Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiisteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sogʻligʻini saqlashni taʼminlash, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining:

2019-yil 1-dekabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud boʻlgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi;

shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga barham berish boʻyicha tekshirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali amalga oshirilishi;

kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi (keyingi oʻrinlarda – ekspert guruhi) takliflari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi tartibini oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxati va ekspert guruhining tarkibini tasdiqlasin.

3. Belgilansinki:

kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarini berish uchun yozilgan retseptlar dorixonalarda bir yil davomida saqlanadi;

mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar tibbiyot tashkilotlarida bemorga retseptli dori vositalarini belgilangan tartibda retseptni rasmiylashtirmasdan tayinlash taqiqlanadi;

2020-yil 1-yanvardan boshlab dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi hisoblanadi (qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallari bundan mustasno), mazkur talabning muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilishi litsenziyaning amal qilishini oʻrnatilgan tartibda tugatish uchun asos boʻladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

dori vositalarining notibbiy maqsadlarda isteʼmol qilinishi ustidan doimiy monitoring olib borsin va zarur hollarda ekspert guruhiga tegishli takliflarni kiritish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirishga oid, shu jumladan, retsept boʻyicha dori vositalarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi xodimlari shtatining umumiy cheklangan soni doirasida, dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana savdosiga qoʻyiladigan litsenziya talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlashga javobgar boʻlgan xodimlarning shtat sonini koʻpaytirish boʻyicha takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga farmatsevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – Axborot tizimi) yaratish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning yetarli darajada emasligi va natija bermayotganligi koʻrsatib oʻtilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Axborot tizimini belgilangan muddatlarda joriy etish jarayonini faollashtirsin va jadallashtirsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

uch oy muddatda Dori vositalari va tibbiy buyumlarga elektron tarzda retsept berish axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda – Elektron retsept berish tizimi)ni joriy etish boʻyicha texnik hujjatlarni ishlab chiqsin va “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKka kiritsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar Elektron retsept berish tizimi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy etilishini taʼminlasin va uni Axborot tizimi bilan integratsiyalash imkoniyatini nazarda tutsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Elektron retsept berish tizimining buyurtmachisi hisoblanadi;

2021-yil 1-martdan boshlab Elektron retsept berish tizimi mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar Toshkent shahridagi barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari uchun, 2022-yil 1-martdan boshlab esa bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida qoʻllanilishi majburiy hisoblanadi;

Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va keyinchalik qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, axborotlashtirish obyektlarini tekshiruvdan oʻtkazish, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, server, kommutatsiya va kompyuter uskunalarini xarid qilish “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi uchun ajratiladigan byudjet ajratmalari doirasida, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablagʻlari, davlat-xususiy sheriklik shartnomasi doirasida xususiy sherik mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha bir oy muddatda axborotlashtirish obyektlarini tekshiruvdan oʻtkazishga, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashga hamda Elektron retsept berish tizimini ekspertiza qilishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019-yildagi “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-fevralga qadar Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish va joriy etishni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablagʻlari jalb etilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni mazkur qarorning talablarini hisobga olib hamda masʼul ijrochilar va aniq muddatlarni belgilagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ikki hafta muddatda dori vositalari, shu jumladan, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini shifokor retseptisiz isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda axborot-targʻibot ishlarini keng koʻlamda tashkil etish boʻyicha media-rejani tasdiqlasin, bunda shu bilan birga jamiyatda sogʻlom turmush tarziga rioya etish yuzasidan maxsus ruknlar va mavzuga oid materiallar joylashtirilishi nazarda tutilsin.

12. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 Oʻzbekiston Respublikasi

               Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 6-sentyabr

 

O’zA