O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasi raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan amalga oshirilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalarining natijalari tanishtirildi. O‘tkazilgan tanlovlar yakunlari hamda boshqa dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, «Jamiyatda millatlararo va fuqarolararo totuvlikni, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik muhitini saqlashga va mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash» va «Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda fuqarolar erkinliklarini qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda ijtimoiy sheriklikdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash» mavzularida o‘tkazilgan tanlovlarga 271 NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan 311 loyiha ko‘rib chiqilib, uning yakunlari muhokama qilindi.
Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan tanlovga kelib tushgan barcha loyihalar xolis va ochiq baholanganligi qayd etildi. Muhokamalar natijasida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining 66 loyihasi tanlov g‘olibi ekanligi tasdiqlandi.
NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan amalga oshirilgan davlat granti loyihalarining yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra aniqlangan maqsadsiz sarflangan davlat granti mablag‘lari qaytarilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
2016-2017-yillarda davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirgan tashkilotlarning loyiha doirasida bajargan ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston vrachlar uyushmasi va «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi loyiha doirasida perinatal va neonatal skrining markazlari reagentlar va boshqa davolash materiallari bilan ta’minlanib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalardagi tug‘ma yurak xastaligi bilan og‘rigan 40 nafar bolada jarrrohlik amaliyoti o‘tkazilib, sog‘lig‘i tiklandi.
O‘zbekiston vrachlar uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi natijasida tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantishga qaratilgan turli ko‘rgazmali axborot va o‘quv materiallari tayyorlanib, aholiga tarqatildi.
Yig‘ilishda davlat ijtimoiy buyurtmalari monitoringini tashkil etish borasidagi vazifalar belgilab olindi.