Xalqaro seminar ishtirokchilari Ichan qalʼada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishadi

Ertaga – 12 noyabr kuni “Konservatsiya, restavratsiya va tiklash ishlarining dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro seminar ishtirokchilari Ichan qalʼada xitoylik mutaxassislar tomonidan madaniy meros obyektini restavratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish uchun Xiva shahriga joʻnab ketadi.
Bu haqda poytaxtimizda mazkur seminarning ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda maʼlum qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari K. Akilova va boshqalar Madaniyat vazirligi, Xitoy madaniy meros akademiyasi hamda mamlakatimizdagi sohaga aloqador bir qator tashkilotlar hamkorlikda tashkil etilgan seminar konservatsiya, restavratsiya va tiklash ishlarini olib borishda uchraydigan muammolarni mutaxassislar hamkorligida hal etish yoʻllarini izlash, nazariya va amaliyot uygʻunligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
99999.jpg
Seminarning Toshkent shahrida kuni kecha boshlangan nazariy masalalarga bagʻishlangan qismi bugun ham davom etmoqda. Unda Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan mutaxassislar, shuningdek, YUNЕSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Jahon banki vakillari ishtirok etayotir. Mamlakatimiz va xorijiy mutaxassislarning sohaga oid maʼruzalari tinglanmoqda.