Yoshlar huquqlari: amaliyot va xalqaro tajriba

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari sohasida yoshlar huquqi: amaliyot va xalqaro tajriba” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, siyosiy partiyalarning yoshlar qanotlari faollari, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotgani taʼkidlandi.

Joriy yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham keng nishonlanadi. Prezidentning 2018-yil 5-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni ham inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish tizimi yanada mustahkamlanishida muhim asos boʻldi.

Oʻzbekiston mazkur deklaratsiya asosida qabul qilingan xalqaro konvensiyalarga qoʻshilib, inson huquqi sohasida umumeʼtirof etilgan tamoyillarga sodiqligini namoyon etdi. Bu saʼy-harakatlar, ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu gʻoya asosida yanada rivojlantirildi.

Davra suhbatida yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamdagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar hamda Prezidentimizning farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu boradagi qonunchilikning joylardagi ijrosini taʼminlashda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Yoshlar huquqlarini taʼminlashda qator mamlakatlarning yondashuvi hamda umumeʼtirof etilgan xalqaro mezon va tajribalar tadbirda qizgʻin muhokama etilgan masalalardan biri boʻldi.

Mutaxassislar tomonidan rivojlangan davlatlarda yoshlar huquqlarini taʼminlashning huquqiy asoslari, bu borada erishilayotgan ijobiy natijalar tahlil qilindi. Yoshlarning parlament quyi palatasining norma ijodkorligi, qabul qilinayotgan yangi qonunlar mazmun-mohiyati hamda qonun loyihalari ustida ishlash jarayonlari, Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya faoliyati yuzasidan bergan savollariga batafsil javob berildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA