Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng aziz umummilliy bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi eʼlon qilinganining 29 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdigʻi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 113 nafar fuqarolar afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 40 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 1 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 2 nafarini chet davlat fuqarolari, 105 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilarini tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
O’zA