Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi: oʻtmish va bugunning koʻzgusi

Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi 100 yillik faoliyati mobaynida katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtdi.
1918 yil 476 ta shaxsiy toʻplam bilan ish boshlagan maskanning nodir ashyolari bugungi kunda yuz mingga yaqinlashib qoldi. Yildan-yilga qimmati oshayotgan bu osori-atiqalar minglab mahalliy va xorijiy muxlislarni oʻtmishni oʻrganishga undab, ular bugungi jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu maskan nafaqat tarixiy asarlari bilan, balki oʻzining qimmatli kutubxonasiga ham ega. Uning fondida oʻzbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, xitoy, yapon, koreys va boshqa tillardagi 23 mingdan ortiq noyob kitoblar saqlanmoqda.
Xoʻsh, mazkur madaniyat goʻshasi oʻzining yuz yillik tantanalariga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda? Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar muzey faoliyatiga qanday oʻzgarishlarni olib kirdi? Muzey ekspozitsiyasi va undagi qulayliklardan muxlislar mamnunmi?
OʻzA muxbirining Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi direktori Vasila Fayziyeva bilan boʻlgan suhbati shu savollar asosida boʻldi.
– Muzeyimiz chindan ham uzoq tarixga ega. Unda saqlanayotgan har bir asar oʻtmishdan, ota-bobolarimiz yashab oʻtgan davrlardan soʻzlaydi. Ayniqsa, qadimiy osori-atiqalar, zargarlik, kandakorlik, gilamdoʻzlik, kashtadoʻzlik, kulollik, meʼmorlik namunalari, qolaversa, tasviriy sanʼatimiz dargʻalarining eng sara asarlaridan tortib, Rossiya, Hindiston, Birma, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreyadan keltirilgan suratlar, bronza, chinni, fil suyagidan ishlangan yuzlab buyumlardan iborat toʻplamlar bu yerga keluvchilar eʼtiborini tortmasdan qolmaydi.
Muzey jamoasi doimiy ilmiy izlanishda boʻlib, yuz yillik tantanalarga taraddud ishlari joriy yilning ilk kunlaridan boshlangan edi. Hozirgi kunda ushbu sana munosabati bilan ilmiy xodimlarimiz muzey katalogini nashr ettirdi. Katalogda muzey fondi haqida maʼlumotlar mavjud. Kalendar, buklet va sovgʻabop buyumlar ham tayyor qilib qoʻyilgan. Shu bilan birga, joriy yilning oʻzida ilmiy xodimlarimiz tomonidan xalq amaliy sanʼati asarlari boʻyicha grant yutib olishga muvaffaq boʻlishdi. Ular mavzu doirasida yigirmadan oshiq ilmiy maqolalar yozdi. 2018-2020 yillarga moʻljallangan ushbu loyiha ham bevosita maskan tarixi va faoliyatini oʻzida ifoda etadi. Bundan tashqari, “Ipak yoʻlida turizm” deb nomlangan Toshkent xalqaro turizm koʻrgazmasida jamoamiz faol qatnashib, unda saksondan oshiq firmalar bilan shartnomalar tuzishga erishdik. Albatta, bu shartnomalar nafaqat xalqimizni, balki xorijliklarni ham muzeyga jalb qilishga keng imkoniyatdir.
– Albatta, bu kabi taraddud va qilingan ishlar kishini quvontiradi. Aynan muzeyning yuz yilligini nishonlash qay tarzda rejalashtirilmoqda?
– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi “2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini bajarish belgilangan. Ushbu hujjatga muvofiq, 2018-2020 yillarda muzeyimizda qurish va qayta qurish ishlari bajariladi. Muzeyda bu borada dastlabki ishlar boshlangan boʻlib, qurilish loyihasi boʻyicha smeta ishlab chiqilgan va hozir u tasdiqlanish jarayonida.
Shu ishlarga qaramasdan, joriy yilning noyabr oyida avangard asarlar koʻrgazmasini tashkil etish niyatidamiz. Yuz yillik yubiley munosabati bilan oʻtkaziladigan ushbu koʻrgazmaga vazirlik va tashkilotlar hamda viloyatlardan shu soha xodimlari taklif etiladi. Biz qutlugʻ sanani birgina koʻrgazma oʻtkazish bilangina chegaralanmasdan, balki xalqaro miqyosda nishonlash rejamiz ham bor. Muzeyda qurish, qayta qurish va taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng yuz yillik katta tayyorgarlik bilan oʻtkaziladi.
– Muzey fondi va uning saqlanish holati haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz. Fondning boyitilish jarayonlari qanday amalga oshiriladi?
– Muzey fondidagi mavjud ashyo va kolleksiyalarni saqlashning oʻziga xos meʼyoriy tartib va talabi bor. Oltmishdan ortiq ishchi va ilmiy xodim mehnat qilayotgan jamoaning asosiy maqsadi ham bu yerdagi noyob fondni asrash va ularni namoyish qilish, maʼnaviyat va sanʼatimiz namunalarini xalqqa targʻib qilish orqali maʼnaviy yuksak avlodlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishdir.
