Sport federatsiyalarini reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari belgilanmoqda

10

Parlament quyi palatasi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur loyiha boʻyicha deputat Toʻychi Yoqubov batafsil maʼlumot berdi. Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli oʻtkazib borish, sport turlarini eʼtirof etish va ularning reyestrini yuritish tartibini takomillashtirish, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari belgilanmoqda.

Shuningdek, Milliy olimpiya va paralimpiya qoʻmitalarining huquqiy maqomi va vakolatlari, Paralimpiya, Surdlimpiya, Maxsus olimpiya va Koʻzi ojizlar sporti harakatlariga doir masalalar qonun darajasida belgilab qoʻyilmoqda.

Loyihada Sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi, trener, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham oʻz ifodasini topmoqda.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi ham belgilanib, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi takomillashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ish beruvchilar xodimlarning sport bilan shugʻullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishi koʻzda tutilyapti. Sport sohasidagi nizolarni sudgacha hal etish tartibini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomida unga kiritilgan oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berildi, deputatlarning takliflari asosida yanada takomilga yetkazilgani alohida taʼkidlandi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi sohani yanada rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etish, amaliyotda mavjud boʻlgan ayrim noaniqliklar va huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhokama va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi oʻqishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, OʻzA