Prezidentimiz Qoʻngʻirot tumanidagi “Wunderkinds in Kungirad” maktabgacha taʼlim muassasasida boʻldi

Davlatimiz rahbari farzandlarimiz tarbiyasining birinchi va muhim boʻgʻini – maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga doimiy eʼtibor qaratib keladi.

Prezidentimizning joriy yil 30-sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.

Qarorda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarni taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etish, farzandlarimizning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish koʻzda tutilgan.

Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoʻngʻirot tumani “Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Wunderkinds in Kungirad” davlat xususiy-sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasiga 90 dan ziyod bola qamrab olingan.

Mazkur bogʻcha joriy yilning 7-noyabr kuni faoliyatini boshlagan. Tadbirkor Dilnoza Abdullayeva shu yilning mart oyida hududdagi tashlandiq binoni “nol” qiymatda olib, uni zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasiga aylantirdi. Buning uchun “Oʻzsanoatqurilishbank”dan 1,5 milliard soʻm kredit ajratildi. 500 million soʻm oʻz mablagʻini sarfladi. Bogʻchada bolalarga rus, ingliz tillari interfaol usullar orqali oʻrgatiladi. Sport toʻgaraklari mavjud.

Davlatimiz rahbari bogʻchada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.

Farzandlarimizni bolaligidan sogʻlom, aqlli qilib tarbiyalasak, ertaga maktabga bilimli yoshlar keladi. Maktabni oʻquvchilar har tomonlama bilimli boʻlib bitirsa, institutlarimizga ilm-maʼrifatli, maʼnaviyatli yoshlar boradi, mamlakatimiz uchun yaxshi kadrlar yetishib chiqadi. Shuning uchun maktabgacha taʼlim doim diqqatimiz markazida boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda Qoʻngʻirot tumanida 41 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 5715 bola taʼlim-tarbiya olmoqda. Boshqacha aytganda, tumanda 52,8 foiz bola bogʻchaga qamrab olingan.

74e3858e-f043-e012-8848-a235cda9be98.jpg

8a69b7bc-f27e-9b77-31d2-58f160e589c8.jpg
2b5a491c-661d-c18e-d767-20bbf604afb0.jpg
a2c654b2-3c6b-6a92-761a-5fac9c632407.jpg
ed869fe7-7906-3b2e-91cd-a89c520b5122.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA