O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlarni tanlash, saralab olish
va ularni professional shaxmatchilar va xalqaro grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, trenerlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, shuningdek, O‘zbekiston shaxmat maktabini yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar tashabbusi bilan 2019 yil 2 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganligi va ushbu rezolyutsiyaga muvofiq 20 iyul Butunjahon shaxmat kuni etib e’lon qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
“Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish, uning doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari uchun shaxmatga o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish orqali qamrovni yilma-yil oshirib borish, o‘quvchilar va maktablar o‘rtasida turnirlar o‘tkazish;
bolalar va o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, uni ommaviylashtirish, bu borada ta’lim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etish;
yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh shaxmatchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tubdan takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich tayyorgarlikdan o‘tkazib borish orqali professional shaxmatchilar va xalqaro grossmeyster bo‘lib yetishishini ta’minlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash;
shaxmat infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilish;
shaxmat sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilg‘or ilmiy-metodik hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
shaxmat bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va olimpiadalar g‘oliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro unvonlarga ega bo‘lgan trenerlar va hakamlar unvonlarini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash;
shaxmatni intellektual sport turi sifatida keng yoritish hamda targ‘ib qilish ishlarini tashkillashtirish, shuningdek, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining xalqaro shaxmat musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash.
3. Quyidagilar:
Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturini 2021 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va shaxmatni ommalashtirish bo‘yicha tegishli davrgamo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili alohida-alohida tasdiqlanadigan
“Yo‘l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari), shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
2025 yilga qadar shaxmat bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 3 фоизga yetkazish;
qo‘shimcha ustuvor sport turi sifatida shaxmat rivojlantirilishi lozim bo‘lgan respublika tuman (shahar)lari sonini 40 taga yetkazish;
kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta shaxmat maktablari va klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
bolalar-o‘smirlar sport maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan shaxmat bo‘limlari va seksiyalari sonini 20 фоизga oshirish, shuningdek, ularda shaxmat bilan shug‘ullanayotgan bolalar qamrovini 10 500 ga yetkazish;
mamlakatimizning Xalqaro shaxmat federatsiyasidagi (FIDE) reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash va 2025 yilda birinchi 10 taликкa kirishiga erishish.
5. Xalq ta’limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3906-son qarori bilan 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitishni tashkil qilish amaliyotini kengaytirish va shu munosabat bilan yana qo‘shimcha 150 ta maktabni (shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) 10 tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 15 tadan maktab) shaxmatga ixtisoslashtirish, shuningdek, ularning o‘quvchilarini chuqurlashtirilgan holda shaxmatga o‘qitish;
4-ilovaga muvofiq tanlov asosida 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida 18 soatlik reja asosida shaxmatga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish hamda ularga metodik yordam ko‘rsatish;
qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga o‘qitish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yiliga qadar 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini shaxmatga o‘rgatish uchun 18 soatlik o‘quv rejasini ishlab chiqsin va ushbu maktablarni o‘quv qo‘llanma, magnitli doska, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlasin hamda ushbu maqsadlarga vazirlikka respublika byudjetidan 2021 yil uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan 10 milliard so‘mgacha mablag‘larni yo‘naltirsin.
6. Xalq ta’limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda 2021 yil 1 iyulga qadar:
mazkur qarorning 5-bandi to‘rtinchi xatboshisida ko‘rsatilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, ularni o‘quv qo‘llanma, magnitli doska, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
shaxmatga ixtisoslashtirilayotgan qo‘shimcha 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari ro‘yxatini tasdiqlasin, shuningdek, ularning o‘quvchilarini chuqurlashtirilgan holda shaxmatga o‘qitish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqsin.
Moliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yiliga qadar Xalq ta’limi vazirligiga respublika byudjetidan 2021 yil uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan:
shaxmatga ixtisoslashtirilayotgan qo‘shimcha 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini o‘quv qo‘llanma, magnitli doska, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun 7,5 milliard so‘mgacha mablag‘larni yo‘naltirsin;
qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari (mazkur qarorning 5-bandi beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maktablar bundan mustasno) 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga umumiy o‘qitish va zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun
20 milliard so‘mgacha mablag‘larni yo‘naltirsin.
7. Xalq ta’limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda:
2021 yil 1 martdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktabi “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchilari (o‘qituvchi-trenerlar)ning shaxmat bo‘yicha malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
2021 yildan boshlab har yili bir oy davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmat bo‘yicha viloyat, respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro unvonlarga ega bo‘lgan trenerlar va hakamlarni jalb qilgan holda “Shaxmat oyligini” tashkil etsin;
2021 yildan boshlab har yili umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jamoaviy “Shohruh” turnirini tashkil etsin va o‘tkazsin;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari va “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchilari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha respublika birinchiлиgini o‘tkazsin.
8. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:
ta’lim va boshqa muassasalar o‘qituvchilari hamda qiziqish bildirgan shaxslarni shaxmat bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida qisqa muddatli kurslarda qayta tayyorlash va malakasini doimiy ravishda oshirib borish tizimini joriy qilsin, tegishli o‘quv dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo‘yicha turli musobaqalar va turnirlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
9. Belgilansinki, 2021 yil boshlab har yili:
iyun-avgust oylari davomida mahalla bolalari o‘rtasida “Mahalla kubogi” shaxmat musobaqalari tashkil etiladi;
may-iyul oylari davomida mahalla oilalari o‘rtasida “Shaxmatchi oila” turniri o‘tkaziladi, mahalladagi oilalarning jamoaviy tarzda ishtirok etishi ta’minlanadi;
ikki marotaba vazirlik, idora va tashkilotlarda xodimlar o‘rtasida “Shaxmat kunlari” o‘tkaziladi.
10. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 2021 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri, O‘zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.T.Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir, shuningdek, shaxmat bo‘yicha XVII Jahon chempioni R.M.Qosimjonov xalqaro turnirini;
Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turnirini;
Xiva shahrida “Al-Beruniy” xalqaro shaxmat turnirini;
Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi”ni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
11. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining:
shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasini tashkil etish;
jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tarkibida shaxmat bo‘yicha alohida bo‘linmani tashkil qilish to‘g‘risidagi tashabbuslari ma’qullansin.
Adliya vazirligi bir oy muddatda tashkil qilinayotgan assotsiatsiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasiga bir oy muddatda shaxmat bo‘yicha bo‘linmani malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, zarur anjomlar va vositalar bilan jihozlash bo‘yicha choralar ko‘rish tavsiya qilinsin.
12. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida shaxmat bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi ochiladi;
boshqa oliy ta’lim muassasalarida shaxmat yo‘nalishiga zarur ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining tavsiyasiga asosan alohida qabul kvotalari belgilanadi;
pedagog xodimlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha “Eng yaxshi innovatsion o‘quv metodik qo‘llanma” tanlovi tashkil etiladi, qo‘llanmani ommalashtirish va joylarga yetkazish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mazkur bandda nazarda tutilgan vazifalar ijrosini to‘liq va sifatli ta’minlasin.
13. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 2019 yil 16 fevraldagi navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi qarori bilan Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi negizida Xalqaro shaxmat akademiyasi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
14. Belgilansinki, Xalqaro shaxmat akademiyasi:
O‘zbekistonda shaxmat sport turi bo‘yicha o‘quv-metodik va tayyorlovning asosiy bazasi hisoblanadi;
shaxmat sport turi bo‘yicha o‘quv-metodik qo‘llanmalar va darsliklarni ishlab chiquvchi va markazlashgan holda tarqatuvchi muassasa hisoblanadi;
faoliyati Davlat byudjeti, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
direktori, direktor o‘rinbosarlari, instruktor-metodistlari, trenerlari va o‘qituvchilarining mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq;
direktori, direktor o‘rinbosarlari, instruktor-metodistlari, trenerlari va tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
mustaqil ravishda xo‘jalik va moliyaviy faoliyati masalalarini hal qiladi;
direktori va direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining taqdimnomasiga asosan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
15. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga a’zolik badallari;
mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;
homiylar – jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamg‘arma mablag‘laridan shu jumladan:
Xalqaro shaxmat akademiyasi, bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;
shaxmatni ommaviylashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida shaxmatchilar, trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning xorijiy davlatlarga tashriflarini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadlari uchun foydalanilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish, mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
16. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining shaxmat bo‘yichamusobaqalar va turnirlarni onlayn o‘tkazish platformasi (www.uzchess.uz), shuningdek, tahsil olayotgan o‘quvchilar va talabalar hamda o‘qituvchilar, trenerlar va mutaxassislarning yagona elektron bazasini yaratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki: platforma va elektron bazani ishlab chiqish hamda ularga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizatsiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yuklatiladi;
platforma va elektron baza 2021 yil 1 mayga qadar Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi, homiylar – yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi va doimiy ravishda texnik qo‘llab-quvvatlanadi;
platforma orqali shaxmat bo‘yicha musobaqalar va turnirlar onlayn tarzda o‘tkaziladi, ularning g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi;
platforma orqali o‘tkaziladigan shaxmat bo‘yicha musobaqalar va turnirlar g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
17. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
shaxmat bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va olimpiadalar g‘oliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro unvonlarga ega bo‘lgan trenerlar va hakamlar unvonlarini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash;
mamlakatimizda tashkil etiladigan mahalliy va xalqaro musobaqalarda ishtirok etadigan mahalliy hakamlar hamda xalqaro seminar ma’ruzachilari uchun to‘lanadigan kunlik to‘lovlarni xalqaro standartlarga va toifalarga moslashtirish.
