Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan birga ishlasa, ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi aytildi.
Masalan, o‘z ishlab chiqarishi deyarli yo‘q bo‘lgan, ichki bozorni to‘ldirish uchun 100 milliard dollarlik mahsulotni chetdan sotib oluvchi Iroq mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi.
Ular bizdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari to‘g‘risida deyarli tushunchasi bo‘lmaganini aytyapti. Ular Iroqda korxonalarimizning rasmiy distribyutorini ochib, Yaqin Sharq bozorlariga jadal kirib borishni reja qilyapti.
Natijada shu yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishga kelishildi.
Tegishli davlatlardagi elchilarimiz Vetnam, Bahrayn, Portugaliya bilan ham shu tartibda ishlab, hamkorlar topishi va bu bozorlarga kirish bo‘yicha ishlashi kerakligi qayd etildi.
O‘zA