Apple 17-oʻringa tushib ketdi

Fast Company agentligi bu yil ham anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan dunyoning eng ilgʻor 50 innovatsion kompaniyalari roʻyxatini eʼlon qildi. 2018 yilda birinchi oʻrinni egallagan Apple bu safar 17-oʻringa tushib ketgan. 
Reytingga koʻra, 2019 yilning fevral oyida dunyoning eng ilgʻor innovatsion kompaniyasi sifatida Xitoyning xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi (mehmonxonalar va kinozallariga chipta bronlashtirish va taom yetkazish) Meituan Dianping texnologik firmasi egallagan. Firma 2018 yil davomida 2800 shaharning 350 million aholisiga 33,8 milliard dollarlik xizmat koʻrsatgan.
Eng yaxshi beshtalikka Singapurning Grab, NBA, The Walt Disney Company kompaniyalari va Stitch Fix elektron savdo xizmati ham kirgan. Square, Oatly, Twitch, Shopify va Alibaba Group Apple dan yuqorilab ketgan. “Olma” kompaniyasining 2018 yildagi eng yaxshi mahsuloti sifatida A12 Bionic chipi eʼtirof etilgan. 2017 yilda uning eng yaxshi mahsulotlari sifatida iPhone X, Apple Watch Series 3, ARKit qurilmalari tan olingan edi.
Fast Company reytingi mingdan oshiq kompaniyalar vakillari ishtirokida biznes, madaniyat va barcha sohalarda ijobiy taʼsir koʻrsatgan yilning eng yaxshi innovatsion loyihasini aniqlashga oʻtkazilgan soʻrovnoma asosida tuziladi. Apple bu yil faqatgina “Maishiy elektronika” boʻlimida yetakchilik qilib, Google, Microsoft va Dellni ortda qoldirgan.

 

G.Azimova, OʻzA