Senat: “qora bozor”da 550-600 million dollarlik tilla buyumlar norasmiy aylanmoqda

Qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun aniq javobgarlik choralari belgilanayotgani noqonuniy holatlarni bartaraf etadi.
Senat yalpi majlisida 2019 yilda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinganida “valyuta qimmatliklari” tushunchasidan qimmatbaho metall va toshlar chiqarib tashlangani ta’kidlandi. Bu esa, sud-tergov amaliyotida ularning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ishlarda javobgarlik masalasini ochiq qoldirgan.

Bu kabi huquqiy bo‘shliqlar “qora bozor”da noqonuniy muomala hajmining keskin oshishiga olib kelgan. So‘nggi 5 yilda qimmatbaho metall va toshlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 100 dan ortiq holat aniqlanib, qariyb 50 milliard so‘mlik oltin, kumush, olmos va zumrad musodara qilingan.
Qonunchilikdagi nomutanosibliklar qonuniy imtiyozlarga ega bo‘lgan 2 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektining ham faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.Bundan tashqari, “qora bozor”da 550-600 million dollarlik tilla buyumlar norasmiy aylanmoqda. Mustaqil oltin izlovchilar tomonidan topshiriladigan oltin hajmi 2020 yildagi 40 kilogrammdan 2023 yilga kelib 100 baravarga kamaygan.

Valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasida yuzaga kelgan huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun muhim o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Jinoyat kodeksining 177-moddasida hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun aniq javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Tushunchalarga aniqlik kiritildi. Xususan, qonunchilikka “qimmatbaho metallar” va “qimmatbaho toshlar” kabi yangi tushunchalar kiritilib, mavjud atamalar yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Majburiy sotuv uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasida valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA