Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Inflyatsiya darajasini yanada pasaytirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy oʻsish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.
Xalqaro tajriba bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit siyosatini yuritishning samarali usullaridan biri inflyatsion targetlash rejimi ekanligini koʻrsatmoqda, bunda pul-kredit bozoridagi markaziy bankning faol ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning muntazam tahlili va davlat siyosati rejalarining keng yoritib borilishi inflyatsiyaning miqdoriy maqsadlariga erishishni taʼminlaydi.
Shu bilan birga, inflyatsion targetlash rejimini joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yoʻnalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini talab etadi:
inflyatsiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan, tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlash va ichki bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish;
Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;
regulyatorning kredit bozoriga samarali taʼsir etishini taʼminlab beruvchi, pul bozorini tartibga solishning yangi instrumentlarini joriy etish.
Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qoʻllashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) oʻrnatish yoʻli bilan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga oʻtkazishni taʼminlasin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari etib belgilansin:
inflyatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish;
pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflyatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qoʻllash;
pul-kredit siyosati sohasida obyektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud boʻlgan ochiq maʼlumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish;
pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning oldindan koʻra bilinishini taʼminlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki inflyatsion targetlash rejimiga toʻliq oʻtish uchun sharoitlar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin, xususan:
muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish;
raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga oʻtishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning toʻlaqonli bozorlarini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish;
monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga oʻtishga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
jamgʻarmalarni investitsiyalarga transformatsiya qilish uchun moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish maqsadida bank tizimi hamda moliya bozorlarini isloh etish, shuningdek, moliyaviy oqimlarni uzoq muddatli rejalashtirish uchun imkoniyat yaratish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2020-yilda inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2020-yilning 1-yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga taʼsir koʻrsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qogʻozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
2020-yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
2020-yilning 1-apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagi hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;
ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyatsion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining oʻz vaqtida yoritilishini koʻzda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;
inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar omillarini doimiy oʻrganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik koʻmagini jalb etish orqali ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish.
6. Inflyatsiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
inflyatsiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan holda tahlil etish va tanqidiy baholab borish;
barcha vazirlik va idoralar saʼy-harakatlarini iqtisodiyotda inflyatsiya darajasini pasaytirish hamda amalga oshirilayotgan siyosatning oʻzaro muvofiqligini taʼminlashga qaratish;
respublika pul-kredit siyosatini inflyatsion targetlash rejimiga oʻtkazishga qaratilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishidagi kamchilik va muammolarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish hamda ushbu sohadagi vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlari va boshqa vakillari ishtirokida har oyda kamida ikki marta ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilishni tashkillashtirish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borish.
7. Belgilansanki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan darajada belgilanadi, ipotekani kreditlash boʻyicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno;
2021-yil 1-yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining maʼlum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2020-yilning 1-fevraliga qadar Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021 yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni inflyatsiya maqsadlariga taʼsirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
umumiy fiskal balans taqchilligini 2022-yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining belgilangan parametrlar doirasidagi qatʼiy ijrosini, shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda soliq-byudjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 2020-yilning 1-iyuliga qadar norezidentlarga moliya bozoriga kirishga ruxsat berish shartlari, mexanizmlari va muddatlari boʻyicha takliflarni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarini bartaraf qilishning aniq mexanizmlari va instrumentlarini ishlab chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki:
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ning sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishini;
“2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Iqtisodiy kengash yigʻilishlarida soliq-byudjet va pul-kredit siyosati muvofiqligi hamda tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi holati masalalarini koʻrib chiqish va muhokama qilishni;
jahon bozorlaridagi real vaziyatning rivojlanishi va tarkibiy iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalaridan kelib chiqqan holda moslashuvchan makroiqtisodiy siyosat yuritish, shuningdek, inflyatsiyaning uzoq muddatli maqsadli koʻrsatkichi (targeti) darajasigacha pasayishini;
“Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, inflyatsiya boʻyicha qoʻyilgan maqsadga erishish omillari va xatarlarini koʻrsatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda maʼlumot kiritib borishni taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-yilning 1-apreliga qadar Jahon bankining texnik koʻmagi asosida ishlab chiqilayotgan Moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy strategiyasi doirasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti | Sh.MIRZIYOYEV |
Toshkent shahri,
2019-yil 18-noyabr