Aholi salomatligiga eʼtibor yanada ortadi

Har qanday davlatning eng muhim boyligi mamlakat aholisining salomatligi, millat genofondining mustahkamligi bilan baholanadi. Chunonchi, sogʻlom xalq, sogʻlom avlodsiz kelajakni ham, taraqqiyotni ham yaratib boʻlmaydi.
Shu bois, mamlakatimizda aholining sogʻligʻini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, keyingi ikki yil mobaynida barcha sohalarda boʻlgani kabi mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qisqa davrda davlatimiz rahbarining shaxsan ishtirokida sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan taʼminlash borasidagi islohotlar tahliliga bagʻishlab bir necha marotaba yigʻilish oʻtkazilib, ularda asosiy eʼtibor aholining hayotdan roziligini taʼminlashga qaratilayotgani ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, ushbu davrda mamlakatimiz tibbiyot tizimidagi muammolarni, mazkur yoʻnalishda aholining talab-ehtiyojlarini chuqur oʻrganish masalasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining masʼul etib belgilangani bois, parlament aʼzolaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan joylarda tibbiyot muassasalarining holati va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi oʻrganildi.
Ammo joriy yilning 9 noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida tizimda kutilgan natijalar koʻrinmayotgani, ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezmayotgani alohida taʼkidlandi.
Joriy yilning oʻtgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani bu sohada hali muammolar borligidan dalolat berayotgani qayd etildi.
Darhaqiqat, biz joylarda olib borgan oʻrganishlarimizda guvohi boʻlganimizdek, bugungi kunda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnik bazasi va malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasi hamon talabga javob bermaydi. Bunga misol sifatida biz oʻrgangan Mirishkor va Nishon tumanlaridagi tibbiyot muassasalarining holatini keltirib oʻtish mumkin. Ushbu hududlarda ham bemorlar katta mablagʻ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur boʻlmoqda.
Yigʻilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni toʻliq qayta oʻrganib chiqish, bunda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardan markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi taʼkidlangani bejiz emas. Boisi, tibbiy xizmat koʻrsatishda respublika, viloyat, tuman va qishloq boʻgʻinlari oʻrtasida bogʻliqlikni kuchaytirish zarurati dolzarblik kasb etmoqda.
Prezidentimizning Oʻzbekistonda 2025 yilgacha sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish yuzasidan bergan koʻrsatmalari tibbiyot sohasini oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning aniq yoʻnalishlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari joylardagi oʻrganishlarimiz davomida aniqlangan yana bir dolzarb masalaga alohida eʼtibor qaratdi. Yaʼni, sohani moliyalashtirishning amaldagi smeta usuli eskirgani, tibbiyot muassasalari qancha bemor davolanganiga qarab emas, koyka-oʻrinlar soniga qarab moliyalashtirib kelinayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, bugungi zamon talablari va xorij tajribasi asosida, sinov tariqasida mamlakatimizning 14 hududida bittadan tibbiyot birlashmasini aholi jon boshiga va statsionar sharoitda davolanganlar soniga qarab moliyalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.
Albatta, videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan takliflar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish tarafdori boʻlgan Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlik korpusi zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Jumladan, 2021 yildan boshlab yurtimizda ham majburiy tibbiy sugʻurta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya kabi davlatlardan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tegishli qonun va qonunosti hujjatlarini ishlab chiqishda fraksiyamiz faol ishtirok etishi lozim boʻladi.
Qayd etilganidek, joriy yilda tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilga nisbatan 40 foiz koʻp mablagʻ ajratildi. Kelasi yil sohaga qariyb 30 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilayotgani ham bizdan bu boradagi moliyaviy intizom ustidan parlament nazoratini taʼminlashni talab etadi.
Shu bilan birga, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini va sogʻlom ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish orqali kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosida mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz hamda elektoratimizning katta qismini tashkil etadigan tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda faol ishtirok etishimiz zarur.
Muxtasar aytganda, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini taʼminlash orqali odamlar hayotini yaxshilashdek ezgu maqsadni amalga oshirishda barchamiz birdek masʼul ekanimizni doimo yodda tutmogʻimiz darkor.
Jamshid Pirmatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

OʻzA