Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan davr mobaynida elektrotexnika sanoati tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi, bu esa ishlab chiqarishning yangi turlarini oʻzlashtirgan holda mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini yaratdi.

Shu bilan birga, 2017 yilda elektrotexnika sanoatiga kiritilgan investitsiyalarning salmogʻi respublika boʻyicha umumiy investitsiyalarning atigi 0,8 foizini, YAIM tarkibida elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 foizni tashkil etdi.

Sanoatda xomashyo bazasining chegaralanganligi xorijiy analoglari bilan solishtirganda uning tannarxi oshishiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning importida qoʻshilgan qiymat soligʻi muddatini kechiktirishga imkon yaratish va hisobga olish mexanizmining mavjud emasligi eksport qiluvchi tashkilotlarning aylanma mablagʻlari boshqa maqsadlarga jalb qilinishiga va xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda.

Elektrotexnika sanoati tashkilotlarining faoliyat samaradorligini yanada rivojlantirish va oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Elektrotexnika sanoati korxonalari, “Oʻzeltexsanoat” AK aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

“Oʻzeltexsanoat” AK negizida uning mol-mulki va davlatga tegishli boshqa vositalarni, shuningdek, debitor va kreditor qarzdorligini (“Oʻzeltexsanoat” AKga tegishli xoʻjalik jamiyatlarining koʻchmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi) bundan mustasno) oʻtkazgan holda Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi) tashkil etish;

“Oʻzeltexsanoat” AKga tegishli xoʻjalik jamiyatlarining koʻchmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi)ni Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar:

ixtiyoriy asosda aʼzo boʻlgan elektrotexnika sanoati korxonalari
va tashkilotlari “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi aʼzolari hisoblanishi;

ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan amalga oshirilishi;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari taʼsischilarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanishi;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi faoliyatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi aʼzolarining badal va ajratmalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

xomashyoni qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash asosida sanoatni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;

ichki va tashqi bozorlarda elektrotexnika mahsulotlariga boʻlgan talab konʼyunkturasini oʻrganish va shu asosda mahsulotning yangi turlarini oʻzlashtirishda koʻmaklashish, ichki bozorni yuqori sifatli milliy elektrotexnika mahsulotlari bilan toʻldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan, turli axborot resurslari va koʻrgazma tadbirlarida milliy brendlarni ilgari surish va elektrotexnika sanoati korxonalari salohiyatini namoyon etish orqali kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologik ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga koʻmaklashish, sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish;

elektrotexnika sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talablar va standartlar bilan uygʻunlashtirish orqali uni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

hududlar salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, xomashyo bazasi, infratuzilma, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda elektrotexnika sanoati korxonalarini joylashtirishga koʻmaklashish;

elektrotexnika sanoati sohasida kadrlarni tayyorlashga boʻlgan real ehtiyoj va istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarni takomillashtirishda ishtirok etish, mazkur sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish;

sanoatni jadal rivojlantirishga va elektrotexnika sanoati korxonalarining barqaror faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Sino” AJ davlat aksiyalari paketini investorlarga tanlov asosida “nol” xarid qiymati boʻyicha korxonaning kreditorlar oldidagi qarzini toʻlash bilan bir vaqtda korxonaning faoliyatini sogʻlomlashtirish uchun investitsiyalar kiritish sharti bilan topshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining:

TIF TN kodlari 7411 guruhi boʻyicha mis quvurlar eksportiga qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasini qoʻllash;

TIF TN kodlari 7407-7410 va 7412-7419 guruhlari boʻyicha misdan yasalgan mahsulotlar eksportiga qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasini xarid qilingan mis boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining 50 foizini hisobga kiritish, qolgan yarmini korxona xarajatlariga oʻtkazgan holda 2020 yilning 1 yanvariga qadar qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

6. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2022 yilning 1 yanvariga qadar oʻzining asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar, shuningdek, ular tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida olib kelinadigan qurilish materiallari importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni kechiktirish boʻyicha qarzdorlik summasini qoʻshilgan qiymat soligʻi yuzasidan umumiy hisob-kitobda yopishni nazarda tutuvchi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga kechiktirish imkoniyatini berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Belgilab qoʻyilsinki, 2022 yilning 1 yanvariga qadar:

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi mol-mulk soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;

shartnomalar boʻyicha tashkilotlarning “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazadan chiqariladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Elektrotexnika sanoatida amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin:

amaldagi elektrotexnika korxonalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha 153,8 million AQSH dollari miqdoridagi 22 ta investitsiya loyihalarini 2019-2021 yillarda amalga oshirish;

2021 yilga yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini 2 baravarga oshirish;

2021 yilda tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarning eksport hajmini 400 million AQSH dollari miqdoriga erishish;

loyiha qiymati 500 million AQSH dollari boʻlgan istiqbolli innovatsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish.

9. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda elektrotexnika sanoati korxonalarining alohida sarf-xarajatlarini, shu jumladan, oʻzlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishdagi transport xarajatlarini subsidiyalash mexanizmini qoʻllash boʻyicha xorijiy mamlakatlarning tajribasini tatbiq etish imkoniyatini oʻrganib chiqsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda elektrotexnika sanoatiga investorlarni va xorijning yetakchi elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi ikki oy muddatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini operativ tarzda roʻyxatga olishda koʻmaklashish va sohani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:

“Oʻzikkilamchiranglimetall” AJ va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz quyma quvvatlarida yoki tegishli rangli metallarni ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda mahsulot tannarxini pasaytirish uchun ishlab chiqarishga qayta ishlangan xomashyoni takroran jalb etgan holda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish natijasida hosil boʻladigan rangli metallar parchalari va chiqindilarini qayta ishlash mexanizmini yaratish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda boʻsh turgan ishlab chiqarish obyektlari negizida elektrotexnika sanoati ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari (texnoparklari)ni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, uni jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017 yil 13 fevraldagi PQ-2772-son qarorining 13-bandida belgilangan imtiyozlarning amal qilishi mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida, xomashyo tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan tashqari, respublikaning barcha elektrotexnika sanoati korxonalariga tatbiq etilsin.

14. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi elektrotexnika sanoati korxonalari bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar kadrlar tayyorlash ehtiyojidan kelib chiqib, elektrotexnika sanoati uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, taʼlimning talab yuqori boʻlgan yangi yoʻnalishlarini ochish hamda tahsil olayotganlarning elektrotexnika sanoati korxonalari va tadqiqot muassasalari negizida malaka amaliyoti oʻtashi boʻyicha takliflarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlari doirasida oʻtkaziladigan tenderlar, tanlovlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun 20 foizgacha boʻlgan narx preferensiyasi mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

16. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Furqat koʻchasi, 1-uyda bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.

Bunda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi mazkur obyektni rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashni ilgari belgilangan manbalar hisobidan tugatishni taʼminlasin.

17. Adliya vazirligi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S.Otajonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV



Toshkent shahri, 2019 yil 4 yanvar