Oʻtgan yillar mobaynida muzeyda taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bu jarayonlarda bino devori oynaga almashtirilgan. Moviy rang bu oynaband devor koʻrinishdan juda koʻrkam, lekin quyoshning nuridan muzeyda namoyishga qoʻyilgan asarlarni asray olmaydi. Muzeyda tarixiy asarlar uchun moʻtadil harorat zarur boʻladi. Binodagi sovutish tizimlari ham ancha eskirgan. Shunga qaramasdan, bu nodir asarlarni asrab-avaylash choralari koʻrib kelinmoqda. Bor imkoniyatlardan foydalanib, fonddagi asarlarni oʻz holaticha saqlashga muvaffaq boʻldik. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi qarori bu kabi muammolarni bartaraf etishda muhim hujjat ekanini alohida taʼkidlamoqchiman. Bu borada boshlangan ishlar bizni ancha xotirjam qildi.
Muzeyda bir yilda 20-22 marotaba turli yoʻnalishlarda koʻrgazmalar oʻtkazilib kelinadi. Oʻtkazilgan koʻrgazmalarda taqdim etiladigan asarlar, rassomlarning shaxsiy koʻrgazmalari hamda fuqarolarning oʻzlari hadya etadigan sovgʻalar muzey fondiga kiritilib boriladi. Masalan, joriy yil muzey 500 dan oshiq asarlar bilan boyitildi.
Davlatimiz rahbarining madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga qaratgan eʼtibori tufayli muzey fondini mustaqillik davriga oid sara asarlar bilan toʻldirish maqsadida 2 milliard soʻm ajratildi. Hozir bu ishlarni amalga oshirish uchun maxsus komissiya faoliyat koʻrsatmoqda.
– Mahalliy va xorijlik muxlislar uchun qanday qulayliklar yaratilgan? Ular muzey faoliyatidan mamnunmi?
– Albatta, xursand. Chunki bu yerda ular moziyga sayohat qiladi. Axir, oʻzida katta tarixni mujassam etgan muzeydagi osori-atiqalarning eng qadimgisi antik davrga, aniqrogʻi, eramizgacha boʻlgan I asr va eramizning I – XIII asrlarga taalluqlidir. Bu yerda antik davrdan to shu kunga qadar boʻlgan xalqimizning boy merosi, qolaversa, Rossiya, Gʻarbiy Yevropa, Sharq mamlakatlari oʻtmishidan xabar beruvchi noyob asarlar saqlanmoqda.
Muzeyda tomoshabinlar uchun barcha sharoit yaratilgan boʻlib, bu ularning ushbu maskanda saqlanayotgan ashyolar haqida toʻliq tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Masalan, mahalliy va xorijliklar uchun oʻzbek, rus va ingliz tillarida gidlarimiz maʼlumotlar beradi. Bundan tashqari, bu yerda 10 dan ortiq audiogid faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ishlagan loyihamiz natijasida muzeyda Mobil ilova programmasi oʻrnatilgan. Har bir tomoshabin telefonga maxsus QR kodini muzeyda oʻrnatilgan Wi-Fi tizimi orqali oʻz mobil telefoniga yuklab oladi hamda bemalol eksponatlar bilan oʻzbek, rus va ingliz tillarida tanishib chiqadi. Unda muzey ekspoziyasi haqida toʻliq maʼlumotlar kiritilgan boʻlib, mahalliy, yoki xorijlik muxlislar gidning ishtirokisiz aylanib chiqishi mumkin.
– Muzey faoliyatida xalqaro hamkorliklarning qanday oʻrni bor?
– Muzeyimizni xalqaro darajadagi muzeylar qatoridan joy olishga erishish asosiy maqsadimizdir. Buning uchun esa muzeyning har jihatdan mukammal va zamonaviy koʻrinish kasb etishni taʼminlash zarur. Ayniqsa, muzey faoliyatida ilmiy va xalqaro hamkorliklarning ham alohida oʻrni bor. Shu bois bugungi kunda mazkur jamoaning Fransiyaning Parij shahridagi Luvr muzeyi, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi, Moskva shahridagi A.S.Pushkin nomidagi tasviriy sanʼati muzeyi, Qozogʻiston davlat milliy muzeyi, Moskvadagi Tretyakov davlat galereyasi, Tojikiston milliy muzeyi va boshqa bir qator muzeylar bilan oʻzaro ijodiy hamkorliklarni yoʻlga qoʻyganmiz. Masalan, Qozogʻiston davlat milliy muzeyida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati” koʻrgazmasi ham ana shunday hamkorlik natijasidir.
Kelgusi rejamiz parijliklarga Oʻzbekiston sanʼatini namoyish etishdir. Shu sabab 2021 yilda Luvr muzeyi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan koʻrgazmani oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Boʻlib oʻtadigan koʻrgazmaga muzeyimizdan 6 ta noyob arxeologiya ashyosi tanlab olingan. Ushbu kolleksiya mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan boshqa muzeylar kolleksiyalari bilan bir qatorda taqdim etishga tayyorlanmoqda. Aytish joizki, bunday xalqaro hamkorliklar nafaqat davlatlar oʻrtasida oʻzaro madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, balki tarix haqida ilmiy izlanishlar olib borishda fikrlar mushtarakligiga ham keng yoʻl ochadi.
– Eʼtiboringiz uchun rahmat!

 

OʻzA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi