Oʻzbekiston kubogi sohiblari sharaflandi

Joriy yilning 28-oktyabr va 9-noyabr kunlari nafaqat olmaliqliklar, balki Toshkent viloyati aholisi, ayniqsa, futbol muxlislari uchun yodda qoladigan boʻldi.

Boisi, aynan 28 oktyabr kuni Olmaliq shahrining AGMK futbol jamoasi oʻz tarixida birinchi bor Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritdi. Yodingizda boʻlsa, oʻsha kuni Fargʻonaning “Istiqlol“ stadionida poytaxtning “Paxtakor“ jamoasi bilan kechgan final bahsida AGMK jamoasi 3:1 hisobida zafar quchib, Oʻzbekiston kubogiga ega chiqqan edi.

Bungacha olmaliqliklar kubok bahslari doirasidagi 1/16 final bosqichida Haqqulobodning “Norin” jamoasini 1:0, 1/8 finalida Qarshining “Nasaf” jamoasini 2:1, yarim final bahsida esa “Bunyodkor”ni 2:1 hisobida magʻlub etgan edi. Shunday qilib, 28 oktyabr olmaliqliklar uchun tarixiy sanaga aylandi.

Ushbu sana bilan bir qatorda 9 noyabr ham unutilmas sanaga aylanishi, shubhasiz. Chunki aynan shu kuni AGMK futbol jamoasini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etilib, jamoaning tarixiy gʻalabasi shahar boʻylab keng miqyosda nishonlandi.

Tantanali tadbirda futbol mutaxassislari, viloyat va shahar faollari tomonidan mamlakatimizda sportga, xususan, millionlar oʻyini hisoblanmish futbolni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, pirovardida mazkur sport turida sezilarli rivojlanish kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Tarixiy natija qayd etgani uchun AGMK jamoasi aʼzolari va rahbariyat xodimlariga avtomobillar topshirildi. Jamoa gʻalabasini nishonlashga kelgan ashaddiy muxlislar uchun 500 kilogrammlik osh damlanib, mehmonlarga tarqatildi. Shuningdek, shahar boʻylab turli koʻngilochar tadbirlar va konsert dasturlari namoyish etildi.

Bayramona tadbirlar Oʻzbekiston chempionatining 30-turidan oʻrin olgan AGMK – “Qoʻqon-1912“ jamoalari uchrashuviga ulanib ketdi.

23.JPG
17.JPG
27.JPG
44.JPG

 

Avazbek Xudoyqulov, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA