Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyani tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi “Byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5446-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, respublikaning moliyaviy tizimini yanada mustahkamlash va takomillashtirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimining umumqabul qilingan xalqaro normalar va andozalarga muvofiqliligini taʼminlash maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlarning oʻzaro baholashning ikkinchi bosqichini oʻtkazish rejasiga muvofiq 2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini oʻzaro baholash rejalashtirilgan;

oʻzaro baholashning ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli oʻtishi va Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (keyingi oʻrinlarda FATF deb yuritiladi) tavsiyalari ijrosini taʼminlash maqsadida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar ishtirokida xavflarni milliy darajada baholash oʻtkazilmoqda.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyani (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) Komissiyaning ishchi organi xisoblanadi.

4. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq xavflarni baholash boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, shuningdek, uning asosida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini yanada rivojlantirishga va mustahkamlashga oid takliflar ishlab chiqish va choralar koʻrish;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

FATF tavsiyalaridagi talablarni va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga implementatsiya qilishni taʼminlash;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

5. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Quyidagilar zimmasiga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq xavflarni milliy darajada baholashni samarali tashkil etish va oʻtkazish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari Sh.X.Atabayevga – tijorat banklari va kredit tashkilotlari, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar xavflari boʻyicha;

b) Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari V.Yu.Pakka – lizing xizmatlarini va lotereyalar tashkil etishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, auditorlik tashkilotlari, sugʻurtalovchilar va sugʻurta vositachilari xavflari boʻyicha;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari J.B.Yunusovga – birja va rieltorlik tashkilotlari xavflari boʻyicha;

g) Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari A.J.Tashkulovga – notarial idoralar, advokatlik tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar xavflari boʻyicha;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari B.A.Olmatovga – pochta aloqasi operatori va provayderlari xavflari boʻyicha;

ye) Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktorining oʻrinbosari F.M.Karimovga – qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari xavflari boʻyicha.

7. Departament boshligʻi vazifasini bajaruvchi – Komissiya raisi oʻrinbosari D.F.Raximov jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq xavflarni milliy darajada baholash yuzasidan umumlashtirilgan hisobotni tayyorlash uchun masʼul etib belgilansin.

8. Departament manfaatdor vazirlik va idorlar bilan birgalikda:

kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish faoliyatiga jalb qilingan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning xodimlarini oʻqitish hamda ularning malakasini oshirish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 20-sentyabr