Buxoroda saylovga oid xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi

Bugun Buxoro shahrida “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshlaydi.
Xalqaro konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tashabbusi bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida oʻtkazilmoqda. Konferensiyani tashkil etishda Oliy Majlis palatalari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va Buxoro viloyati hokimligi vakillari ishtirok etadi.
Mazkur konferensiyadan koʻzlangan maqsad – xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi, shuningdek saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilinadi.
Konferensiya ishida YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Venetsiya komissiyasi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar boʻyicha departamentning saylovlar oʻtkazishga koʻmaklashish boʻlimi va boshqa shu kabi xalqaro institutlarning vakillari qatnashishi kutilmoqda.
Xalqaro konferensiya yakunida milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish va demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.

 

OʻzA