Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Mamlakatimizda meva-sabzavotchilik sohasini takomillashtirish,

shu jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari ekiladigan maydonlarni, saqlash va qayta ishlash quvvatlarini sezilarli oshirish, mazkur tarmoqni rivojlantirish uchun xalqaro moliyaviy institutlarning mablag‘larini faol jalb etishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotish sohasidagi ilg‘or tajriba tahlili ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning kooperatsiyasini rivojlantirishni samarali rag‘batlantirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rag‘batlantirish, sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va uning eksporti barqarorligini ta’minlash, mazkur mahsulot ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining:

tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi birlashmalarida (keyingi o‘rinlarda – qishloq xo‘jaligi birlashmalari) ixtiyoriy va pay asosida ishtirok etish tamoyillarida mustaqil va o‘zaro bog‘liq qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalarining kooperatsion birlashishi institutini yaratish va keng qo‘llash;

2019-2020 yillarda tajriba-sinov tariqasida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va sotish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining G‘allaorol va Zomin tumanlarida, Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Urgut tumanlarida, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida qishloq xo‘jaligi birlashmalarini tashkil etishto‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot
va sanoat vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda tajriba-sinov yakunlariga ko‘ra, 2020 yil 1 dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi birlashmalarining kooperatsion birlashuvi institutini respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritsin.

2. Quyidagilar qishloq xo‘jaligi birlashmalarining asosiy funksiyalari etib belgilansin:

meva-sabzavot mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarini marketing tahlil qilish;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari bilan kontraktatsiya shartnomalarini tuzish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, shu jumladan, turlari va navlari bo‘yicha ishlab chiqarish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan mulk komplekslari, texnika, uskuna, transport vositalaridan, shu jumladan, mahsulot saqlash omborlarini birgalikda ijaraga olish va qaytarib berish asosida xom ashyoni qayta ishlash yo‘li bilan birgalashib foydalanishni tashkil etish;

shartnoma asosida qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini qishloq xo‘jaligi texnikasi, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘g‘it, urug‘lar, ko‘chat va ekinlar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan ta’minlash;

kontraktatsiya yoki vositachilik shartnomalari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishni tashkillashtirish;

jahon standartlariga mos meva-sabzavot mahsulotlarining kafolatlangan bozorini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi birlashmalari bilan hamkorlik qilish uchun eksportyorlarni jalb etish;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish.

3. Belgilansinki:

fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni tayyorlash, tashish, saqlash va sotish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boruvchi boshqa jismoniy va yuridik shaxslar qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari bo‘lishi mumkin;

qishloq xo‘jaligi birlashmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriy hisoblanadi hamda ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda kirish a’zolik badallari (paylarni) kiritish yo‘li bilan pay asosida amalga oshiriladi;

qishloq xo‘jaligi birlashmalariga qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan bevosita beriladigan vakolatlar ta’sis hujjatlarida belgilanadi. Bunda qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari boshqa masalalar bo‘yicha o‘z xo‘jalik faoliyatini yuritishda iqtisodiy mustaqilligi va huquqiy maqomini saqlab qoladi, qishloq xo‘jaligi birlashmalari va uning a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar esa shartnoma asosida quriladi;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari qishloq xo‘jaligi birlashmalari majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi hamda agar ta’sis hujjatlarida boshqacha holatlar belgilanmagan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi birlashmalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan zarar ko‘rish xatarini o‘zlari kiritgan badallar (paylar) qiymati doirasida zimmasiga oladi;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yer maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida nazarda tutilgan holatlardan tashqari boshqa holatlarda optimallashtirilishi va olib qo‘yilishi mumkin emas. Bunda qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yer maydonlarini olib qo‘yish faqatgina sud qarori asosida amalga oshiriladi.

4. 2019 yil 1 martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolariqishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va ularni keyinchalik almashtirish to‘g‘risidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi, 2020 yil 1 yanvardan boshlab esa tashkil etiladigan meva-sabzavot ekinlarini joylashtirish reestriga hosil yilining 1 fevralidan kechiktirmasdan tegishli ma’lumotlarni kiritish sharti bilan ushbu huquqdan foydalanadi.

5. Quyidagilarga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilansin va unga muvofiq:

a) qishloq xo‘jaligi birlashmalari va ular a’zolarining 2019-2020 yillarda ko‘chatlar va sertifikatlangan urug‘larni hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan, valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 1,5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan miqdorda qoplanadi;

b) qishloq xo‘jaligi birlashmalaridan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib oluvchi eksportyorlarning tasdiqlangan biznes rejalarida nazarda tutilgan quyidagilar:

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish;

qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liqxarajatlarining 50 foizisubsidiyalar taqdim etish orqali O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan, shuningdek, jalb etiladigan xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari, shu jumladan, Jahon banki mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

6. Mahalliy davlat hokimiyati organlariga qishloq xo‘jaligi birlashmalari tashkil etilayotgan hududlarda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma ob’ektlarini ustuvor rivojlantirgan holda, ularni rivojlantirish uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan mablag‘lar yo‘naltirishga ruxsat berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlarining qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etish tartibini tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar meva-sabzavotchilik sohasida kooperatsiya hissasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning qishloq xo‘jaligi birlashmalarini tashkil qilish va ularning faoliyat olib borishi borasidagi tajribasini chuqur o‘rganish maqsadida yangidan tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining tanishuv safarini uyushtirsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 5 va 8-bandlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy institutlarning mablag‘ va grantlari, shu jumladan, Jahon banki mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2019 yildan boshlab sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari tuprog‘ini, har yili umumiy maydonning kamida 20 foizi hisobidan kelib chiqib, tahlil qilish va agrokimyo kartogrammalarini ilovaga muvofiq ishlab chiqishni ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida qishloq xo‘jaligi xavf-xatarlarini sug‘urta qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda yer-tuproq, suv, iste’mol tovarlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mineral o‘g‘itlarning zamonaviy laboratoriya tadqiqotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq keng qamrovda o‘tkazishni ta’minlovchi kompleks laboratoriya yaratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda serhosil urug‘lar va ko‘chatlarning yangi turlari va navlarini, shu jumladan, “in-vitro” usuli asosida yaratuvchi-mualliflarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

meva-sabzavotchilikni tubdan takomillashtirish va mazkur sohadagi qishloq xo‘jaligi birlashmalarini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni samarali va o‘z vaqtida bajarishni ta’minlash bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlasin;

2020 yil 1 dekabrga qadar tajriba-sinov natijalari va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi, shuningdek, bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov, E.M.G‘aniev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi A.D.Vahobov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                         Sh.Mirziyoev

Toshkent shahri,

2019 yil 14 mart