O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari uchun umrbod oylik to‘lovlar to‘lab boriladi.
Hozirda umrbod oylik to‘lov to‘lab boriladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindori soni 57 nafarga yetgan.
Agar sportchi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqsa yoki musobaqada boshqa davlat nomidan ishtirok etsa, butunjahon antidoping tashkiloti (WADA) tomonidan taqiqlangan dori vositalari qo‘llagani aniqlanib, Olimpiya va Paralimpiya g‘olib va sovrindorligidan mahrum etilsa, sud qaroriga muvofiq ozodlikdan mahrum etilsa yoki vafot etsa, umrbod oylik to‘lovi to‘xtatiladi.
Ta’kidlash joizki, sportchi kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yana g‘olib va sovrindor bo‘lsa, unga umrbod oylik to‘lovlar oshirilgan miqdorda to‘lanadi.
DARVOQE…
Joriy yilning 3 yanvarida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchilarni taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishga binoan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 2018 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan bir guruh sportchilar va ularning murabbiylarining har biriga bir martalik pul mukofoti ajratildi.
Unga ko‘ra, jahon chempionatining oltin medali sohiblari 12000, kumush medal sovrindorlari 6000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilarimiz esa 3000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanishdi.
O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan, shogirdi chempion bo‘lgan murabbiyga 6000, vitse-chempionlarni yetishtirib chiqargan murabbiylarga 3000 va shogirdi bronza medalga ega chiqqan murabbiylarga 1500 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli topshirilgan.
O‘zA