O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5177-son Farmoni bilan valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish va valyuta siyosatini liberallashtirish, narxlar shakllanishining bozor mexanizmlarini joriy etish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha ta’sirchan choralar belgilandi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlarda birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarida o‘zaro hisob-kitoblarni huquqiy tartibga solishda norasmiy xorijiy valyuta bozorining faoliyat ko‘rsatishiga sharoit yaratayotgan hamda valyuta va moliyaviy tartibga solish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga to‘sqinlik kilayotgan ayrim bo‘shliqlar aniqlandi.

Valyutani tartibga solish sohasida davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, shuningdek, birja va ko‘rgazma-yarmarka bitimlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishning shaffof mexanizmlarini shakllantirish maqsadida:

1. Quyidagi tartib o‘rnatilsin, unga muvofiq:

birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari orqali hisob-kitoblar va o‘zaro hisob-kitoblar faqatgina birjalar va yarmarkalarda ro‘yxatdan o‘tgan bitimlar bo‘yicha amalga oshiriladi;

birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari hisob raqamlarida bo‘lgan mablag‘lardan foydalangan holda, pul talabnomasidan voz kechish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi;

import shartnomalari bo‘yicha tovar-xom ashyo birjalari yoki yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalarida norezident-sotuvchining hisob raqamiga o‘tkazilgan mablag‘lar faqatgina birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan eksport shartnomalari, bojxona bojlari, sud xarajatlari hamda birja shartnomalarini tuzish va ijro etish bilan bevosita bog‘liq xizmatlar (vositachilik yig‘imlari, brokerlik haqlari, transportirovka va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa xarajatlar) to‘lovlari uchun ishlatilishi mumkin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka birja va yarmarka savdolarining aniq chegarasini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha takliflarni, shuningdek, Birjalarda hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish koidalari loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

birjalar tomonidan birja savdolari qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat kilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 29-sentabr