Joriy yilning 18-23 yanvar kunlari poytaxtimizda qilichbozlikning shpaga, sablya va rapira yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. 20 va undan kichik yoshda bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslar yakkalik va jamoaviy tarzda o‘tkazildi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, yakkalik bahslarida Zaynab Dayibekova (Qoraqalpog‘iston), Ilayda Gedikli, Shahzoda Egamberdiyeva (Toshkent), Kamoliddin Axtamov (Navoiy), Sherzod Mamutov (Qoraqalpog‘iston), Ahmadilloxon Solixo‘jayev (Andijon)larga mahorat bobida teng keladigani topilmadi. Jamoaviy bahslarda esa Buxoro, Toshkent, Andijon, qoraqalpog‘istonlik qilichbozlar g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA