Prezidentimiz “President Tech Award”da g‘olib bo‘lgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

21

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan muloqot doirasida “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” – “President Tech Award” loyihasi g‘oliblarining taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida 2023-yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda. Uning umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etadi.

Tanlovda sun’iy intellekt, ijtimoiy texnologiyalar, MicroSaaS va AdTech, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, o‘yin dasturlari hamda maxsus yo‘nalish – xakaton bo‘yicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.

Ilk tashkil etilgan tanlovda to‘rt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, ishtirokchilarning soni olti mingga yaqinlashdi. Jamoalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi.

Davlatimiz rahbariga tanlov g‘oliblari o‘zlarining startap loyihalari, ularning afzalliklari va amaliy samarasi xususida so‘zlab berdi.

– Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni ko‘rsatish lozim, – dedi Prezident.

Yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash orqali kelajak kasblariga zamin yaratilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildirayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga mablag‘lar yanada ko‘paytirilishini aytib, yoshlar o‘zlarining yangicha qarashlari va g‘oyalari bilan yana qaysi soha va yo‘nalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini berdi.