18. Quyidagilar:
Qo‘shimcha ustuvor sport turi sifatida shaxmat rivojlanishi lozim bo‘lgan respublika tuman (shahar)lari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022-2024 yillarda bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini tashkil qilish rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, qo‘shimcha ustuvor sport turi sifatida shaxmat rivojlantiriladigan tuman (shahar)larda umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari, o‘qituvchi-trenerlar, mahalla aholisi o‘rtasida shaxmat bo‘yicha doimiy ravishda musobaqalar va shaxmat haftaliklari o‘tkazib boriladi va ushbu tadbirlar mahalliy byudjet hamda boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2022 yil va kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini qurish ishlari uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.
Qurilish vazirligi bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
19. Quyidagilar:
O‘zbekistonda shaxmatni jadal rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) tarkibi 7-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida shaxmatni jadal rivojlantirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – hududiy ishchi guruhlar)ning namunaviy tarkibi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika kengashi (A.A.Abduhakimov):
bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida shaxmatni 2021 yilda rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha manzilli hududiy dasturlarni tasdiqlasin, shuningdek, ularning to‘liq va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatsin;
hududiy ishchi guruhlar hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin, ular tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin;
shaxmatni rivojlantirish va ommaviylashtirish, shu jumladan, platforma orqali o‘tkaziladigan shaxmat bo‘yicha musobaqalar va turnirlar g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash maqsadida mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, homiylar – yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb qilsin.
20. Moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablag‘larni 2021 yil Davlat byudjetida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.
21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanalida shaxmat bo‘yicha mahalliy va xalqaro musobaqalar, shaxmatchilarimiz tomonidan erishilgan yutuqlar, shuningdek, shaxmatni intellektual sport turi sifatida keng yoritish va targ‘ib qilish ishlarini muntazam tashkillashtirib borsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy telekanallar va ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish ishlarini doimiy ravishda tashkillashtirib borsin.
22. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Respublika kengashi (A.A.Abduhakimov) o‘n kun muddatda mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa vositalaridan foydalangan holda majlis o‘tkazib, mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida axborot bersin, shuningdek, har chorakda ijrosini muhokama qilsin va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
b) Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.X.Nabiyev):
mazkur qaror va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishning pirovard maqsadiga erishilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda bir yilga mo‘ljallangan media-rejani tasdiqlasin hamda shaxmatni targ‘ib qilishga qaratilgan mavzuli va ko‘chma dasturlar,
tok-shoular, intervyular va roliklar namoyish etilishini tashkillashtirsin;
har chorakda mazkur qaror bajarilishi holati, mavjud muammolar, maqsadli ko‘rsatkichlarda belgilangan natijalarga erishish holati to‘g‘risida Respublika kengashiga hisobot berib borsin;
v) “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishiga va baholash mezonlarida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishishga mas’ul vazirlik hamda idoralar zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish, “Yo‘l xaritasi”ni ijro etish holati to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga axborot taqdim etsin;
g) O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga mazkur qarorni amalga oshirishda mas’ul vazirlik va idoralarga doimiy ravishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etilsin.
23. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3906-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
25. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 iyul va 2022 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 14 yanvar