“Innoweek–2025”: Global innovatsiya indeksida erishilgan natijalar tahlili
Global innovatsiya indeksining 2025 yilgi reytingida O‘zbekiston 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rinni egalladi. “Innoweek–2025” haftaligi doirasida “Global innovatsiya indeksi-2025: Milliy taqdimot” mavzusida o‘tkazilgan konferensiyada mamlakatimiz erishgan natijalar tahlil qilindi.
Reytingning tarkibiy indikatorlari O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bilan uzviy bog‘liqligi, ushbu indikatorlar bahosini yaxshilashning boshqa xalqaro reytinglarga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siri hamda mamlakatimizni 2030 yilga kelib, TOP-50 ta davlat qatoriga kirishini ta’minlash bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

Tadbirda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Iqtisodiyot va statistika departamenti boshlig‘i Sasha Vunsh-Vinsent ishtirok etdi hamda “O‘zbekistonning 2025 yilgi Global innovatsiya indeksi reytingida erishgan natijalar” mavzusida ma’ruza qildi. Mutaxassis o‘z chiqishi davomida oldinda turgan vazifalar yuzasidan fikr bildirdi va aniq takliflarni o‘rtaga tashladi.

O‘zbekiston reytingga ilk bor 2015 yilda qo‘shilgan bo‘lib, 141 ta mamlakat orasida 122-o‘rinni egallagan. Mamlakatimiz 2020 yilda 93-o‘rin, 2021 yilda 86-o‘rin, 2022 yilda 82-o‘rin, 2023 yilda 82-o‘rin va 2024 yilda 132 ta mamlakat orasida 83-o‘rindan joy olgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yildan-yilga o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA