FUTBOL: Milliy terma jamoamiz Avstraliyada Livanga qarshi qaysi stadionda toʻp surishi maʼlum boʻldi

Ektor Kuper ustozligidagi milliy terma jamoamiz oʻquv-mashgʻulot yigʻini hamda ikkita oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazish uchun kecha Avstraliyaga joʻnab ketdi.
Milliy terma jamoamizning mazkur xorij safari haqida oldin xabar berganmiz. Futbolchilarimiz 15-noyabr kuni Avstraliyaning Brisben shahrida Livan terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushadi. Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiylari bugun Livanga qarshi oʻrtoqlik oʻyini boʻlib oʻtadigan “CBUS Super Stadium“ oʻyingohiga tashrif buyurishdi va bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Oʻsha yerda boʻlib turgan OʻFA matbuot xizmati vakillarining maʼlum qilishicha stadionda sharoitlar aʼlo darajada muhayyo qilingan. Stadion 27 000 nafar muxlisga moʻljallangan boʻlib, bu yerda “Gold coast United“ futbol jamoasi uchrashuvlarni oʻtkazadi. Bundan tashqari, “Gold coast Titans“ regbi jamoasi ham shu stadionda ishtirok etadi.
Oʻyingohda 25 nafar futbolchiga moʻljallangan ikkita kiyim almashtirish xonasi, muzli suv havzasi, jakuzi mavjud. Shuningdek, murabbiy futbolchilar bilan nazariy oʻquv jarayonlarini oʻtkazish uchun alohida xona ham bor. Stadion chimi aʼlo darajada, sifatli va chiroyli futbol namoyish qilish uchun tayyor.
Eng muhimi, barcha gap futbolchilarimizning Livanga qarshi uchrashuvda mazmunli oʻyin koʻrsatib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislarini xursand qilishida.

 

Oybek Yunusov, O’zA