotchi shifokorlar uchun o‘quv baza sifatida foydalanishni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqib, tasdiqlash va uni 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab joriy etish bo‘yicha vazifa yuklatilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish konsepsiyasini hamda tibbiy turizmni yanada rivojlantirish, xorijiy fuqarolarning tibbiy xizmat olish uchun respublikaga kirishi uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini yanada rivojlantirish uning respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishdagi salmog‘ini so‘zsiz oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, ishonchli statistika ma’lumotlarini shakllantirish uchun yagona axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bo‘lgan extiyojni keltirib chiqaradi. Sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy sektorlari o‘rtasidagi izchillikni ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idorlar bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini “Sog‘liqni saqlash” kompleks axborot tizimiga ulash, kelgusida esa ularni Yagona interfaol davlat xizmatlari portaliga integratsiyalash bo‘yicha takliflarni tayyorlash vazifasi topshirildi.

Umuman, mazkur qarorning amalga oshirilishi sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini jadal rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, aholining yuqori malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.