Besh yoshli Tamilla onasi qamalib ketganida hali uch yoshga ham kirmagandi. Onasi uyga kelmay qolganining sababini esa u tushunmas, faqat eshikka ma’yus termulardi…

Endi esini ancha tanib qolgan qizaloq uchun onasining qaytib kelishi chinakam bayram bo‘ldi. Uning ma’yus qora ko‘zlarida quvonch porladi. U tunlari onasini mahkam quchib uxlash, kunduzlari uning etagini qo‘yib yubormaslikni odat qilib oldi. Shunday qilsa, endi onasi ketib qolmaydigandek.

Turli sabablar bilan Tamillaning holiga tushgan, goh onasi, goh otasining diydoridan mahrum bo‘lib, ko‘zlari ma’yus tortgan o‘g‘il-qizlar oramizda kam emas.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash arafasida Prezidentimiz tomonidan 2 ming 700 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmon imzolangani qanchadan-qancha ma’yus ko‘zlarga quvonchni, ko‘plab oilalarga ro‘shnolikni qaytardi.

Mazkur farmonning qabul qilingani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat va jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar insonparvarlik tamoyiliga asoslanganligini ko‘rsatuvchi yana bir yorqin dalildir.

Qayd etish kerakki, qonunga rioya qilmagan, biroq o‘z qilmishining qonunga xilofligini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga o‘z oilasiga va jamiyatga qaytishi, ijtimoiy moslashish imkoniyatining berilishi o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining amaldagi yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda farmon ijrosi to‘liq ta’minlangan. Farmonga asosan afv etilgan shaxslar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, o‘z uyi, oilasi bag‘riga qaytdi.

Yuqorida tilga olingan qizaloqning onasi Nigora Sherifova ham yuksak bag‘rikenglik – afvdan bahramand bo‘ldi. Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi Farg‘ona mahallasida istiqomat qiluvchi bu ayol vaqtincha ishsiz bo‘lib qolgani bois pul topishning egri yo‘lini tanlagandi. Giyohvandlik vositasi bo‘lgan gashish moddasini olib sotmoqchi bo‘lganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangandi. 2015-yil sud hukmi bilan u 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

– Farzand diydoridan ayro bo‘lish, oiladan judolik ayol kishi uchun qanchalik og‘irligini so‘z bilan ifodalash qiyin, – deydi Nigora. –O‘shanda qilayotgan ishim meni shunday xo‘rlikka mahkum etishini, afsuski, yaxshi anglamagan ekanman. Panjara ortida shularni o‘ylab ming bor afsuslandim, cheksiz tavbalar qildim. Ohu zorimni eshitguvchi bormi, deb qalban iltijolar qilardim. Buning ijobatini Prezidentimiz tomonidan afv etilganlar orasida borligimni bilganimda chuqur his etdim. Bundan shunchalar minnatdor bo‘ldimki, endi buning haqini o‘lgunimcha halol mehnat bilan oqlayman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim. Davlatimiz rahbari ayolning o‘rni oilada, farzandi yonida, degan fikrni bildirgan. Men kabi adashgan ayollarga imkon berib, kechirib ana shu fikrning haqiqiy isbotini namoyon qilganlaridan bir umr minnatdorman.

N.Sherifovani o‘z mahallasida qo‘ni-qo‘shnilari, fuqarolar yig‘ini faollari, mahalliy hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari kutib oldi. U endigi hayotini qanday davom ettirishi, sog‘lig‘ini tiklashi, qayerda ishlashi kabi masalalar birgalikda muhokama etildi. Zero, bunday shaxslarning jamiyatga moslashishi, qayta jinoyatga qo‘l urmay to‘g‘ri yo‘ldan ketishi uchun ular bevosita mas’uldirlar.

Poytaxtimizning Olmazor tumani Amir Termur mahallasida istiqomat qiluvchi Munira Abdurafiqova ham insoparvarlikning oliy namunasi – afv tufayli ozodlikka chiqdi.

– Tinch va erkin yashayotganlar ba’zan buning qadrini bilmasligini ozodlikdan mahrum etilgach chuqur angladim, – deydi Munira opa. – Bundan bir yilcha muqaddam turmush o‘rtog‘im og‘ir betob edi. Shifokor retsepti asosida olgan dorilarimdan ayrimlarini pul zarur bo‘lgani uchun sotishga majbur bo‘lgandim. Lekin ular sotish mumkin bo‘lmagan dorilar ekan. Shu sabab jinoiy javobgarlikka tortildim. Men tufayli uchta qizim, nevaralarimning boshi egildi. Sal o‘tib turmush o‘rtog‘im ham vafot etdi. Boshimga tushgan bu ko‘rguliklar uchun pushaymonligimning cheki yo‘q. Men kabi adashganlarni Prezidentimiz bag‘rikenglik qilib kechirgani ko‘zlarimni quvonch yoshlariga to‘ldirdi.

Munira opa uzoq yillar bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan, mahallasining faollaridan biri edi. Uning qonunlarni yaxshi bilmasligi yoshi bir joyga borganda xato qilishiga sababchi bo‘ldi. Uning bu holga tushib qolganidan, tabiiyki, mahalla ahli ham qayg‘uga tushdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan M.Abdurafiqovaning aslida namunali oila bekasi, jamoat ishlarida faol, o‘zi doim halol yashagani bilan bog‘liq ma’lumotlar to‘planib, tegishli idoralarga taqdim etildi. Munira opaning Prezidentimiz tomonidan afv etilganlar ro‘yxatiga tushishida bu ham muhim o‘rin tutdi.

Ha, jamiyatimizda jamoatchilik fikri shu tariqa inobatga olinayotgani adolat muhiti qaror topishiga, bundan minnatdor insonlarning to‘g‘ri yo‘lni tanlashiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’yus tortgan ko‘zlarda bugun porlayotgan quvonch zamirida hayotdan rozilik, jamiyatning ezgu maqsadlariga daxldorlik hissi mujassam. Bu ezgulik davlatimizning asl maqsadlari bilan mushtarakdir.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA