Yaxshi bilasiz, sevimli shoirimiz Rauf Parfi biror kishi bilan koʻrishib qolsa, “Dunyoqarashingiz yaxshimi?”, deb soʻrashar edi. Hozir gazeta va jurnallarda ishlaydigan jurnalistlar bir-biri bilan “Obunangiz yaxshimi?” deb omonlashadigan boʻlgan.
Men ham yaqinda ustoz Farmon Toshevga yozgan maktubimni “Assalomu alaykum, obunangiz yaxshimi, ustoz?”, deya boshladim.
Bilaman, maktub yozish allaqachon urfdan qolgan. Samarqand bilan Toshkent orasini hushtak tezligida bosib oʻtish mumkin boʻlgan, telefon orqali nafaqat gaplashish, balki koʻzni koʻzga qadab koʻrishish imkoni mavjud bir zamonda va, ayniqsa, “Feysbuk” degich ijtimoiy tarmoqda anchayin faol sizdek inson bilan suhbatlashish usullari bisyor paytda maktub bitishim kimlargadir erish tuyulishi tayn. Ammo bu borada ham oʻzingiz ustozsiz. Qolaversa, adashmasam Gʻafur Gʻulom aytgan boʻlsa kerak, “Bir-birlaringga xat yozinglar yoʻqsa, saylanmalaringning oxirgi tomi boʻlmaydi”, qabilidagi hazilomuz nasihatga amal qilyapman.
Yaxshi bilasiz, sevimli shoirimiz Rauf Parfi biror kishi bilan koʻrishib qolsa, “Dunyoqarashingiz yaxshimi?”, deb soʻrashar edi. Hozir gazeta va jurnallarda ishlaydigan jurnalistlar bir-biri bilan “Obunangiz yaxshimi?” deb omonlashadigan boʻlgan.
Obunangiz yaxshimi, ustoz!?
Esingizda boʻlsa, 80-yillar oxirida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Shukur Xolmirzayev katta bir bahsni boshlab bergan edi. “Adabiyot oʻladimi?” degan savol koʻplab munozaralarga sabab boʻlgandi. Ochigʻi, u paytlari oʻspirin bola edim, bildirilgan fikr-mulohazalar, xulosalar mohiyatini yaxshi tushunmaganim tayin. Biroq biz “Adabiyot yashasa – millat yashaydi”, deya hayqirgan Choʻlpon singari maʼrifatparvarlar ijodi bilan tanishishni boshlagan edik. “Qayta qurish va oshkoralik” atalmish epkinlar tafakkurimizni shamollatayotgan paytlar edi. “Adabiyot oʻladimi?” degan savol oʻta mantiqsizdek tuyulgan oʻshanda menga: axir bola edim.
Shu yilning 9 noyabr kuni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz saytida yana bir shogirdingiz (u ham bosh muharrir va obunasi yaxshi emas) Isomiddin Poʻlatovning “Majburiy obuna qildirishsa, menga ayt. Oʻzim taʼzirini beraman, qahramon boʻlaman…” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. Uning kesatiqli iztiroblarini tushunish mumkin.
“Xulosa qilganlar ham bor: gazeta-dinozavr – bu qandaydir nomaʼlum tur. Qachon paydo boʻlganiyam nomaʼlum va u albatta, yoʻqolishi kerak! U sogʻib boʻlingan sigir. Ikki asr sut berdi axir, qaridi-da! Axborotni endi TV, radio, internet ham bera oladi”, deb yozibdi Isomiddin. Albatta, bu zarda bejizga emas. Soʻnggi paytda internet nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda “Gazetaning oʻlimi” (jurnallar oʻlmas ekan, ustoz) xususidagi bashoratlar urchiy boshladi. Jamiyatda muayyan fikrni shakllantirishda internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning oʻrni qay darajada ekanini “Arab bahori” orqali yaxshi bilamiz. Tan olish kerak, omma orasida, Isomiddin Poʻlatov aytganidek, “Gazetafobiya” shakllanib ulgurdi. Tez orada “obuna” soʻzini ishlatgan odam jazolansa, xayron ham qolmasam kerak.
Shunday xastalik borki, unga chalingan inson hayoti muqarrar oʻlim bilan tugaydi. Xastalikning nomidanoq oʻlim isi keladi. Uni ijtimoiy kasallik deyishadi. Jamiyatdagi tubanlik, axloqsizlik, kaltabinlik, maʼnaviy qashshoqlik, eʼtiqodsizlik tufayli paydo boʻladi bu kasallik. Gazetaning muqarrar oʻlimini bashorat qilayotganlar ehtimol uni ham ana shunday bedavo dardga chalingan deb oʻylar (Chunki boshqa xastaliklarni davolasa boʻladida). Agar ular bashorat qilayotgandek “gazeta oʻlsa”, demak uni xarob qilgan kasallikning nomi – ijtimoiy dard. Oʻlmasa, bashoratchilar oddiy loʻttibozlardir.
Ustoz, ota-onam oʻqituvchi boʻlgani bois, pochtachi uyimizga mahalliy va respublika nashrlaridan tashqari, “Krestyanka”, “Biologiya v shkole”, “Ximiya v shkole”, “Chelovek i priroda”, “Ogonyok” singari jurnallarni ham olib kelar edi. Oʻzgacha bir havas bilan qarab turgan tengdoshlarimning koʻz oʻngida bir dasta gazeta va jurnallarni quchoqlab uyga kirib ketardim. Kimning uyiga nechta gazeta-jurnal kelishini sanab chugʻurlashardik. Bola tasavvurimizda xonadonlarga kirayotgan gazeta va jurnallar oʻsha oilaning nufuzini, obroʻyini belgilab beradigan meʼzon edi. Ota-onamni kimdir obuna boʻlishga majbur qilganmi, yoʻqmi bilmayman ammo bir gal “Nega qoʻshnimiz “Mushtum” oladi-yu, biz olmaymiz”, deb janjal qilganim, ularni “Mushtum” jurnaliga obuna boʻlishga majbur qilganim esimda.
Besh olti nafar oʻqituvchi, ikki-uch nafar vrach demasa, qishloqdoshlarimning koʻpchiligi kolxozchi edi. Umri dalada oʻtardi. Biroq 70 soʻm maosh oladigan Sayfulla boboning oʻgʻli – tengqurim Yunus ham har gal toʻrt-beshta gazeta olardi. Sindor bobo oddiy suvchi boʻlsa ham doim etigiga gazeta qistirib yurardi. Quvir qilib oʻralgan gazeta koʻtargan, mayda qadamlab shitob bilan ketayotgan odamni orqasidan koʻrganlar ham darrov tanirdi – Iris aka.
2017 yil boshidan buyon xonadonlardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tarkibida Kosonsoy, Uchqoʻrgʻon, Norin, Xoʻjaobod, Buloqboshi, Oltinkoʻl, Jalaquduq, Boyovut tumanlarida boʻldim. Uyma-uy, xonadonma-xonadon yurib odamlar bilan suhbatlashdik. Minglab muammolar joyida hal etildi. Biroq qaysi tumanga bormay, meni bir savol oʻylantiraverdi: nega odamlar bu qadar oʻzgarib ketdi?!
Nega bir qorindan talashib tushgan aka-uka meros talashib qirpichoq? Nega bir devor qoʻshnilar bir-birining ustidan yozib, turli idoralar eshigida sarson? Nega axloqsizlik urchib boryapti? Nega oilalar parokanda, bolalar tirik yetim? Nega ayrim erkaklar bunchalik subutsiz? Nega baʼzi ayollar bu qadar yuzsiz? Nega?
Ishchi guruh faoliyati davomida ayrim mahallalarda kutubxonalar tashkil etildi. Toshkentdan kelganlar talabini qondirish uchun, xoʻjakoʻrsinga taxlab qoʻyilgan besh-oʻnta kitob bilan sizloviqdek maddalab borayotgan bu illatlarga qarshi kurashib boʻlarmikan!?
Yurishlarimiz chogʻida falon gazetaga obuna boʻlganman, xonadonimga falon jurnal keladi, degan birorta odamni uchratmadim. Biz – ishchi guruh aʼzolari ham biror bir kishidan nega gazeta-jurnal oʻqimaysiz, deb soʻramadik. Vaholanki, vazifamiz faqat koʻchaga shagʻal yotqizish, simyogʻoch oʻrnatish, suv quvurlari tortish, kredit undirish kabi muammolarni hal qilish emas, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish ham edi. Maʼnaviy muhit qandayligini esa koʻrib turibmiz: kundan-kunga koʻpayayotgan oilaviy ajrashishlar, oʻz farzandining qotiliga aylanyotgan onalar, nomusini arzon garovga pullayotgan qizlar, bir-birini pichoqlayotgan yoshlar…
“Feysbuk” ijtimiy tarmogʻida Navoiy viloyatidagi nufuzli bir kasb-hunar kollejida ishlaydigan oʻqituvchi bilan doʻstlashdik. Sheʼriyatga qiziqar ekan. “Oila va jamiyat”da ishlashimni bilib, gazeta oʻqimasligidan xijolat boʻldi. Ertasiga “Gazetangiz menga juda yoqdi. Jiddiy muammolarni koʻtarar ekansizlar. Yoshlar tarbiyasi borasida mening ham oʻz fikr-mulohazalarim bor, sizlarga yozib tursam boʻladimi?” – dedi. Kollej gazetaga obuna boʻlgan, kutubxonada taxlami ham bor ekan.
Ustoz, men “Gazeta oʻladimi, qoladimi…” degan bahsga qoʻshilmayman. Bu esli-hushli odamning gapi, deb ham bilmayman. Oʻsha, oʻsmirlikdagi xulosam – xulosa: “Oilaning maʼnaviyati unga kirib borayotgan gazeta va jurnallar, bu xonadonda oʻqilayotgan kitoblar bilan oʻlchanadi. Maʼnaviy tanazzuldan qutilishning yoʻli – oʻqish. Matbuotning vazifasi esa jamiyatdagi talotoʻplar, urho-ur, sola-sollardan xabardor qilish emas, illatning ildizini aniqlash, unga qarshi kurashish, millatning maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni sof holda asrab qolishdan iborat. Bu mening gapim emas. Buni sizlar – ustozlar oʻrgatgansiz bizga.
Vohid Luqmonov,
Jurnalist
OʻzA