Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat, jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Ularda Oʻzbekistonning davlat va jamiyat qurilishida erishgan muvaffaqiyatlari, mamlakatning barqaror taraqqiyotini taʼminlash va aholi turmush darajasini oshirish, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari eʼtirof etilgan.
Maktublarda davlatimiz rahbari va Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilib, xalqaro hamjamiyat oldida turgan umumiy global xatarlar tez fursatda yengib oʻtilishiga ishonch bildirilgan.
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mustaqillik kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining har bir aʼzosi oʻzining betakror madaniyati va tarixiga ega, ularning xilma-xilligi BMT va dunyoni boyitmoqda. Mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida xalqaro kun tartibidagi barcha masalalar borasida ishtirok etishi juda ham muhim.
Joriy yilda, Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish boʻyicha harakatlarning birinchi oʻn yilligida, barchaning manfaatiga xizmat qiladigan adolatli globallashuvni barpo etishda umumiy maqsadlarimizni kuchaytirishimiz lozim.
Dunyoni barcha uchun yana-da tinch, adolatli va barqaror qilishga intilar ekanmiz, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining hissasi va koʻmagidan umidvorman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan eng yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Antoniu Guterrish
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Oʻzbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari barchaga maʼlum. Mamlakatingiz jahon maydonida eʼtirof etilgan obroʻ-eʼtibor qozongan, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda muhim oʻrin tutadi.
Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida rivojlanib bormoqda. Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan koʻp qirrali ikki tomonlama munosabalarni doʻst xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yana-da rivojlantiramiz.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda ulkan zafarlar, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizni va Siz orqali birodar Oʻzbekiston xalqini davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.
Keyingi yillar Oʻzbekistonda Sizning zabardast rahbarligingizda turli yoʻnalishlarda islohotlar amalga oshirildi, davlat qurilishi sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xitoy bundan chin yurakdan mamnun. Koronavirus infeksiyasi tarqalganidan soʻng Oʻzbekiston ushbu epidemiyaga qarshi kurashishda jipslashdi. Oʻzbekiston xalqi bunda albatta gʻalaba qozonishiga qatʼiy ishonaman.
Joriy yilning may oyida telefon orqali doʻstona ruhda muloqot qildik, koronavirusga qarshi umumiy kurashimiz va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik.
Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdaman hamda oʻrtamizdagi namunali ishchan munosabatlarimiz va shaxsiy doʻstlikni yuksak qadrlayman.
Siz bilan birgalikda Xitoy-Oʻzbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida rivojlantirishda yangi natijalarga erishish uchun harakat qilishga tayyorman.
Doʻst Oʻzbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si Szinpin
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Amerika xalqi nomidan Ciz va Oʻzbekiston xalqini mamlakatingiz mustaqilligining 29 yilligi bilan tabriklayman. Amerika Qoʻshma Shtatlari davlatingiz suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlashda sizga yelkadoshdir.
Oʻtgan yil ichida, hatto global xatarlarga qaramay, yana-da chuqurlashgan keng miqyosli hamkorligimizni yuqori baholayman. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Afgʻoniston bilan hamkorlik va rishtalarni yaxshilash boʻyicha tashabbusingizni olqishlayman. Shuningdek, men katta maqsadlarni koʻzlovchi islohotlar dasturingizni yuqori qadrlayman, u toʻliq amalga oshgach, Oʻzbekiston xalqi va umuman mintaqaning yana-da ochiq va farovon kelajagini taʼminlaydi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari ushbu tashabbuslarda va COVID-19 ga qarshi kurashda sherigingiz ekanidan faxrlanadi. Kelgusi yilda hamkorligimizning yana-da samarali natijalariga umid qilib qolaman.
Hurmat bilan,
Donald Tramp
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Tarixan qisqa davrda mamlakatingiz katta yutuqlarga erishdi – u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro maydonda ham faol ishtirokchiga aylandi.
Qardosh Oʻzbekistonga farovonlik va jadal taraqqiyot, oʻzbek xalqi Siz rahbarligingizda porloq kelajakka erishishini chin yurakdan tilayman.
Sizning mintaqamiz davlatlari oʻrtasida sheriklik va hamkorlikni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasida mustahkamlashdagi saʼy-harakatlaringizni alohida taʼkidlamoqchiman.
Men mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik anʼanaviy hamkorlik asosida shakllangan strategik sheriklik bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik va ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilaymiz.
Samimiyat ila,
Nursulton Nazarboyev
Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Elboshi
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Sizning kuchli va ehtiromga sazovor rahbarligingizda Oʻzbekiston barqaror rivojlanishni taʼminlashga, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilayotgan keng miqyosli, uzoq istiqbolga moʻljallangan islohotlarni ishonch bilan amalga oshirmoqda.
Qozogʻiston Oʻzbekiston erishgan yutuqlardan chin dildan xursand hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi birodarlik rishtalari va har tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga katta ahamiyat beradi.
Ishonchim komil, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning barcha masalalari boʻyicha oʻzaro ishonchga asoslangan faol muloqotimiz bundan buyon ham Qozogʻiston-Oʻzbekiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qadrli birodarim!
Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va Siz orqali butun Oʻzbekiston Respublikasi xalqini mamlakatingiz Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy qutlash va eng yaxshi tilaklarimni izhor etish sharafiga muyassarman.
Mustaqillik yillarida qardosh Oʻzbekiston oʻz davlatchiligini mustahkamlash, xalq farovonligini yaxshilash va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda sezilarli yutuqlarga erishdi.
Mamlakatingizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tanlangan yoʻl naqadar samaradorli ekanining yaqqol tasdigʻidir.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Turkmaniston Oʻzbekiston Respublikasi bilan yildan yilga yangi mazmun bilan boyib borayotgan munosabatlarni samimiy qadrlaydi. Muloqotimizga xos boʻlgan iliqlik va oʻzaro ishonch bundan buyon ham ikki qardosh xalq manfaati yoʻlida strategik sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov
Turkmaniston Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Sizni va barcha yurtdoshlaringizni milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan qutlayman.
Shunday muhim kunda Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, ishlaringizda yangi zafarlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa abadiy tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston davlatchilikni barpo etishning katta yoʻlini bosib oʻtdi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda, xalq farovonligi oʻsishini taʼminlashda va oʻzining xalqaro obroʻsini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, Sizning, muhtaram Shavkat Miromonovich, rahbarligingizda bugun mamlakatning ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar tahsinga sazovor.
Tojikiston-Oʻzbekiston doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini izchil mustahkamlash va kengaytirish har doim Tojikiston tashqi siyosatining eng muhim yoʻnalishi boʻlgan va shunday boʻlib qolmoqda.
Keyingi yillarda tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi samarali davlatlararo hamkorlik umumiy manfaatlarning barcha sohalarida izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlashdan mamnunman.
Ishonchim komil, koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va ishonch anʼanalariga asoslanib, biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari, mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va konstruktiv hamkorlikni yana-da rivojlantirish yoʻlida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashda davom etamiz.
Chuqur hurmat bilan,
Emomali Rahmon
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qirgʻiz Respublikasi xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va butun Oʻzbekiston Respublikasi xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Sizning rahbarligingizda Oʻzbekistonning mintaqada va butun dunyodagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlanganini, mamlakatda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar ijobiy natijalar berayotganini taʼkidlamoqchiman.
Ishonchim komilki, sizning koʻmagingiz bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari bundan buyon ham ikki xalqning yorqin kelajagi yoʻlida izchil rivojlanib boradi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va oilangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, ishlaringizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Sooronbay Jeenbekov
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident, hurmatli qardoshim!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun oʻzbek xalqini xalqim va shaxsan oʻz nomimdan eng samimiy tuygʻularim ila muborakbod etaman.
29 yilligini qutlayotgan doʻst va qardosh oʻlka – Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi biz uchun buyuk quvonch va baxtiyorlik manbaidir.
Turkiya Respublikasi Oʻzbekistonning va oʻzbek qardoshlarining yonida boʻlishda davom etadi.
Bu yil fevral oyida Strategik hamkorlik Oliy kengashi birinchi yigʻilishi va Prezident Devoni qoshidagi kutubxonaning ochilish marosimiga ishtirok etish uchun yurtimizga amalga oshirgan tashrifingizning goʻzal taassurotlari hamon yodimizda.
Strategik sheriklik darajasiga yetgan munosabatlarimizda kuzatilayotgan oʻzgarishlarni eʼtiborga olganda, erishilgan jadallik surʼatlari saqlanishi va davom ettirilishi katta ahamiyatga ega.
Bu borada Qurbon hayiti munosabati bilan yuborgan tabrik maktubingizda Strategik hamkorlik Oliy kengashining keyingi yigʻilishini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga taklifingizni mamnuniyat bilan oldim. Kelgusida diplomatik kanallar orqali belgilanadigan maqbul sanada Oʻzbekistonga tashrif buyurishdan gʻoyat baxtiyor boʻlaman.
Fursatdan foydalanib Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, doʻst va qardosh oʻzbek xalqiga omonlik tilaklarimni yoʻllayman.
Rejep Tayyip Erdogʻan
Turkiya Respublikasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich,
Sizga va butun Oʻzbekiston xalqiga Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Oʻtgan yili Oʻzbekistonga tashrifim davomida alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yana-da faol rivojlanib borishiga umid qilaman.
Ayni paytda butun dunyo COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz yaqin hamkorlik orqali koronavirusni aql-zakovat bilan yengib, ikki tomonlama aloqalarni yangi, yuqori darajaga koʻtaradi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga cheksiz farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Mun Chje In
Koreya Respublikasi Prezidenti
******
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Sizga va mamlakatingiz fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni yoʻllayman.
Oʻtgan yilgi oʻzaro tashriflarimizdan buyon Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgani juda quvonarlidir.
Barchamiz uchun jiddiy muammoga aylangan COVID-19 pandemiyasi inqiroz sharoitida ishonch va sheriklik naqadar muhimligini namoyish etmoqda.
Ayni shu paytda Siz boshlagan islohotlar va modernizatsiya jarayonlari koʻrinarli natijalarni bermoqda. Sizga ushbu yoʻlni muvaffaqiyatli davom ettirishingizni tilayman va Germaniya bu borada Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildiraman.
Sizga eng ezgu tilaklar, Oʻzbekiston xalqiga esa erkinlik, xavfsizlik va farovonlik sharoitida tinch kelajakni tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayer
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
******
Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:
NARUXITO – Yaponiya Imperatori
Ram Nath KOVIND – Hindiston Prezidenti
Ashraf GʻANI – Afgʻoniston Prezidenti
Ilhom ALIYEV – Ozarbayjon Prezidenti
Aleksandr LUKASHENKO – Belarus Prezidenti
Igor DODON – Moldova Prezidenti
Vladimir ZELENSKIY – Ukraina Prezidenti
YELIZAVETA II – Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi
FILIPP – Belgiyaliklar Qiroli
FELIPE VI – Ispaniya Qiroli
VILLEM-ALEKSANDR – Niderlandiya Qiroli
KARL XVI GUSTAV – Shvetsiya Qiroli
Aleksandr Van der BELLEN – Avstriya Prezidenti
Rumen RADEV – Bolgariya Prezidenti
Yanosh ADER – Vengriya Prezidenti
Serjo MATTARELLA – Italiya Prezidenti
Egils LEVITS – Latviya Prezidenti
Andjey DUDA – Polshi Prezidenti
Zuzana CHAPUTOVA – Slovakiya Prezidenti
Milosh ZEMAN – Chexiya Prezidenti
Simonetta SOMMARUGA – Shveysariya Prezidenti
FRANSISK – Rim-katolik cherkovi rahbari
Xalifa bin Zoid OL NAHAYON – BAA Prezidenti
Abdulfattoh AS-SISI – Misr Prezidenti
Hasan RUHONIY – Eron Prezidenti
Imron XON – Pokiston Bosh vaziri
Haysam bin TORIQ – Oʻmon Sultoni
Joko VIDODO – Indoneziya Prezidenti
Sulton Abdulloh Riʼyatuddin Al-Mustafo BILLOH – Malayziya Podshohi
Halima YAQUB – Singapur Prezidenti
Rodrigo DUTERTE – Filippin Prezidenti
Mahmud ABBOS – Falastin Prezidenti
Abdul HAMID – Bangladesh Prezidenti
Shayxa HASINA – Bangladesh Bosh vaziri
Abdulmajid TABBUN – Jazoir Prezidenti
Bunnyang VORACHIT – Laos Prezidenti
Xose Daniel ORTEGA SAAVEDRA – Nikaragua Prezidenti
Muhammad bin Zoid OL NAHAYON – BAA Qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari, Abu-Dabi Amirligi valiahdi
Muhammad bin Roshid OL MAKTUM – BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Syuy DUNYUY – Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori
Zurab POLOLIKASHVILI – Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi
Kunio MIKURIYA – Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi
Salim AL-MALIK – Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (AYSESKO) bosh direktori
Jilber UNGBO – Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti
Bagʻdat AMREYEV – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi
Sergey LEBEDEV – Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi
Xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosatchilar va jamoat arboblarining qutlovlari kelishi davom etmoqda.