Alisher Qodirov bolalar himoyasiga oid loyiha normasiga e’tirozi yo‘qligini bildirdi

Qonunchilik palatasining avvalgi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasidagi ayrim normalar muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.
Ya’ni, qonun loyihasida ta’lim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Muhokamalarda O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ta’lim-tarbiya berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilgani uchun pedagogni bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatishga oid normaga e’tiroz bildirgan edi va loyiha yetarli ovoz to‘play olmagan edi.
Mas’ul qo‘mita qonun loyihasi ustida ishladi va bugungi majlisda mazkur qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, 47-moddadagi “zo‘ravonlik sodir etish” degan qism “jismoniy zo‘ravonlik hamda uni kamsitish va xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash” degan tahrirda o‘zgartirildi.
Alisher Qodirov mas’ul qo‘mita deputatlarning takliflarini inobatga olganini e’tirof etdi:
— Takomillashtirilgan ushbu tahrirda zo‘ravonlik umumiy ko‘rinishda emas, aniq manzilli tarzda ifodalangan. Ya’ni, jismoniy zo‘ravonlik, bolani kamsitish, tahqirlash va xo‘rlash mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda. Mas’ul qo‘mita bizning takliflarimizni inobatga olgan. Bu tahrir o‘qituvchilarimizning haq-huquqlari to‘g‘ri himoya qilinishiga xizmat qiladi. Qonun ham aniq va to‘g‘ri ishlashiga olib keladi. Normaga e’tirozimiz yo‘q, — dedi Alisher Qodirov.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA