Sarguzasht izlovchilar mintaqasi

Efiopiya shimoliy-sharqidagi Danakil vodiysi sayyoramizning hamon tadqiq etilmagan joylaridan biri hisoblanadi. Danakil Qizil dengiz sohillarida joylashgan boʻlib, yer yuzidagi eng xavfli mintaqalardan biri hisoblanadi.

Olimlarning soʻzlariga qaraganda, bu past tekislikda yashashga deyarli sharoit yoʻq, ammo shunga qaramay, odamlar istiqomat qiladi. Aholisi 90 million kishidan iborat Efiopiyaning mazkur mintaqasiga odam oyogʻi yetmagan, desak yanglishmagan boʻlamiz. Vodiyda jangariligi bilan dong taratgan “afar” elati vakillari yashaydi. Dashtda oʻzaro raqobatda boʻlgan ikkita qabila vakillari istiqomat qiladi. Koʻchmanchi Afarlar ikkiga – asaymar (qizillar) va adoymar (oqlar)ga boʻlinadi. Ularning har ikkisi “Danakilning haqiqiy xoʻjayinlari biz” deya daʼvo qiladi. Bu oʻz navbatida vaqti-vaqti bilan qurolli toʻqnashuvlar kelib chiqishiga sabab boʻladi.

Danakil – dahshatli vulqonlar, tuzli koʻl, zaharli gazga ega boʻlgan oʻlkadir. Mana shu kabi jihatlar joyga “Yer yuzining eng shafqatsiz joyi” degan nom berilishiga sabab boʻldi. Tinim bilmas sarguzasht izlovchi sayyohlar bu yerga kelish maqsadida har qancha mablagʻ boʻlsa-da berishlarini aytishadi.

Danakil – Efiopiya, Eritreya va Jibuti davlatlari chegaralarida joylashgan boʻlib, iqlimi haqida gapiradigan boʻlsak, hamisha issiq boʻladi. Havo harorati 40-50 daraja atrofida. Shu sababli ham Danakilni sayyoramizning eng issiq hududi deyish mumkin.

Mahalliy aholi Danakil vodiysini jahon sivilizatsiyasining beshigi, deyishadi. Aynan shu yerda 1974-yilda paleontolog olim Donald Joxanson tomonidan 3 million 200 ming yil avval yashagan xalq vakili boʻlmish odam suyaklari topilgan. Olimlar bu odamni “Lyusi” deb atashdi. “Lyusi” mansub boʻlgan odamlar nomaʼlum sabablarga koʻra, 2,5-3,5 million yil avval qirilib ketgani aytiladi. Tadqiqotchilar zamonaviy odamlarning ajdodi aynan shu “Lyusi” ekanini aytishadi.

Nevada universitetining Brayan Villmoar boshchiligidagi arxeologik ekspeditsiya aʼzolari bu yerdan ilk odamlarning jagʻ tishlarini topdi. Uning yoshi 2,8 million yilga teng ekani aytilmoqda. Bu avval insonning paydo boʻlishi toʻgʻrisida taxmin qilinganidan 400 ming yilga koʻpdir.

Danakil – sayyohlarning oʻz holicha yakka oʻzi sayohat qilishi mutlaqo imkoni boʻlmagan yer yuzidagi sanoqli mintaqalardan biridir. Bu borada gap sayyohlarning xavfsizligi haqida ketmoqda. Mintaqada radikal koʻz qarashdagi ARDUF (Afar inqilobiy demokratik birlashmasi) jangarilari faoliyat yuritadi. ARDUF xorijdan mablagʻ olib turadi va Afar muxtoriyati uchun kurashadi. Afarning yarmi qoʻshni Eritreya hududlari sifatida koʻriladi. Jangarilar mustaqillik yoʻlida asosan xorijliklarni garovga oladi. 2012-yilda Danakil vodiysining Erta-Ale vulqoni atrofida yevropalik besh nafar sayyoh oʻldirilgan edi.

Shuni taʼkidlash kerakki, Danakilda jamoat transporti deyarli faoliyat yuritmaydi. Shu sababli ham mintaqada qurilgan avtomobil yoʻlining kelajagi qorongʻiligicha qolmoqda. Danakil past tekisligida aholi punktlari yoʻq. Bu oʻz navbatida suv, taomxona, mehmonxona va yoqilgʻi quyish shoxobchalarining ham yoʻqligini anglatadi.

Vodiyga borish yoʻlida tuzli Endeli-Ragali koʻli boʻlib, uning yarmi Efiopiya, qolgan yarmi Eritriya hududlarida joylashgan. Koʻl yaqinidagi Dallol aholi punkti bor boʻlib, oʻtgan asr boshlarida bu yerda kaliy qazib olinardi. Hozir qishloqning vayronalarigina qolgan, xolos. Bu yerda oʻlaksaxoʻr qushlarni uchratish mumkin. Olimlarning fikricha, qushlar zaharli suvni ichishadi va shu sababli ham abadiy shu yerda qolib ketishadi.

Bu yerdan yuz yil avval boʻlgani kabi hozir ham tuyalar karvoni oʻtib turadi.

Danakil – yer yuzidagi eng seysmik faol hudud hisoblanadi. Soʻnggi bor bu yerda 2011-yilda Nabro vulqoni otilgan edi. Erta-Ale vulqoni yaqiniga borish ancha murakkab, buning uchun bir kun sarflanadi. Erta-Ale yaqiniga borib, kraterni oʻz koʻzingiz bilan koʻrishingiz mumkin. Mana shu vulqonni koʻrish uchun ham sayyohlar yuzlab kilometr yoʻlni bosib oʻtadi. Danakil Afrikaning eng baland togʻida joylashgan. Efiopiyadagi bu past tekislik yevropalik sayyohlar tomonidan XX asrning birinchi yarmida tasodif tufayli kashf qilingan. Ortga qaytishda albatta Mekele shahriga kirib oʻtishga toʻgʻri keladi.

Bir soʻz bilan aytganda Danakil vodiysi sayyoramizning noyob joylaridan b

iri hisoblanadi. Agar bu yerga qadam bosgudek boʻlsangiz, oʻzingizni boshqa sayyoraga tushgandek his qilasiz. Bu joyning tabiati yerniki deb emas, Marsniki deb atash toʻgʻriroq boʻladi. Bu yerga sayyohlar Marsni tasavvur qilish uchungina kelishadi. Danakilni sarguzasht izlovchilar mintaqasi desak yanglishmagan boʻlamiz. Volcano Discovery sayyohlik kompaniyasining asoschisi va rahbari germaniyalik vulqonshunos Tom Pfayfer taʼkidlaganidek, “odamlar yer yuzining eng jumboqli mintaqasiga kelishga qaror qilibdilarmi, ularni eng baxtli insonlar, deb atash mumkin”.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA