Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
“Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingan 2018 yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qabul qilingan 2018 yilgi Davlat dasturini roʻyobga chiqarish doirasida 21 trillion soʻm va 1 milliard AQSH dollariga teng 76 mingta loyiha amalga oshirildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq 400 dan ortiq qishloq va mahallalarda munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
“Har bir oila – tadbirkor” va “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida 2 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratilib, joylarda 2 600 dan ortiq biznes loyihalar amalga oshirildi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mehnatga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi hamda bu aholining real daromadlarini 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshirish imkonini berdi.
Yangi oʻquv yoʻnalishlarini ochish va qabul kvotalarini oshirish hisobiga oliy taʼlim olish imkoniyatlari salmoqli darajada kengaytirildi.
Soliq maʼmuriyatchiligining mohiyatan yangi tartibi joriy etilgani sababli soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mahalliy byudjetlar ixtiyorida 5,5 trillion soʻm mablagʻ qoldirildi. Bu 2017 yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan 32 barobar koʻpdir.
Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish, ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy jozibadorlikni yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish va biznes uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Xususan, yagona ijtimoiy toʻlov stavkasining 12 foizgacha pasaytirilishi hamda yuridik shaxslarning aylanmasi (tushumi)dan davlat maqsadli jamgʻarmalariga undiriladigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi korxonalar ixtiyorida qoʻshimcha mablagʻlar qolishi uchun shart-sharoit yaratdi.
2018 yilda 18 ta davlatlararo tashriflar amalga oshirildi va 50 milliard AQSH dollariga teng investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda yurtimizda chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard AQSH dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Umumiy qiymati 16,9 trillion soʻm va 8,1 milliard AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida – parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish, ijro etuvchi hokimiyat tizimini optimallashtirish, maʼmuriy islohotlarni davom ettirish, davlat boshqaruvida zamonaviy menejment uslublarini keng qoʻllash, davlat xizmatlarini rivojlantirish, davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini shakllantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolat va masʼuliyatini qayta koʻrib chiqish, ularning mustaqilligini oshirish;
qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida – sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligiga erishish, aholi tinchligi, xavfsizligini va qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish, jinoyat qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish;
iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb etish sohasida – makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, sogʻlom raqobat uchun zarur sharoitlarni yaratish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini jiddiy ravishda kamaytirish, yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, “xufyona” iqtisodiyotga qarshi kurashish va uning ulushini keskin qisqartirish, valyuta siyosatini erkinlashtirishni davom ettirish;
ijtimoiy rivojlanish sohasida – aholi oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadlarini oshirish, fan va uzluksiz taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ular bilan aholini qamrab olishni kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib turar joy bilan taʼminlash va farovonligini oshirish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, turizmni rivojlantirish;
xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida – mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining salohiyatini mustahkamlash, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ochiqlik, oʻzaro teng va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish.
2. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar, ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, shuningdek, mamlakatimiz hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini oshirish sohasidagi tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash uchun shaxsan masʼul hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari 2-ilovaga muvofiq mamlakathududlariga biriktirilsin.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan har chorakda Davlat dasturi ijrosining borishi toʻgʻrisida hisobotlar eshitiladi, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritiladi, Davlat dasturidagi tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun zarur choralar koʻriladi.
3. Har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan birgalikda investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishini muhokama qilish, investorlar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni tezkor va samarali hal etishni taʼminlash maqsadida investorlar bilan shaxsan uchrashuvlarni, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish amaliyoti joriy etilsin.
4. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan taʼminlashni amalga oshirish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotini isloh qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishning dolzarb masalalari, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ekspert kengashi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ikki oy muddatda quyidagilarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ekspert kengashi tarkibi, bunda uning tarkibiga muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar, atoqli davlat va jamoat arboblari, olimlar, jumladan, xorijiy davlatlar fuqarolari va xorijdagi vatandoshlarni kiritish nazarda tutilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizom.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar har bir hududning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, birinchi navbatda, investitsiya jalb etish uchun ustuvor yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining oʻrta muddatli istiqboldagi investitsiya siyosati strategiyasi(keyingi oʻrinlarda – Strategiya) ishlab chiqilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda 2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar – ustuvor hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va siyosiy, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorligini yanada faollashtirish va rivojlantirishga qaratilgan aniq tadbirlar boʻyicha takliflarni kiritsin.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar – ustuvor hamkorlar bilan hamkorligini yanada faollashtirish boʻyicha taklif etiladigan tadbirlar va yoʻnalishlar Davlat dasturi va Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi bilan oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlishi lozim.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) eʼlon qilingan kapitali 1 milliard AQSH dollarimiqdorida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma). Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;
xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikamizning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targʻib qilishga koʻmaklashish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladigan 5 million AQSH dollari miqdoridagi ustav kapitaliga ega, aksiyadorlik jamiyati shaklidagi, davlat ulushi 100 foiz boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasining boshqaruv kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – boshqaruv kompaniyasi).
8. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Jamgʻarmaning yagona taʼsischisi hisoblanadi hamda uning kapitalini Jamgʻarma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish toʻgʻrisida investorlar tomonidan qaror qabul qilinishiga qarab shakllantiradi;
investitsiya loyihalari boshqaruv kompaniyasi tomonidan investitsiya uchun ustuvor sohalar, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va samaradorlik hisobga olingan holda mustaqil ravishda tanlab olinadi;
bir loyiha boʻyicha Jamgʻarma investitsiyalarining eng koʻp miqdori ushbu loyihaga kiritilishi rejalashtirilayotgan investitsiyalar umumiy hajmining 30 foizidan oshmasligi lozim, qolgan qismi investorlarning oʻz mablagʻi va jalb qilingan mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Jamgʻarma va boshqaruv kompaniyasi faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni birgalikda moliyalashtirish tamoyillari asosida jalb qilish boʻyicha samarali va shaffof tijorat maydonini yaratgan holda Jamgʻarma va boshqaruv kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik qilish tartibini belgilash;
tomonlarning huquq va majburiyatlari, investitsiya siyosatining tamoyillari, shuningdek, uni amalga oshirish mexanizmlarini belgilagan holda Jamgʻarma va boshqaruv kompaniyasi oʻrtasida investitsiya aktivlarini ishonchli boshqarish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish tartibi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (Z.Sh.Nizomiddinov) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar investitsiya loyihalarini, birinchi navbatda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida amalga oshirishni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etishni hisobga olgan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019 yil 1 martdan boshlab:
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning taʼsischilari (ishtirokchilari) va ularning oila aʼzolari uchun muddatini mamlakatdan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati boʻlgan, amal qilish muddati uch yilni tashkil qiladigan “investitsiya vizasi” joriy etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha korxonalar tashkil qilish uchun 3 million AQSH dollaridan ortiq miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlatlar fuqarolariga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning taʼsischilari (ishtirokchilari)ga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 10 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki “investitsiya vizasi”ga ega xorijiy investorlar hamda ularning oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy va taʼlim xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega boʻladi;
xorijiy investorlar, ular tomonidan xorijiy davlatlar fuqarolari orasidan jalb etiladigan mutaxassislar va ularning oila aʼzolarini vaqtincha roʻyxatga olish investitsiya loyihasi roʻyobga chiqarilayotgan hududdagi aholi yashash punktida, mamlakatning boshqa hududlarida boʻlganda qayta roʻyxatdan oʻtish majburiyatisiz, vizaning amal qilish muddatiga (viza mavjud boʻlmaganda esa 1 yil muddatga) amalga oshiriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan Abu Dabi rivojlanish jamgʻarmasi (BAA) bilan birgalikdaOʻzbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – investitsiya kompaniyasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Sh.A.Vafoyevga Oʻzbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taʼsis shartnomasini imzolash vakolati berilsin.
13. Belgilansinki, investitsiya kompaniyasi:
Abu Dabi rivojlanish jamgʻarmasi (BAA) kompaniyasining 75 foiz miqdordagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 25 foiz miqdordagiulushlari hisobiga 5 million AQSH dollari miqdoridagi ustav fondiga va 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi eʼlon qilingan kapitaliga ega boʻlib, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi, bunda qoʻshimcha ishtirokchilarni oʻrnatilgan tartibda jalb etish mumkin boʻladi;
faoliyat koʻrsatayotgan va yangi tashkil qilinayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav kapitallarida ulushlar sotib olish, qarzlar berish, qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustav kapitalidagi ulushlarni mahalliy va xorijiy investorlarga realizatsiya qilish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa shakllarda investitsiya faoliyatini olib borish huquqiga ega;
Birlashgan Arab Amirliklarining investitsiyaviy, moliya institutlari va kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish vazifalarini bajaradi, ular bilan investitsiyaviy munosabatlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi va roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadi.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
investitsiya kompaniyasi, shuningdek, uning taʼsischilari olingan dividend va foizlar boʻyicha daromadlar bilan birga foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan, shuningdek, uning mol-mulki va aktivlarini realizatsiya qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan 3 yil muddatga ozod qilinadi;
ustav fondi (kapitali)ning kamida 30 foizi investitsiya kompaniyasi mablagʻlari hisobidan shakllantirilgan yangi tashkil etilgan korxonalarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.
15. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boshqaruv xodimlarining vakant lavozimlarini qisqartirish hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari tuzilmasida 5 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish shoʻbasi;
vazirlik va idoralarda – belgilangan shtatlar soni doirasida xalqaro reytinglar boʻyicha faoliyatni amalga oshirish va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun masʼul boʻlgan ixtisoslashgan tarkibiy boʻlinmalar tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi oʻrnini yaxshilash uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligiga, eng avvalo, xorijiy ishbilarmonlik doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari oʻrtasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, Davlat dasturining borishi, biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar toʻgʻrisida keng maʼlumot berish va targʻib qilishni tashkil etish uchun masʼul boʻlgan PR-markaz funksiyasi yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (Z.Sh.Nizomiddinov) ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi, jumladan, PR-markaz funksiyasini bajarish doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishning aniq manbalarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini ishlab chiqsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yetakchi xalqaro moliyaviy va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda 2019 yil 1 iyulga qadar ustav kapitalidagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish nazarda tutilayotgan strategik ahamiyatga ega boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlari yagona roʻyxati shakllantirilishi va yuritilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda 2019 yil 10 iyulga qadarxalqaro ishbilarmonlik doiralarida istiqbolli investitsiya loyihalari, shu jumladan, ustav kapitalidagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish nazarda tutilayotgan xoʻjalik jamiyatlari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarining taqdimotlarini (“Road Show”)oʻtkazish grafigini tasdiqlasin va yil davomida amalga oshirsin.
19. Belgilansinki, 2019 yil 1 martdan boshlab bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga, ular pensiya yoshiga toʻlgandan soʻng, agar ularda pensiya tayinlash uchun zarur staj mavjud boʻlmasa, ijtimoiy nafaqa toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu bandda belgilangan ijtimoiy nafaqa miqdorini va uni toʻlash tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin.
20. Band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, shuningdek, kasbiy malakalar berish va tasdiqlashning umummilliy tizimini joriy etish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yildagi ustuvor vazifasi hisoblansin.
Belgilansinki, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar tomonidan oʻz malakasini oshirish uchun taʼsirchan ragʻbatlantiruvchi omillar yaratish, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunar kollejlari negizida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida band boʻlmagan aholi va ishsiz fuqarolar uchun oʻqitish markazlarini tashkil etish hisobiga zamonaviy oʻquv va ishlab chiqarish texnologiyalariga tayangan kasbga oʻqitishni yoʻlga qoʻyish va kasbiy malakani baholashni nazarda tutuvchi kasbiy malakalar umummilliy tizimini joriy etishga asosiy eʼtibor qaratilishi lozim.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mamlakatda kasbiy taʼlim berishning zamonaviy tizimini joriy qilish va rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida bir oy muddatda ishchi kasblar nufuzini yuksaltirish va kasbiy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha xalqaro harakatga qoʻshilishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin.
22. Belgilansinki, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:
oliy taʼlim muassasalariga hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi;
muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun ushbu shaxslar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi kiritiladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi2019 yil 1 martga qadar:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalari tomonidan talabalarni qabul qilish kvotalarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning istiqboldagi ehtiyojlarini, shuningdek, muassasalarning kadrlarni sifatli tayyorlashni tashkil etish imkoniyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilash tartibini tasdiqlasin va ushbu tartib 2019/2020 yildan tatbiq etilishini nazarda tutsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda xorijiy diplomlarning ekvivalentligini tasdiqlashdagi sunʼiy toʻsiqlarni bartaraf etish va ularni tan olish jarayonini optimallashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzish bilan bogʻliq jinoyatlarni liberallashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini differensiatsiya qilish, ushbu toifadagi ishlarning vakolatli davlat organlari tomonidan tezkor koʻrib chiqilishini taʼminlash.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va keng jamoatchilikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) “Yuksalish” umummilliy harakati – nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy boʻlinmalarini tashkil etish;
b) rejalashtirilgan islohotlarni, shu jumladan, Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida fuqarolar, xorijda yashayotgan vatandoshlar va nodavlat notijorat tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtirishni “Yuksalish” umummilliy harakatiningasosiy vazifasi etib belgilash, shu jumladan, quyidagilar orqali birlashtirish:
xalq va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning saʼy-harakatlari va kuchlarini safarbar etish;
rejalashtirilgan, shu jumladan, Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarning amalga oshirilishi jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilishda faol ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot va takliflarni muntazam kiritish;
v) Umummilliy harakat rahbarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan, hududiy boʻlinmalar rahbarlarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari orasidan saylash, ular bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining maslahatchisi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Yuksalish” umummilliy harakati faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlarni aks ettirgan holda oʻz veb-saytlarida joylashtirish;
monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlasin.
27. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Xalqaro press-klub, Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan yaqin hamkorlikda:
ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng tushuntirilishini;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
29. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 17 yanvar